Mavzu: Ahmad Yassaviy ijodida tasavvuf g'oyalarining aks etishi REJA: I.KIRISH………………………………………………………………………2 MUSTAQILLIK DAVRIDA TASAVVUFONA ADABIYOTNING O'RGANILISHI………………………………………………………………3 II. ASOSIY QISM……………………………………………………………12 1.AHMAD YASSAVIY HIKMATLARIDA KOMIL INSON MASALASI.12 2. AHMAD YASSAVIY HIKMATLARI VA ULARNING TARBIYAVIY AHAMIYATI…………………………………………………………………20 III.XULOSA…………………………………………………………………..23 IV FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR…………………………………26
KIRISH Mustaqillik davrida diniy-tasavvufiy adabiyotga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Bir qancha ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Jumladan, Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyor, Sulaymon Boqirg`oniy, Huvaydo, Haziniy, Xilvatiy, Muhyi singari shoirlarning tasavvufiy ruhdagi asarlari nashr etildi.
Ahmad Yassaviyning ijodini keng miqyosda o‘rganish bitiruv malakaviy ishiimiz markazida ekan, bizgacha mavjud bo‘lgan yagona manba “Devoni hikmat”dan katta-katta ilmiy ishlar, doktorlik dissertatsiyalari, to‘plamlar va monografiyalar yozish mumkin. Yassaviy ba’zan mutasavvuf, ba’zan din allomasi, ba’zan shoir, ba’zan donishmand sifatida namoyon bo‘ladi. Bularning yagona va o‘zgarmas asosi uning ma’rifat targ‘ibotchisi ekanligidir. Yassaviy insonni tarbiyalash va mukammal bir holga yuksaltirish uchun bilim va shu bilan bog‘liq bir qancha vazifalarni asosiy maqsad qilib qo‘yadi.
Yassaviy o‘z fikr-qarashlarini xalq ommasiga asosan, she’riy shaklda hikmatlari orqali yetkazdi. Bu og‘zaki she’rlarni o‘zidan keyin muridlari nasldan naslga yetkazib keldilar. Yassaviyning bugunga qadar yetib kelgan asari “Hikmatlar” majmuasidir. Bu kitobning bevosita Yassaviy qalamiga mansubligi haqida turli fikr-mulohaza va ehtimollar bor. Chunki Yassaviy yashagan davrda uning sermazmun hikmatlari mukammal “Devoni hikmat” holiga keltirilmagan, bir necha qo‘lyozma tarzida ko‘paytirilgan, xolos. Lekin qo‘lyozma va tosh bosma nusxalar tadqiq etilsa, ularning bir-biridan farqli tomonlari seziladi. Chunki Ahmad Yassaviy tomonidan aytilgan hikmatlarni uning muridlari yozib olganlar. Keyinchalik bu she’rlar to‘planib, kitob holiga keltirilgan. Bu asarlar qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan, odamlar yod olishgan, Yassaviya darveshlarining yig‘inlarida hikmat o‘qish yoki yoddan aytish yassaviylik an’anasiga aylangan. Shunday jarayonlar mobaynida hikmat aytuvchilarning o‘z so‘zlari ham hikmatlar orasiga qo‘shilib ketgan. Shunday bo‘lsa-da, Yassaviyning hayoti, dunyoqarashi va kashf-u karomatlariga doir ko‘plab muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Devoni hikmat”birlamchi manba sifatida milliy-tarixiy va adabiy qimmatini hech qachon yo‘qotmaydi.