Mavzu: Bosh, gavda va qo‘l-oyoqlar skeleti Reja



Yüklə 447,97 Kb.
tarix05.04.2023
ölçüsü447,97 Kb.
#93597
Bosh, gavda va qo‘l-oyoqlar skeleti


Mavzu: Bosh, gavda va qo‘l-oyoqlar skeleti

Reja:



1. Odam tanasidagi suyaklarning joylashuvi
2. Bosh suyagining miya qutisi qismi
3. Bosh suyagining yuz qismi
4. Bosh suyaklarining birikishi va yoshga xos xususiyatlari
5. Gavda skeleti. Umurtqa pog‘onasi



Odam tanasidagi suyaklarning joylashuvi. Odam tanasidagi suyaklar joylashishiga qarab bir necha qismga bo‘lib o‘rganiladi: bosh, gavda, qo‘l va oyoq suyaklari.


Bosh suyagi 23 ta suyaklarning birikishidan tashkil topgan bo‘lib, ikki qismga bo‘linadi: miya qutisi suyaklari va yuz suyaklari. Bosh skeleti bosh miya va og‘iz bo‘shlig‘idagi a’zolarni himoya qilib turadi.
Miya qutisi suyaklariga: bir juftdan tepa va chakka suyaklari hamda bittadan - peshona, ensa, asosiy, g‘alvirsimon suyaklar kiradi. Ularning umumiy soni 8 ta
Yuz suyaklariga: bir juftdan yuqorigi jag‘, yonoq, burun, ko‘z yosh, burunning pastki chig‘anog‘i, tanglay suyaklari va bittadan dimog‘, til osti, pastki jag‘ suyaklari kiradi. Ularning umumiy soni 15 ta.
Pastki jag‘ va chakka suyaklari bir - biri bilan bo‘gim hosil qilib birikadi. Bu bo‘g‘im tufayli pastki jag‘ xilma - xil harakatlarni bajaradi va natijada odam ovqatni chaynash, so‘zlash, kuylash imkoniga ega bo‘ladi.
Bosh suyagining miya qutisi qismi.
Ensa suyagi miya qutisining orqa,pastki tomoni va uning asosini tashkil qilishda qatnashadi. U oldingi tomondan ponasimon suyakka, tepa va chakka suyaklariga birlashgan. Unda palla, yon qismlar, asos yoki tana tafovut qilinadi. Ensa suyagining ana shu qismlari katta ensa teshigi atrofida joylashadi. Ensa suyagi katta ensa teshigi orqali umurtqa kanaliga qo‘shilib turadi.
Ponasimon suyak juda murakkab tuzilgan bo‘lib, kalla suyagining asosan o‘rtasida, deyarli barcha kalla suyaklari bilan birlashgan holda joylashgan. Uning katta va kichik qanotlari uchayotgan ko‘rshapalak shakliga o‘xshash bo‘lib, suyak tanasiga birlashadi. Ponasimon suyak tanasining kalla bo‘shlig‘iga qaragan yuqori yuzasining o‘rta qismida egarchaga o‘xshash chuqurcha turk egarchasining tubi bo‘lib, bunda miyaning pastki ortig‘i – gipofiz joylashadi.
Chakka suyagi bir juft bo‘lib, murakkab tuzilgan. Eshitish, muvozanat analizatorlarini o‘z tarkibida saqlab turadi. Chakka suyagi to‘rt qismdan iborat: bular palla (tanga), nog‘ora, piramida va so‘rg‘ichsimon qismlaridir.
Tepa suyagi bir juft bo‘lib, miya qutisining o‘rta qismini tashkil qiladi. Bosh miya takomillashgan sari tepa suyak ham rivojlanadi. Bu suyak miya qutisining asosiy qismini egallaydi, bosh miyani mexanik shikastlanishlardan saqlaydi. Tepa suyak miya qutisining boshqa suyaklariga nisbatan to‘rt qirrali va to‘rt burchakli, sirti gumbazsimon bo‘rtib chiqqan plastinka shaklida tuzilgan. Uning oldingi qismi peshona suyagi pallasiga birlashadi, yuqori qismi ikkinchi tomondagi tepa suyagining xuddi shunday qismiga o‘rta chiziqda birlashadi.
Peshona suyagi bitta bo‘lib, miya qutisining oldingi qismini tashkil qiladi va vertikal joylashgan palla qismi hamda gorizontal bo‘lakka ajratiladi. Gorizontal bo‘lak bir juft ko‘z kosasi va burun bo‘lagi qismlaridan tashkil topgan.
