Mavzu. Axborot xurujiga qarshi yoshlarda ogohlik tuygularini tarbiyalash kirish I bob. Axborot xuruji va ogohlikning nazariy-metodologik asoslari


Yuksak axborot madaniyati – axborot resurslaridan ratsional foydalanish sharti



Yüklə 340,5 Kb.
səhifə19/26
tarix07.06.2023
ölçüsü340,5 Kb.
#126351
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   26
G`olib disertatsiya eng yangi

3.2. Yuksak axborot madaniyati – axborot resurslaridan ratsional foydalanish sharti
Internet-makonning shaxs negativ ijtimoiylashuviga sabab bo‘layotgan kontentlarini yo‘qotish, bekor qilish, ihotalab qo‘yish imkonsiz masala. Buning uchun yoki internetni taqiqlash, yoki uning ishlashini muayyan chegaralarga solish, yoki jamiyat a’zolarining undan foydalanishini cheklash zarur bo‘ladi. Axborot asrida mazkur echimlarning har biri ayanchli iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va mafkuraviy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Binoba-rin, internet-makonning shaxs ijtimoiylashuvi jarayoniga pozitiv ta’sirini ta’minlashning yagona yo‘li foydalanuvchining o‘zini o‘zgartirish, uning ma’naviy dunyosini boyitish, yanada aniqroq aytganda, uni internet-makon imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga o‘rgatish bilan bog‘liq. Buning uchun eng avvalo shaxsda yuksak axborot va axloqiy madaniyatlarni shakllantirish zarur bo‘ladi. Mazkur paragrafda “axborot madaniyati” tushunchasining mazmuni, uni shakllantirish zaruriyati va internet-makon resurslaridan ratsional foydalanishdagi roli haqida fikr yuritamiz.
Tarixiy taraqqiyotning barcha davrlarida insoniyat o‘z hayotiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning xavfsizligini ta’minlash, ko‘zda tutgan maqsadlariga erishish uchun muayyan axborotlarga ehtiyoj sezib kelgan. Darhaqiqat, ibtidoiy jamoa sharoitidayoq tanovul qilish uchun egulik topish, qabila xavfsizligini ta’minlash, qabiladoshlar va o‘zga qabila vakillari bilan munosabatlarni tashkil qilish avvalo turfa ma’lumot va axborotlarga ega bo‘lishni taqozo qilardi. Kishilik jamiyati takomil topgani, undagi muno-sabatlar murakkablashgani sayin axborotga bo‘lgan ehtiyojlarni kuchaytiruvchi omillar ham ko‘paydi. Bunga mutanosib ravishda odam bolasi mazkur ehtiyojlarni qondirishning turfa yo‘llarini topa bordi. Dastlab katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan qariyalar turli axborot va ma’lumotlarni jamlagan hamda kishilarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondira oladigan manba bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik bu manbalar ham mazmunan va tarkiban rivoj topdi. Vaqt o‘tishi bilan bunday manbalar turkumi ko‘plab ma’lumotlarni o‘zida kumulyasiya qilgan hamda jamiyat a’zosiga etkazish imkoniyatlariga ega bo‘lgan oila, jamoa, diniy markazlar, so‘ngra ta’lim muassasalari, kutubxonalar, teatrlar, kinoteatrlar, musiqa maskanlari, muzeylar evaziga boyidi.
Mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, shaxs axborot madaniyatining shakllanishi uzoq tarixga ega. Bu jarayon insoniyat taraqqiyotining barcha davrlarini qamrab olgan va uzluksiz davom etgan. Biroq odam bolasining axborot olish, uni saqlash, qayta ishlash bilan bog‘liq ko‘nikma va malakalarini, turli axborot manbalari va texnologiyalaridan foydalanish uquvini ifodalovchi tushunchaning o‘zi o‘tgan asrning 50-60-yillaridan e’tiboran ilmiy muomalaga kirib keldi.SHu vaqtdan e’tiboran mamlakatimizda ham57, xorijda ham58 shaxs axborot madaniyati bilan bog‘liq ilmiy problematika faol tadqiq qilindi. “SHaxs axborot madaniyati bilan bog‘liq muammolarni kun tartibiga qo‘yishga sabab bo‘lgan tarixiy zaruriyat XX asrning 50-60 yillaridan boshlangan aloqa texnik vositalarining rivoji bilan bog‘liq bo‘ldi, mazkur vositalar taraqqiyoti ijtimoiy jarayonlarni sezilarli ra-vishda jadallashtirdi hamda axborot fenomeniga e’tiborni jalb qildi.”59
Taqdim qilingan ilmiy ishlarda nafaqat “shaxs axborot madaniyati” tushunchasining mazmuni ochib beriladi, balki uning tarkibiy tuzilishi va darajalari ham tasvirlanadi. To‘g‘ri, mutaxassislar uning tarkibini turlicha belgilaydilar va talqin qiladilar. Buning sababi shundaki, tadqiqotchilar shaxs axborot madaniyati tarkibini har xil nazariy pozitsiyadan o‘rganadilar. Ularning bir guruhi shaxs axborot madaniyatini dinamik fenomen sifatida tasavvur qiladi. Bu mutaxassislarning fikriga ko‘ra, shaxs axborot madaniyati muttasil o‘zgarib va rivojlanib borgan, shu boisdan u turli davrda turlicha tarkibiy elementlarga ega bo‘lgan. Ikkinchi guruh mutaxassislarining ta’kidlashicha, shaxs axborot madaniyati statik xarakterga ega. Binobarin, uning tarkibiy tuzilishi o‘zgarmasdir.60 Bizning fikrimizcha, shaxs axborot madaniyati tarkibi barcha davrlarda hamma mamlakatlarda bir xil elementlarni o‘z ichiga oladi, faqat mazkur elementlarning xarakteri davr o‘tishi bilan turli shart-sharoitlar va omillar ta’sirida o‘zgara boradi. Ayni paytda bir vaqtda bir jamiyatda umrguzaronlik qilgan kishilarning axborot madaniyati elementlari turli ko‘rinishlarga ega bo‘lishi ham mumkin. Umumiy kontekstda fikrlaganda, shaxs axborot madaniyati tarkibi quyidagi elementlarni o‘z ichiga oladi:

