2-rasm. Iqtisodiy o’sish ko’rsatkichi 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi hamda unda belgilangan ustuvor vazifalar milliy iqtisodiyot tarmoqlarida yuqori natijalarga erishishda qoʻl kelmoqda. Jumladan, mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot (YAIM) ishlab chiqarish hajmi 2020-yil yakunlariga koʻra, 580,2 trillion soʻmni tashkil etgan holda 2019-yildagiga nisbatan 70 milliard soʻmga oshdi, YAIM tarkibida tovarlar ishlab chiqarishda 341,5 trillion soʻm, xizmatlar koʻrsatish sohasida 194,4 trillion soʻm miqdorida yalpi qoʻshilgan qiymat yaratildi. Mahsulotlarga sof soliqlar esa 44,4 trillion soʻmga yetdi. Bunday natijaga iqtisodiyotning barcha tarmogʻida islohotlarning tizimli va izchillik bilan amalga oshirilishi tufayli erishildi, albatta.
Statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2020-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 2016-yildagiga nisbatan qariyb ikki yarim barobarga oshgan holda 580,2 trillion soʻmlik koʻrsatkichni ishgʻol etdi. Milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlashda mamlakat sanoati yetakchi oʻrin tutadi. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish umumiy hajmi soʻnggi yillarda barqaror oʻsish surʼatlariga ega boʻldi, jumladan, mazkur koʻrsatkich 2020-yilda 367,1 trillion soʻmni tashkil etgani holda 2016-yildagiga nisbatan 255,2 trillion soʻmga oshgan. Bu jarayonda mamlakatimizda sanoat salohiyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir tarmoq dasturlari doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etdi.
3-rasm. Inflyatsiya ko’rsatkichi Oʻtgan yili butun dunyoda yuzaga kelgan va hanuzgacha davom etayotgan pandemiya nafaqat odamlar salomatligiga, balki milliy iqtisodiyotlarning rivojlanishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Bu jahonning qariyb barcha mamlakatida infeksiya tarqalishidan himoyalanish maqsadida bir qator cheklovlar hamda karantin tadbirlari joriy etilishi natijasida iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan koʻplab yirik kompaniya va korxonalarda ishlab chiqarish surʼatlari hamda aholi bandlik darajasi keskin pasayishi kabi holatlarda namoyon boʻldi.
Umuman olganda, pandemiyaning taʼsiri oqibatida global iqtisodiyotda inqirozli holatning shakllanishi quyidagilar orqali yuzaga keldi:
milliy iqtisodiyotda yalpi talab hajmining keskin tushishi va uning tarkibida sezilarli oʻzgarishlarning roʻy berishi;
aholi real daromadlarining kamayishi, ishsizlik va kambagʻallikning ortishi;
iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmatlar hajmining tushishi;
yalpi talab va yalpi taklif oʻrtasidagi muvozanatning buzilishi;
boy hamda qashshoq mamlakatlar oʻrtasidagi tavofutning kengayishi va boshqalar.