Nomustaqil kesim. Ayrim kesim sodda gap tarkibida boshqa, qo`shma gap tarkibida boshqa ma’no beradi: Salim kelsa, men boraman gapi tarkibidagi ergash gapning kesimi “shart” ma’nosini ifodalamoqda. Lekin qo`shma gap sodda gapga ajratilsa, bu kesimning ma’nosi o`zgaradi: Salim kelsa (istak). Bu – nomustaqil kesim. -sa shart mayli qo`shimchasi, uning -sa edi, -ganda edi o`tgan zamon ko`rinishi, -di ham, -ganicha yo`q, -ganicha yo`q edi, -gan edi, -ardi, -ar ekan o`tgan zamon qo`shimchasi kabilar nomustaqil kesimni shakllantiradi.
Boshqa shaklli kesim mustaqil kesim sanaladi.
Kesimning ifodalanishi. Kesim ifodalanishiga ko`ra ikki xil: 1) fe’l kesim; 2) ot kesim.
Fe’l kesim. Sof fe’l bilan ifodalangan kesim fe’l-kesim deyiladi: Men maktabga boraman. Po`lat xatni kecha yuborgan. Ot kesim. Ot, sifat, son, olmosh, ravish, taqlid, modal va harakat nomi bilan ifodalangan kesim – ot kesim: 1) ot-kesim: Qarg`a nima deyotganini bilmaymiz, chunki u – qarg`a, biz – odam; 2) sifat-kesim: E taqsir, qissamiz uzun; 3) son-kesim: Ikki karra ikki – to`rt; 4) ravish-kesim: O`zlashtirishing – yodaki. 5) taqlid-kesim: Hamma tomon g`ovur-g`uvur. 6) olmosh-kesim: Sen – mensan-u, men – senman, qissamni bayon etsam; 7) modal-kesim: Tinchlik yo`q. K e s i m n i n g t u z i l i sh i. Kesim tuzilishiga ko`ra ikki xil: a) sodda kesim; b) murakkab kesim.
Sodda kesim bir so`z bilan ifodalanadi: 1.Sen bahorni sog`inmadingmu? 2. Majlis shunga qaror qildi. Qo`shma, juft, takroriy so`z, ibora bilan ifodalangan kesim ham sodda kesim deyiladi. Chunki u yaxlit holda bitta so`z yoki unga teng hodisa.
Murakkab kesim birdan ortiq so`z bilan ifodalanadi: 1.Ayozli kunlar birin-ketin o`tib borayotir. Murakkab kesim tarkibidagi ikkinchi so`z ko`makchi fe’l, bog`lama, nisbiy so`z bo`lishi ham mumkin. Murakkab kesimga misol: a) birikmali: Bu kun biz uchun og`ir kun; O`zbekiston – kelajagi buyuk davlat; b) to`liqsiz fe’lli so`z: Anjir kulchaday yirik va holvaytarday yumshoq edi; d) ko`makchili so`z:Hammasi sen uchun, Dilovar uchun; e) bog`lamali: (q. Bog`lama) Bunday odamlarni nodon hisoblashadi; f) ko`makchi fe’lli: Hamma ham xalqiga xizmat qilgisi keladi. Murakkab ot-kesim quyidagi xususiyatga ega: a) ot/sifat/son/olmosh/ravish+"bo`lmoq" fe’li yoki to`liqsiz fe’l: Mehnat qancha qiyin bo`lsa, noni shuncha shirin bo`ladi; b) yo`q/bor/oz/ko`p/zarur/lozim/kerak+bo`lmoq fe’li yoki to`liqsiz fe’li: Uzoqda ko`ringan sharpa bir zumda yo`q bo`ldi; d) harakat nomi+kerak/lozim/shart/darkor: Choyxona yangi solingan qishki binoga ko`chib kirishi va bayramda ochilishi kerak edi.
Yuklamalar va ularning grammatik xususiyatlari haqida fikringizni bayon eting