Axomaniylar davlati Doro I davrida shakllangan murakkab byurokratik tizim orqali boshqarilgan. Doroning maʼmuriy-pul islohotlari bosib olingan mamlakatlar ustidan boshqaruv va nazoratni yanada takomillashtirdi: davlat 20 ta harbiy-maʼmuriy satrapiya (okrug)larga boʻlinib, ularning tepasida maxsus amaldorlar (satraplar) turgan. Ular fors podshosiga ulkan miqdorda soliqlar (pul va natura holda) toʻlashgan. Doro I davrida yagona tanga pul birligi — 8,4 g oltin ogʻirligidagi doriq joriy qilingan. Sikl (1/20 doriq) mayda kumush tanga vazifasini oʻtagan. Ahamoniylar davlati etnik tarkibi va ijtimoiy ukladi boʻyicha turli-tuman boʻlgan. Uning tarkibiga Kichik Osiyo, Bobil, Finikiya va Misr kirib, ularning qishloq xoʻjaligi va hunarmandchiligida qullar mehnatidan keng foydalanilgan. Iqtisodiy jihatdan shunday rivojlangan mamlakatlar qatorida forslar saltanati tarkibiga Frakiya va Makedoniya kabi viloyatlar, shuningdek urugʻchilik tuzumining yemirilishi bosqichida turgan koʻchmanchi arab va skif qabilalari ham kirgan. Fors maʼmuriyati zabt etilgan mamlakatlarda eski mahalliy qonunlar, urf-odatlar, dinlar, pul tizimi, oʻlchov-ogʻirlik tizimi, yozuv va tillarni saqlab qolgan. Mahalliy tillar qatorida Ahamoniylar davlatining rasmiy idora tili boʻlgan oromiy tili ham keng tarqalgan. Eronda qadimgi fors va oromiy tilidan tashqari maʼmuriy ehtiyojlar uchun elam tilidan ham keng foydalanishgan. Forslar koʻpgina finikiy va yunon shaharlariga muxtoriyat berib, ayrim mamlakatlarda (masalan, Kilikiya, Sugʻdiyona va boshqalar) mahalliy shohlar va hokimlar sulolasini saqlab qolganlar, ibodatxonalarni soliq va toʻlovlardan ozod etganlar. Persepol bilan bir qatorda ahamoniylar Bobil, Suza va Ekbatanani poytaxt qilishgan.
Ahamoniylarning harbiy qudrati zaiflashishi bilan ularning davlati parchalanib keta boshlagan. Misr, Bobil, Midiya, Kichik Osiyo va boshqa mamlakatlarda koʻplab qoʻzgʻolonlar koʻtarilgan (mas, 522 yilda Midiyada Gaumata qoʻzgʻoloni va Margʻiyonadagi qoʻzgʻolon, 500 — 493 yillarda kichik osiyolik yunonlar qoʻzgʻoloni, 405 yil Misrdagi qoʻzgʻolon). Miloddan avvalgi 5-asr oxiridan boshlab satraplar muntazam suratda oʻzaro urush olib borganlar, baʼzan esa hatto podshohning oʻziga ham qarshi qurol koʻtarganlar. 500 — 449 yillardagi yunon-fors urushlari davridayoq fors qoʻshinining jangovarlik qobiliyati anchagina yoʻqotilgan. Miloddan avvalgi 330 yil Aleksandr Makedonskiy qoʻshini zarbalari ostida Ahamoniylar davlati qulagan. Turon xalqlarining Ahamoniylar davlatiga qarshi olib borgan kurashlari haqida: qarang Toʻmaris, Shiroq, Margʻiyona qoʻzgʻoloni.
Miloddan avvalgi VIII–VI mingyilliklar orasida Eronning ibtidoiy qabilalari termachilikdan dehqonchilikka, ovchilikdan esa chorvachilikka o`ta boshlaganlar. Miloddan avvalgi IV mingyillikdan boshlab esa Kamn, Kerxa va boshqa daryo vodiylarida yashovchi aholi sug`orma dehqonchilik bilan shug`ullana boshlaganlar. Dehqonlar omoch bilan yer haydab, motiga – ketmonchalar bilan ekinlarga ishlov berganlar. Dehqon va bog`bonlar arpa, bug`doy, tariq, sabzavot, olma, nok, olxo`ri, uzum kabi mevalar ekib, ulardan mo`1 hosil olganlar.