G‘alvirsimon suyak yuz suyaklari orasida markazda, burun bo‘shlig‘ining peshona suyagi o‘ymasida – tepada joylashgan. U gorizontal joylashgan g‘alvirsimon nafis plastinka bilan kalla suyagining tubini hosil qilishda qatnashadi. U uch qismdan iborat: gorizontal joylashgan g‘alvirsimon nafis plastinka, pastga yo‘nalgan perpendikulyar plastinka va uning ikki yonida joylashgan labirint - g‘ovakchalardir.
Bosh suyagining yuz qismi.
Yuqori jag‘ bir muncha murakkab tuzilgan. U ko‘z kosasi, burun va og‘iz bo‘shliqlarini hosil qilishda ishtirok etadi va chaynov apparatlari ishida faol qatnashadi. Yuqori jag‘ning tanasi va to‘rtta o‘sig‘i bor: Tanasining ichida havo saqlanadigan turli xi shakldagi kavak bo‘lib, burun bo‘shlig‘iga teshik orqali ochilib turadi.
Tanglay suyagi bir juft bo‘lib, ko‘z kosasi, burun bo‘shlig‘i, og‘iz bo‘shlig‘i va qanot-tanglay chuqurining hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Suyakning gorizontal plastinkasi orqa tomondan yuqori jag‘ suyagining tanglay o‘sig‘iga birlashib, qattiq tanglayni hosil qiladi. Gorizontal plastinka qarama qarshi tomondagi ana shu plastinka bilan birlashadi, burun qirrasining davomini vujudga keltiradi. Suyakning vertikal plastinkasi yuqori jag‘ suyagining burun yuzasiga tegib turadi va burun bo‘shlig‘ining yon devorini hosil qilishda qatnashadi. Tanglay suyagining uchta: piramidasimon, ko‘z va ponasimon o‘siqlari bor.
Burunning pastki chg‘anog‘i bir juft suyak hamda yupqa bukilgan plastinkadan iborat. Uning yuqori chegarasi burun bo‘shlig‘ining yonbosh devoriga yopishib turadi. Suyakning medial bo‘rtib turgan yuzasi burun bo‘shlig‘iga kirib, burinning o‘rta yo‘lini pastki yo‘lidan ajratib turadi.
Burun suyagi bir juft bo‘lib, burun qirrasini hosil qilib joylashadi. Burun suyaklarining yuqori qirralari tepa tomondan peshona suyagiga yopishib tursa, pastki qirralari burun tog‘ayi bilan tutashadi.
Ko‘z yosh suyagi bir juft bo‘lib, kalla suyaklarining orasida eng mo‘rti va yupqasidir. Bu suyak yuqori jag‘ suyagi peshona o‘sig‘ining orqa tomonida joylashib, ko‘z kosasining medial devorini hosil qilishda qatnashadi.
Dimog‘ suyagi noto‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi yupqa plastinkadan iborat toq suyak bo‘lib, burun to‘sig‘ini hosil qilishda qatnashadi.
Yonoq suyagi yuz suyaklari orasida eng qattig‘i bo‘lib, kallaning yuz qismini miya bo‘lagiga nisbatan mustahkamlab turadi. Yonoq suyagi chaynov muskuli boshlanadigan keng sathni hosil qiladi. Bu suyak lunj va ko‘zga qaragan ikkita plastinkadan iborat bo‘lib, o‘zaro ko‘z osti chakkasi orqali qo‘shiladi.
Pastki jag‘ suyagi kalla suyaklari ichida faol harakatchanligi, ya’ni chakka suyaklari bir juft bo‘g‘im hosil qilib qo‘shilishi bilan farq qiladi. Pastki jag‘ suyagining tishlar o‘rnashgan gorizontal qismi, tanasi va ikkita vertikal joylashgan shoxi bor, u ana shu shoxlar vositasida bo‘g‘im hosil qiladi va chaynov muskullari yordamida harakatlanadi. Chaynov muskullarining vazifalariga va yoshga qarab, pastki jag‘ burchagi o‘zgarib turadi. Yangi tug‘ilgan bola pastki jag‘ining burchaklari taxminan 150є bo‘lsa, o‘rta yoshli odamniki 130 - 110є gacha kamayadi.Yoshi ulg‘aygan qari odamlarda esa tishlari tushib ketishi munosabati bilan chaynov muskullari bir muncha bo‘shashadi. Natijada pastki jag‘ burchagi asta – sekin yassilashib, chaqaloqning pastki jag‘iga o‘xshab qoladi.