  • axborot ehtiyoji; har bir inson umri davomida turli axborotlarga ehtiyoj sezadi. Bu ehtiyojlar insonparvarlashgani va optimallashgani, axoq normalariga moslashgani sayin uning axborot madaniyati ham yuksaladi;

  • axborot olish mustaqilligi; jamiyat a’zosi o‘zining axborotga bo‘lgan ehtiyojini turli manbalar orqali qondirishi mumkin. Bunday manbalarning mustaqil belgilanishi axborot madaniyatining shakllanganidan dalolat beradi;

  • axborot olish malakasi; jamiyat a’zosi o‘zining axborotga bo‘lgan ehtiyojini turli yo‘llar bilan qondirishi mumkin. Bunday yo‘llarning optimal belgilanishi axborot madaniyatining shakllanganini ko‘rsatadi;

  • intellektual erkinlik; muayyan axborotga ega bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. Ayni paytda uni tahlil qila bilish va baholash ham zarur. Bunday ko‘nikma va malakalar intellektual jihatdan erkin shaxsdagina mavjud bo‘ladi. SHu boisdan, faqat intellektual erkinlikka ega insonni yuksak axborot madaniyatiga ega shaxs sifatida e’tirof etish mumkin;

  • dezinformatsiya va manipulyasiyalardan himoyalanish malakasi; qabul qilingan axborotlarning hammasi ham ob’ektiv va haqqoniy xarakterga ega bo‘lavermaydi. Ularning ayrimlari kishilarni chalg‘itish, aldash va ayrim hatti-harakatlarga undash maqsadida tayyorlagan bo‘lishi ham mumkin. Axborot madaniyatiga ega bo‘lgan shaxs ana shunday axborotlardan o‘zini muhofaza qila oladi;

  • axborot almashinish va tarqatishdagi mas’uliyat; qabul qilingan axborotni boshqalarga etkazish muayyan mas’uliyatni zimmaga olishni taqozo qiladi. Tekshirilmagan, haqiqatdan yiroq axborotlarning tarqatilishi dezinformatsiyaga, tuhmatga sabab bo‘lishi mumkin. Axborot madaniyati shakl-langan shaxs bu boradagi mas’uliyatini chuqur his qiladi.

