Ma’lumki, O’zbekistonda auditorlik faoliyatini tartibga solishda amaldagi 2ta jamoat tashkiloti, jumladan: O’zbekiston Auditorlar Palatasi va O’zbekiston Buxgalterlar va Auditorlar Milliy Assotsiatsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.
O’zbekiston Auditorlar Palatasi (O’AP). O’zbekiston Auditorlar Palatasi nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanib, mustaqil sertifikatlangan auditorlar va auditorlik tashkilotlarini ixtiyoriylik asosida birlashtiradi. O’APning maqsadi auditorlarning professional darajasini rivojlantirish va qo’llab-quvvatlash, davlat va jamoat organlarida o’z a’zolarining qonuniy huquq va professional manfaatlarini himoya qilish, axborot aloqalarini ushlab turish, professional sohada sodir bo’layotgan barcha o’zgarishlar haqidagi barcha zaruriy axborotlar bilan ta’minlash bo’lib hisoblanadi.
Asosiy vazifalari:
Palata a’zolarining nomoddiy manfaatlari va madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini himoya qilish bo’yicha chora-tadbirlarni tashkil etish;
auditorlik xizmatlari bozorini institutsional, me’yoriy-huquqiy asoslarini rivojlantirish va takomillashtirish masalalarida auditorlik tashkilotlarini muvofiqlashtirish va birlashtirish;
audit sifati standartlarini ishlab chiqish va takomillashtirish, auditorlik xizmatlari bozorining shaffofligini oshirish bo’yicha chora-tadbirlarni tashkil etish, halol raqobatni rivojlantirish;
Palata a’zolarini audit sifati standartlari va Ahloq Kodeksini so’zsiz bajarish bo’yicha ishlarni tashkil etish;
auditor malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlari topshirish, o’qitish va o’tkazish tartibi, dasturlari, uslubiy qo’llanmalarni ishlab chiqish;
auditorlar va buxgalterlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo’yicha kurslar tarmog’ini yaratish, Xalqaro Buxgalterlar Federatsiyasi (IFAC) talablariga muvofiq auditor va buxgalter xodimlarini professional darajasini oshirishga ko’maklashish;
buxgalter va auditor kasbining jozibadorligini oshirish, buxgalteriya hisobi va auditni rivojlantirish maqsadida hududiy, respublika va xalqaro konkurs, simpozium, konferentsiya va seminarlar tashkil etish;
Tashkiliy tuzilishi:
O’zbekiston Auditorlar Palatasi 2000 yil avgustda tashkil etilgan. Bugungi kungacha O’AP Respublikaning 8ta hududida o’z faoliyatini kengaytirdi. O’AP qoshida ahloq, metodologiya, a’zolik, tashqi sifat nazorati qo’mitalari tashkil etildi va faoliyat ko’rsatmoqda.
O’AP Evrosiyo sertifikatlangan buxgalterlar va auditorlar kengashi(«ESBAK»)ning doimiy a’zosi hisoblanadi va Markaziy Osiyo respublikalarining boshqa jamoat tashkilotlari bilan doimiy hamkorlik qiladi.
Xalqaro Buxgalterlar Federatsiyasi(IFAC)ning 2013 yil 14 noyabrda Seul(Janubiy
Koreya)da bo’lib o’tgan Kengashi yig’ilishida O’AP Xalqaro Buxgalterlar Federatsiyasi(IFAC)ning uyushgan a’zosi bo’ldi.
O’zbekiston Auditorlar Palatasi a’zoligi:
O’AP a’zoligi 4 shaklga ko’ra farqlanadi:
Faxriy a’zolik – auditorlik faoliyati rivojiga yuqori hissa qo’shgan professional auditorlar hamda buxgalteriya hisobi va audit sohasida ilmiy darajaga ega bo’lgan oliy o’quv muassasalari o’qituvchilari.
Haqiqiy a’zolik – O’AP Ustavini tan olgan va Auditor Ahloq Kodeksiga amal qiluvchi, buxgalteriya hisobi va audit sohasida 5 yildan kam bo’lmagan amaliy tajribaga ega, barcha xalqaro buxgalter malaka imtihonlarini topshirgan professional auditorlar.
Uyushgan a’zolik – professional auditorlik tashkilotlari.
A’zolikka nomzodlar - O’AP Ustavini tan olgan va Auditor Ahloq Kodeksiga amal qiluvchi professional auditor va buxgalterlar.
O’zbekiston Buxgalterlar va Auditorlar Milliy Assotsiatsiyasi (O’zBAMA). O’zBAMA sertifikatlangan buxgalter va auditorlarni ixtiyoriylik asosda birlashtirgan jamoat tashkiloti hisoblanadi. O’zBAMAning maqsadi professional buxgalter va auditorlarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishga ko’maklashish, ta’lim dasturlari va kurslarini o’tkazish yo’li bilan malakasini oshirish, assotsiatsiya a’zolari maqomini xalqaro darajaga etkazish maqsadida maslahat xizmatlarini ko’rsatish hisoblanadi.
Asosiy vazifalari
O’zbekiston Respublikasida buxgalter va auditor kasbining rivojlanishi va ularning malakasini Xalqaro Buxgalterlar Federatsiyasi(IFAC)ning a’zoligi mezonlariga javob beradigan xalqaro standartlarga yaqinlashtirish;
O’zbekistonda bozor islohotlarini o’tkazishda faol qatnashish;
buxgalteriya hisobi va audit sohasida me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda qatnashish va ularni takomillashtirish uchun takliflar taqdim etish;
Xalqaro Buxgalterlar Federatsiyasi(IFAC) talablariga muvofiq sertifikat olish uchun malaka imtihonlarini o’tkazish, buxgalter va auditorlarga qo’yilgan malakaviy talablarni ishlab chiqish;
Sertifikatlangan buxgalter va auditorlar Ahloq Kodeksiga rioya qilinishi ustidan nazorat;
Buxgalteriya hisobi va auditni rivojlantirish maqsadida hududiy, respublika va xalqaro simpozium, konferentsiya va seminarlar tashkil etish;
Buxgalter va auditorlarga professional huquqlarini himoya qilish maqsadida uslubiy, maslahat va axborot yordamini ko’rsatishga ko’maklashish;
Xalqaro maqomga ega bo’lish maqsadida buxgalter va auditorlarning xalqaro professional tashkilotlari bilan o’zaro hamkorlik aloqalarini o’rnatish.