Til osti suyagi pastki jag‘ bilan hiqildoq o‘rtasida (til ostida) joylashgan. U taqa kabi bukilgan bo‘lib o‘rta qismi, tanasi va katta-kichik ikki juft shoxi tafovut qilinadi. Bular tanasi bilan tog‘ay orqali birikadi. Faqat 50 yoshdan keyingina suyaklanib birlashadi.
Bosh suyaklarining birikishi va yoshga xos xususiyatlari.
Yangi tugilg‘an chaqaloqlarda bosh suyagi o‘zaro birikmagan 23 ta alohida suyaklardan tashkil topgan bo‘lib, ular o‘rtasida yumshoq joylar (bo‘shliqlar) ya’ni liqildoqlar bo‘ladi. Katta liqildoq peshona va tepa suyaklari o‘rtasida joylashgan, uning uzunligi 3,5 sm, eni 2,5 sm bo‘ladi. Bu liqildoq bola 2 yoshga o‘tganda bitadi. Tepa va ensa suyaklari o‘rtasida kichik liqildoq va tepa - chakka suyaklari o‘rtasida 2 tadan 4 ta yon liqildoqlar bo‘lib, bolaning 2-3 oyligidan ular suyaklana boshlaydi. Bosh suyagi bolaning 3-4, 6-8 va 11-15 yoshlik davrida ayniqsa tez o‘sadi. Uning shakllanishi 20-25 yoshgacha davom etadi.
Gavda skeleti. Odamning gavda skeleti ikki qismdan iborat: umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasi.
Umurtqa pog‘onasi 33 - 34 ta umurtqalarning birikishidan hosil bo‘lib, uzunligi odamning bo‘yiga qarab 70 - 90 sm gacha yetadi. Umurtqa pog‘onasi odam skeletining markaziy qismi hisoblanib, unga barcha suyaklar birikib turadi va u tananing asosiy tayanchi bo‘lib xizmat qiladi. Umurtqa pog‘onasi 5 qismdan iborat: bo‘yin - 7, ko‘krak - 12, bel - 5, dumg‘aza - 5 va dum - 4 -5 ta umurtqadan tashkil topgan.
Umurtqa halqasimon suyakdan iborat bo‘lib, oldingi - tana qismi yo‘g‘onlashgan, orqa qismi ingicha yoysimon bo‘ladi. Umurtqaning tanasi bilan yoyi qo‘shilib, umurtqa teshigini hosil qiladi. Umurtqalarning orasida tog‘aydan iborat umurtqa oraliq disklar bo‘ladi. Umurtqalarning bir - biri bilan tutashishi natijasida umurtqa pog‘onasi kanali hosil bo‘ladi. Bu kanal ichida orqa miya joylashadi.
Ko‘krak qafasi suyaklari. Ko‘krak qafasi suyaklariga 12 ta ko‘krak umurtqasi, 12 juft qovurg‘alar va to‘sh suyagi kiradi. Bularning bir - biri bilan birikishi natijasida ko‘krak qafasi hosil bo‘lib, unda odam hayoti uchun muhim bo‘lgan ichki a’zolar joylashadi.
Qovurg‘alarning 12 jufti ham orqa tomondan ko‘krak umurtqalariga birikadi. Ulardan 7 jufti haqiqiy (chin) qovurg‘alar deyilib, oldingi tomondan to‘sh suyagining yon tomoniga o‘zining tog‘aylari yordamida bevosita birikadi. Ulardan pastki uch jufti soxta qovurg‘a lar deyilib, bular bir-biri bilan tog‘ay yordamida o‘zaro, so‘ngra esa 7 - qovurg‘aning tog‘ayiga birikadi. Bulardan ham pastda joylashganlari (11- 12- qovurg‘alar) oldingi tomondan to‘sh so‘yagiga birikmay, qorin muskullari orasida joylashadi, bular yetim qovurg‘alar deb ataladi.
To‘sh suyagi yassi suyaklar turkumiga kiradi. U uch qismdan iborat: yuqorigi - dasta, o‘rta - tana qismi va pastki - qilichsimon o‘simtadan iborat.
Qo‘l suyaklari. Qo‘l suyaklari ikki qismga: yyelka kamari suyaklari va qo‘lning erkin suyaklariga bo‘linadi. Kurak va o‘mrov suyaklari yyelka kamarini hosil qiladi. Kurak suyagi uchburchak shakldagi yassi suyak bo‘lib, ichki botiq yuzasi bilan ko‘krak qafasining 2 - 7 qovurg‘alari ustiga yopishgan bo‘ladi. Kurakning tashqi burchagidagi bo‘g‘im yuzasi yyelka suyagi bilan birikishga moslashgan. O‘mrov suyagi ichki tomondan to‘sh suyagiga, tashqi tomondan kurak suyagiga birikadi. U yyelka bo‘g‘imining harakatlarida muhim rol o‘ynaydi.
