Mavzu. Banklar va bank tizimi.
Reja
1. Banklar haqida tushuncha.
2. O`zbekiston Respublikasi bank tizimi.
3. Markaziy bank.
Moliya bozoridagi operatsiyalar moliya muassasalari vositasida amalga oshiriladi. Bunday mussasalarga turli xil banklar, birjalar, depozitariylar, sug’urta kompaniyalari, investitsiya fondlari, agentliklar va h.k.lar kiradi.
«Bank» tushunchasi qadimiy fransuzcha bang va banca so’zlaridan kelib chiqqan bo’lib, «sarrof kursisi, do’koni» degan ma’noni anglatadi. Bunday tushuncha tarixchilarning taxminan 2000 yil muqaddam faoliyat ko’rsatgan bankirlar haqidagi ma’lumotlarida ham mavjud.
Pul munosabatlarining rivojlanishi banklarni yuzaga keltirgan. Bank iqtisodiyot ishtirokchilarining pul yuzasidan bo’lgan aloqalariga xizmat qiluvchi institut (muassasa)dir. Pul bilan bog’liq xizmatlarni ko’rsatuvchi tashkilotlar ko’p, ammo ularning markazida banklar turadi. O’zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to’g’risida»gi qonunida, bank nima, degan savolga quyidagicha javob topish mumkin:
Bank - tijorat tashkiloti bo’lib, bank faoliyati deb hisoblanadigan faoliyat turlari majmuini amalga oshiradigan yuridik shaxsdir.
O’zbekistondagi bank tizimi O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki, aktsiyadorlik-tijorat banklari va xususiy banklardan iboratdir. 2023 yil 1-yanvar holatiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi bank tizimi 32 tijorat bankini o’z ichiga oldi.
Banklar pul olamini harakatga keltiruvchi motor - yurak, pul bilan bo’ladigan hisob-kitoblarni amalga oshiradi. Hamma pul to’lovlari (transfertlar) banklar orqali o’tadi. Banklar quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
- pul va qimmatli buyumlarni omonatga olib, saqlab beradi;
- pul bilan bo’ladigan hisob-kitob opretsiyalarini, xususan, pul to’lash
ishlarini bajaradi;
- chet el valyutasini sotadi va sotib oladi;
- o’z qo’lidagi pulni qaytarish, foizlilik va muddatlilik sharti bilan unga (muhtojlarga) qarz (ssuda)ga beradi, ya’ni, kredit bilan shug’ullanadi;
- o’z puliga aktsiya sotib olib, uni boshqa sohaga joylashtiradi;
- biznes yuzasidan maslahat beradi va hokazo.
Bank ishi pul olamida bo’ladigan biznesdir. Bank biznesi foyda topish maqsadida yuritiladi.
Markaziy bankning monopollik mavqei uning mamlakatdagi pul va pirovard natijada iqtisodiy barqarorlik uchun alohida javobgar ekanligi bilan chambarchas bog’liq.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bosh maqsadi va asosiy vazifalari quyidagilar:
“Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashdan iborat.
Asosiy vazifalari:
Monetar siyosatni hamda valyutani tartibga solish sohasidagi siyosatni shakllantirish, qabul qilish va amalga oshirish;
Qzbekiston Respublikasida hisob-kitoblarning samarali tizimini tashkil etish va ta’minlash;
Banklar, kredit uyushmalari va garovxonalar faoliyatini litsenziyalash hamda tartibga solish, banklar, kredit uyushmalari, garovxonalarni nazorat qilish, qimmatbaho qog’ozlar blankalari ishlab chiqarishni litsenziyalash;
O’zbekiston Respublikasining rasmiy oltin valyuta rezervlarini, shu jumladan kelishuv bo’yicha hukumat rezervlarini saqlash va tasarruf etish;
Davlat byudjeti kassa ijrosini Moliya vazirligi bilan birgalikda tashkil etishdan iboratdir.
Tijorat banklari Markaziy bankda o’z qisqa muddatli va o’rta muddatli majburiyatlaridan muayyan foiz hajmida eng kam zahira deb yuritiladigan foizsiz omonatlarni saqlashga majbur.
Markaziy bank banklar faoliyatini nazorat qilishda o’zining mintaqaviy bo’linmalari orqali kredit muasasalaridan majburiy ravishda axborot, oylik hisobot va yillik yakuniy balans ma’lumotlarini taqdim etish asosida qatnashadi.
Kredit muassasalarining bo’ysinishiga qarab bank qonunchiligi hamda kredit tizimining pastdan yuqoriga tomon tarkibiy tuzilishiga muvofiq tarzda bank tizimini ikki asosiy: bir bosqichli va ikki bosqichli turga ajratish mumkin.
Bir bosqichli bank tizimi doirasida barcha kredit muassasalari, jumladan, Markaziy bank ham, yagona bosqichda turadi hamda mijozlarga kredit - hisob xizmati ko’rsatishda bir xil vazifalarni bajaradi.
Ikki bosqichli tizimda banklar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar bo’yiga (vertikal) va eniga (gorizontal) yo’nalishlarida tuzilishiga asoslanadi. Vertikal – rahbarlik qiluvchi, boshqaruvchi markaz hisoblangan Markaziy bank bilan quyi bo’g’inlar – tijorat va ixtisoslashgan banklar o’rtasidagi bo’ysunish munosabatlari, gorizontal-turli quyi bo’g’inlar o’rtasidagi teng huquqli sheriklik munosabatlari tushuniladi.
O'zbekiston banklari milliy iqtisodiyotga ta'sir etuvchi qudratli tuzilmaga aylanish uchun rivojlanishning uzoq evolyutsion, ya'ni tadrijiy yo'lini bosib o'tishiga, anchagina mashaqqatlarni bartaraf etishiga to'g'ri keldi
Dostları ilə paylaş: |