Mazkur tarkibiy elementlar shaxs axborot madaniyatining shakllan-ganligi darajasini aniqlovchi mezon vazifasini ham o‘taydi. A. Dulatova va N.Zinovevalar bu mezonlarga asoslanib, shaxs axborot madaniyatini uch da-rajaga tasniflaydilar:

  • quyi daraja; axborot madaniyati quyi darajada shakllangan shaxs axborotlarni shunchaki iste’mol qilish, qanday mazmunda qabul qilgan bo‘lsa, shunday mazmunda talqin qilish va etkazish bilan cheklanadi;

  • o‘rta daraja; axborot madaniyati o‘rta darajada shakllangan shaxs o‘z axborot ehtiyojlarini yaxshi anglaydi, shu boisdan mazkur ehtiyojlarni qondiradigan axborotlarni o‘zlashtirishda faollik ko‘rsatadi;

  • yuksak daraja; axborot madaniyati o‘rta darajada shakllangan shaxs o‘z ehtiyojlariga mos bo‘lgan axborotlarni ongli va maqsadga muvofiq tarzda o‘zlashtiradi, ularni tahlil qiladi va hayotiy faoliyatida qo‘llaydi.61

Internet-makonning shaxs ijtimoiylashuvi jarayoniga murakkab ta’siri jahonning barcha davlatlarini jamiyat a’zolarining axborot madaniyatini oshirish masalalariga e’tiborni kuchaytirishga majburlamoqda. SHu maqsadda fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini optimallash-tirish, axborot olish va undan foydalanish ko‘nikma va malakalarini takomillashtirishga xizmat qiladigan turfa modellar ishlab chiqilmoqda va amaliyotga tatbiq etilmoqda. Masalan, Taganroglik qator olimlar qayd qilishicha, AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada bu borada quyidagi modellarga tayaniladi:

  • ma’rifiy-axborot modelidan axborot madaniyatiga doir kulturologik, estetik, ijtimoiy-madaniy nazariyalarni va uning tarixini o‘rganishda foydalaniladi;

  • tarbiyaviy-axloqiy modeldan axborot olami bilan bog‘liq axloqiy, diniy, falsafiy muammolarni talqin qilish va tushuntirishda foydalaniladi;

  • amaliy-utilitar modeldan axborotlarni qabul qilish, saqlash va uzatish imkonini beradigan texnika vositalari bilan ishlashni o‘rgatishda foydalaniladi;

  • estetik modeldan estetik ahamiyatga molik axborotlarni badiiy did bilan tanlash, ularni tahlil qila bilish malakasini shakllantirishda foydalaniladi;

  • ijtimoiy-madaniy modeldan axborotlarni tanqidiy baholash, tahlil qilish va ijodiy qayta ishlash malakasini shakllantirishda, ijodkor shaxsni voyaga etkazishda foydalaniladi.62

Professor A.V.Fedorov o‘z maqolasida Germaniya, Avstriya va SHveysa-riyaning axborot madaniyatini yuksaltirish borasidagi tajribalarini umumlashtiradi. Uning yozishicha, xususan, Germaniyada, bu borada quyidagi konsepsiyalarga tayanilmoqda:

  • tanqidiy va tahliliy tafakkurni rivojlantirish konsepsiyasining asosiy vazifasi axborotlarni tanqidiy qabul qilish malakasini shakllan-tirishdan iborat;

  • amaliy konsepsiyaning asosiy vazifasi mediatexnika bilan ishlash-ga o‘rgatishdan iborat;

  • ijtimoiy-ekologik konsepsiyaning asosiy vazifasi axborotlar bilan ishlash ko‘nikmalarini hosil qilishdan iborat;

  • axborot-texnologik konsepsiyaning asosiy vazifasi yangi axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish malakalarini rivojlantirishdan iborat.63

Jamiyat a’zolarida axborot madaniyatini shakllantirish masalalariga Avstriyada ham katta e’tibor berilmoqda. Mamlakatda 1973 yildan buyon boshlang‘ich va o‘rta maktabda mediata’lim saboqlari beriladi. Ushbu jarayon Ta’lim vazirligi huzurida tashkil qilingan mediapedagogika bo‘limi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Oliy ta’lim maskanlarida axborot ma-daniyatiga bag‘ishlangan maxsus kurslarning o‘tilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari barcha yirik shaharlarda mediamarkazlar tashkil etilgan bo‘lib, mazkur markazlar aholining axborot savodxonligini oshirish masalalari bilan shug‘ullanadi. Buning ustiga, mazkur sa’y-harakatlar maxsus ilmiy va uslubiy maqolalar tayyorlash orqali qo‘llab-quvvatlab borilmoqda. Keyingi yillarda mamlakatda AFMK (“Mediakompetentlilikni qo‘llab-quvvatlash harakati”) assotsiatsiyasi faoliyati faollashmoqda.64 Xullas, bir so‘z bilan aytganda, XXI asrga kelib, jahonning barcha mamlakatlarida fuqarolarning axborot madaniyatini yuksaltirish masalasi umumijtimoiy ma’rifiy vazi-falardan biriga aylanib ulgurdi.

Yüklə 340,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   26




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin