1. Bozor segmentatsiyasining mohiyati va uning xususiyatlari
«Bozorni segmentatsiyalash» tushunchasi AQShda 1950 yillarda vujudga kelgan.
Marketingni boshqaruv tizimida bozor segmentatsiyasi muhim ahamiyatga ega va bozorda talabni o‘rganish yoki marketologlar atamasi bilan aytganda «iste’molchini tahlil etish»- bozorlar holatini tahlil etishdagi birinchi bosqich hisoblanadi. U uch tarkibiy qismga bo‘linadi: bozor segmentatsiyasi; iste’molchi talabi sabablarini o‘rganish; qondirilmagan yehtiyojlarni aniqlash. Bozor segmentatsiyasi talabni qondirishga tabaqalangan holda yondashuvga, tovarlarning turi, sifati va miqdoriga ko‘ra har xil talab qo‘yadigan iste’molchilarni guruhlarga ajratishda turli mezonlar qo‘llashga asoslanadi, ya’ni bozor bir jinsli hodisa tarzida emas, balki ayrim-ayrim segmentlar majmui tarzida, har bir segment doirasida alohida o‘ziga xos bir talab namoyon bo‘ladigan hodisa tarzida olib qaraladi.
Bozorda xaridorlarning ma’lum bir tovarga bo‘lgan talablari xilma-xildir, har bir xaridorning o‘zining didi bor. Xaridorning talabi, xohishi, ehtiyoji, turmush tarzi, tovar sotib olishdagi xulq-atvori haqidagi ma’lumotlar samarali marketing tadbirlari ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlarini vujudga keltiradi.
Ya’ni bozor segmentatsiyasi xaridorlarning talabiga muvofiq tovarni taklif yetilishini va tovarga talabni kat’iyligini ta’minlaydi.
Demak, xaridorlarning tovarlarni sotib olishdagi xulq-atvorlari, talabi va tovarlarga munosabatidagi xususiyatlariga qarab, guruhlarga ajratishni bozor segmentatsiyasi deyiladi.
Segmentlarga ajratish mezonlarini tanlash ko‘p jihatlardan tovar yoki xizmatning turiga, shuningdek korxona bozor faoliyatida hal qilmoqchi bo‘lgan masalaga bog‘liq.
Sanoat tovarlari va keng iste’mol tovarlari uchun tanlov mezonlari bir-biridan juda keskin farq qiladi. Rejalashtirish yehtiyojlariga juda mos keladigan maqbul mezon tovarni bozorda joylashtirish masalalariga umuman to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Mabodo muayyan mezon xaridorlar O‘rtasida paydo bo‘lgan farqlarni izohlab berishga imkon bermasa, unda boshqa mezonni kiritish va to bu farqlarni ravshan aniqlashga qadar tadqiqotlarni davom ettirish lozim.
Bozorni segmentlash orqali, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt quyidagi maqsadlarni ko‘zlaydi:
iste’molchilarni hohish va talabini maksimal ravishda hisobga olish;
tovarni (xizmatni) va xo‘jalik yurituvchi sub’ektni raqobatbardoshligini ta’minlash;
xo‘jalik yurituvchi sub’ektni marketing strategiyasini samaradorligini oshirish;
raqobatchilardan xolis bo‘lgan segmentlarga ketish.
Segmentlashning asosiy maqsadi bozordagi xatti-harakatlarni o‘rganib, ularning obrazini (modelini) va kelajakdagi ehtiyoj talablarni tasavvur qilishdan iborat. Hozirgi raqobatda yutib chiqishning asosiy sharti yangi, yuqori sifatli tovar va kompleks servis texnika xizmatlarni hamda samarali sotish usullarini qo‘llashdan iborat bo‘lib qoldi. Ana shu talablar asosida marketing tadqiqotlarining ustuvor turi iste’molchilarni o‘rganish va navbatida bozorni segmentlashdan boshlanadi, chunki bozor bir xil sub’ektlardan tashkil topgan emas.
Bozorni segmentlash, bozorni o‘rganishning asosiy usulidir.Uning yordamida bozor (uning tarkibiy qismlari) segmentlarga bo‘linadi. Bozor segmenti-bu iste’molchilar, tovarlar, raqobatchilarning shunday ajratilgan qismiki, ular uchun umumiy xususiyatlar xosdir. Bozorni to‘g‘ri segmentlash, shu segmentning spesifik yehtiyojlariga kat’iy rioya qilingan holda kam harajatlar bilan tovar yetkazib berishni to‘g‘ri tashkil qilishdan iboratdir. Xalq iste’moli tovarlari bozorini tadqiq etishda marketingga oid adabiyotlarda ikki turdagi mezonlar qabul qilinadi. Birinchisi xaridorlarning daromadi, yoshi, jinsi, turar manzilgohi, oilaning hayot sikli, kasbi, turmush tarzi va shunga o‘xshash umumiy belgilarni hisobga oladi. Mezonlarning ikkinchi turi segmentlashni ijtimoiy guruhlarning kadriyatlari tizimi yoki ularning marketing strategiyasining, masalan, yangi mahsulot, yangi sotish tizimi kabi vositalariga ko‘rsatadigan qiziqishlari asosida olib boradi.
Amaliyotda birinchi usul ko‘proq qo‘llaniladi, ikkinchi usulni qo‘llash qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, chunki ijtimoiy sotsiologiya va psihologiya sohalarida bevosita tadqiqotlar olib borish yo‘li bilan maxsus hisob-kitob ishlarini amalga oshirish talab etiladi.
Xaridorlarning munosabatini tabaqalashtiradigan asosiy omil daromad hisoblanadi. Ko‘pgina mamlakatlarda daromad bo‘yicha uch guruhga segmentlashdan keng foydalaniladi.