Litosferadagi o'zgarishlar — tuproqlarning ifloslanishi. Davrlar o'tishi bilan, umuman, Yer yuzasi qatlamlarining tarkib-tuzilmasi va sifat ko'rsatkichlari ham o'zgarib borayotgani kuzatilmoqda. Odamlarning Yer yuzida ko'payishi, ya'ni demografik omil sabab, hozir inson oyog'i yetmagan joy qolmadi ham desak, aslo xato bo'lmaydi. Boshqacha aytganda, odamzod yashamaydigan tabiiy holatdagi hududlar yildan — yilga keskin kamaymoqda. Shu narsa ham yaxshi ma'lumki, inson qayerda yashamasin —o'z ehtiyojlarini, asosan, tabiat hisobiga qondirishga harakat qiladi. Shu bilan birga. turli-tuman ishlab chiqarish korxonalarini barpo etadi va turli xil texnika vositalari, turli ko'rinishdagi transportlardan foydalana boshlaydi. Buni natijasi nimalarga olib kelishi esa, yuqorida bayon qilingan ma'lumotlardan juda yaxshi ko'rinib turibdi.
Masalaning boshqa tomoni, ya'ni insoniyat faoliyati (antropogen omil) natijasida, nafaqat litosferaning tarkib — tuzilmasi, Yerdagi barcha tabiiy manbalar holati, shuningdek, yer landshaft manzarasida ham keskin o'zgarishlar sodir bo'lmoqda. Fikrimiz isboti uchun quyida misollar keltiramiz.
Ko'pchilikka yaxshi ayonki, hozirgi davrda, turli — tuman sanoat korxonalari, energetika tarmog'i va boshqa sohalarni xomashyo bilan ta'minlash maqsadida litosfera qa'ridan tabiiy gaz, neft, ko'mir va boshqa har xil ma'danli va ma'dansiz minerallar qazib olinmoqda. Xuddi shuningdek, yer osti suvlaridan ham jadal sur'atlarda foydalanilmoqda. Natijada, nafaqat tabiiy manbalar zahiralarining kamayishi, hatto, litosfera qatlamlari tarkibida har xil ko;rinish va hajmlarda bo'shliqlar paydo bo'lishi bilan Yer qatlamlari siljishlari kuzatilmoqda ham.