Qo‘lning erkin suyaklari. Qo‘lning erkin suyaklariga yelka, bilak - tirsak, kaft ust, kaft va panja suyaklari kiradi.
Yelka suyagi uzun naysimon shaklda bo‘lib, uning yuqorigi uchi kurak suyagi bilan birikib, yelka bo‘g‘imini, pastki uchi esa bilak - tirsak suyaklari bilan birikib, tirsak bo‘g‘imini hosil qiladi.
Bilak suyaklari 2 ta naysimon, ya’ni bilak va tirsak suyaklaridan iborat. Bilak suyagi qo‘lning tashqi tomonida, tirsak suyagi qo‘lning ichki tomonida joylashgan. Bu suyaklarning yuqorigi uchi yyelka suyagi bilan birikib, tirsak bo‘g‘imini hosil qiladi, pastki uchi esa bilakuzuk (kaft ust) suyaklari bilan birikadi.
Panja suyaklari uch qismdan: 4 tadan ikki qator bo‘lib joylashgan 8 ta bilakuzuk yoki kaft usti suyaklari, 5 ta kaft va 14 ta barmoq suyaklaridan iborat. Barmoq suyaklari bosh barmoqda 2 tadan, qolganlarida 3 tadan bo‘ladi.
Oyoq suyaklari. Oyoq suyaklari ikki guruhga: chanoq va oyoqning erkin suyaklariga bo‘linadi.
Chanoq suyagi ikki tomondan nomsiz suyaklardan, orqa tomondan dumg‘aza va dum umurtqa suyaklaridan tashkil topgan. Chanoq suyagining yuqori qismi kengaygan bo‘lib, katta chanoq deb ataladi, pastki qismi toraygan bo‘lib, kichik chanoq deb ataladi. Kichik chanoq bo‘shlig‘ida to‘g‘ri ichak, siydik pufagi, qon, limfa, tomirlari, nerv tolalari va tugunlari hamda jinsiy a’zolar joylashgan. Chanoq suyagining tashqi - yon tomonida quymich kosasi deb ataluvchi chuqurcha bo‘lib, unga son suyagining yumaloq boshchasi birikib, son-chanoq bo‘g‘imini hosil qiladi. Bu bo‘g‘im orqali tananing massasi oyoq suyaklariga o‘tkaziladi. Odamning chanoq suyagi ba’zi erkaklarda 1200 kg massadagi yukni ko‘tara oladi.
Oyoqning erkin suyaklari. Oyoqning erkin suyaklariga son, boldir va oyoq panjasining suyaklari kiradi.
Son suyagi eng yirik va baquvvat naysimon suyakdir. U 1500 kg gacha bo‘lgan yukni ko‘tarishi mumkin. Bu suyakning yuqorigi uchi yumaloq bo‘lib, chanoq suyagining chuqurchasiga kirib, son-chanoq bo‘g‘imini hosil qiladi. Suyakning pastki uchi katta boldir bilan birikib, tizza bo‘g‘imini tashkil etadi. Tizza qopqog‘i suyagi eng yirik erkin (sesamasimon) suyak bo‘lib, u tizza bo‘g‘imining oldingi yuzasini yopib turadi. Bu suyakka sondagi to‘rt boshli muskulning payi birikadi.
Boldir suyaklari katta va kichik ikkita naysimon suyakdan iborat. Katta boldir suyagi boldirning ichki tomonida joylashg‘an bo‘lib, uning oldingi qirrasi o‘tkirroq bo‘ladi. Suyakning yuqorigi uchi kengayib, son suyagining pastki uchi bilan birikishga moslashgan. Pastki uchi yumaloqlashib, ichki to‘piqni hosil qiladi. Kichik boldir suyagi boldirning tashqi tomonida joylashib, uning yuqorigi uchi yo‘g‘onlashib, katta boldir suyagining yuqori qismiga birikadi. Pastki qismi oyoqning tashqi to‘pig‘ini hosil qiladi va oshiq suyagi bilan birikadi.
Oyoq panjasining suyaklari har xil kattalikdagi 27 ta suyakdan iborat bo‘lib, ular uch guruhga bo‘linadi: tovon suyaklari - 8 ta, shulardan bittasi tizza qopqog‘i suyagidir, oyoq - kaft suyaklari - 5 ta va barmoq suyaklari - 14 ta.
Odam tik yurishga o‘tishi natijasida oyoq suyaklariga tushadigan massaning ortishi va xilma - xil harakatlarning bajarilishi bu suyaklar funksiyasini oshirib, ularning rivojlanishiga va mustahkamlanishiga sabab bo‘lgan.


Yüklə 447,97 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin