Pedagogik bilimdonlik deganda konkret tarixiy davrda qabul qilingan me’yorlar (normalar), standartlar va talablarga muvofiq pedagogik vazifani bajarishga qobillik va tayyorlik bilan belgilanadigan integral kasbiy-shaxsiy tavsifnoma tushuniladi.
Pedagogik innovatsiyalar deganda, pedagogik yangiliklarni o‘rganish, o‘zlashtirish, ularni baholash, foydalanish va amaliyotga tatbiq etish tushuniladi. Amaliyotchilarni ko‘proq yangilanishlarning aniq natijalari tashvishga solsa, olimlarni aksincha faoliyatga tegishli bo‘lgan bilimlar tizimi qiziqtiradi.
Pedagogik innovatika deganda, pedagogik yangiliklarni yaratish, ularning pedagogik jamoa tomonidan o‘zlashti-rilishi va baholanishi, ulardan amaliyotda foydalanish jarayonlarini o‘rganish tushuniladi. Pedagogik innovatika bu – pedagogik innovatsiyalarning yuzaga kelishi va rivojlanishi qonuniyatlarini o‘rganadigan, shuningdek pedagogik ana’nalar bilan kelajakdagi ta’lim loyihalarining o‘zaro aloqadorligini ta’minlaydigan fandir.
Pedagogik madaniyat – bu umuminsoniy madaniyatning bir bo‘lagi bo‘lib, unda eng avvalo, avlodlar almashinuvi va shaxsning ijtimoiylashuvi kabi tarixiy jarayon uchun xizmat qilishda insoniyat uchun zarur bo‘lgan ma’naviy va moddiy qadriyatlar aks etgan.
Pedagogik mahorat –pedagogik jarayonni bilish, uni tashkil eta olish, harakatga keltira olish, pedagogik jarayonning yuqori samaradorligini belgilovchi shaxsning ish sifati va xususiyatlari sintezi.
Pedagogik mehnat – mehnat turlaridan biri bo‘lib, unda o‘qituvchi va o‘quvchilar, moddiy va ma’naviy vositalar, mehnat shart-sharoitlari faol o‘zaro harakatda bo‘ladi. Qachonki, pedagogik faoliyat fan va amaliyotning zamonaviy yutuqlariga, mehnat jarayonini har tomonlama metodologik tahlil etish, barcha omillardan majmuaviy foydalanishga asoslansa, u holda uni ilmiy tashkil etilgan mehnat deb atash mumkin. O‘qituvchi mehnatini ilmiy tashkil etishga pedagogikaning alohida sohasi sifatida qaraladi.
Pedagog odobi umuminsoniy va milliy axloqning qonuniyatlari, vazifalari, tamoyillari, tushunchalari, talablari, mezonlarini ta’lim-tarbiya jarayonida oydinlashtirib, pedagogning ta’lim oluvchilar, kasbdoshlari, ota-onalar, ta’lim muassasasi rahbarlari bilan munosabatlarida namoyon bo‘ladigan kasbiy-axloqiy xususiyatlari yig‘indisidir. Pedagog odobi eng avvalo, tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning o‘zaro munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Biroq bunday yondashuv bir qadar cheklangan nuqtai nazar ekanligini ta’kidlash joiz. Zero, tarbiyachining kasbiy axloqi faqat tarbiyalanuvchilar bilan muloqoti jarayonidagina namoyon bo‘lmaydi, balki uning butun faoliyati davomida birinchi darajali ehtiyoj sifatida ifodalanadi. Boshqacha aytganda, pedagog odobi tushunchasi tarbiyachi dunyoqarashining hayotiy tizimini anglatadi. Pedagog odobi tushunchasining mazmuni axloqiylik bilan birga iqtisodiy, siyosiy, huquqiy jihatlarni ham o‘z ichiga qamrab oladi.