Axborot sivilizatsiyasi davrida dunyoning yaxlit nazariy obrazini yaratish – og‘ir va mashaqqatli vazifa. Uni yechishning falsafiy yo‘li ikki yarim ming yil muqaddam boshlangan bo‘lib, shundan beri o‘tgan davr mobaynida rivojlanish falsafasi shakllangan va bosqichma-bosqich atroflicha ishlab chiqilgan. Falsafaning mazkur bo‘limi rivojlanish muammosini turli nuqtai nazarlardan o‘rganuvchi konsepsiyalarni o‘z ichiga oladi. Ularning orasida dialektika, metafizika va sinergetika alohida o‘rin egallaydi. Ularning ayniqsa keng e'tirof etilgani va mufassal ishlab chiqilgani dialektikadir. Shu sababli bu bo‘limda unga asosiy e'tibor qaratiladi. Dialektikani bilish, uning tamoyillari, qonunlari va kategoriyalaridan ijodiy foydalanish har qanday soha mutaxassisi dunyoqarashining muhim sharti hisoblanadi.
Dialektikaning tarixiy shakllari va xususiyatlari .
Falsafiy fikrlashning asosiy yutuqlaridan biri dialektika haqidagi nazariyadir. Dialektika so’zining yunon tilidan tarjimasi tom ma’noda suhbatlashish san’ati, bahslashish san’ati degan ma’noni bildiradi.
«Marksizmning uch manbasi va uch tarkibiy qismi» asarida V.I.Lenin «dialektika – bu rivojlanishning to’la, chuqur va cheklanganlikdan ozod turi haqidagi nazariya, bizga doim rivojlanayotgan materiyaning aksini ko’rsatadigan inson bilimining nisbiyligi haqidagi nazariya» deb yozgan edi.
Dialektika – bu ichki manbasi qarama-qarshiliklarning birligi va kurashida kuzatiladigan shakllantirish, rivojlantirishning eng umumiy qonuniyatlari haqidagi nazariya. Dialektika bilish usuli sifatida narsalar va hodisalarni doimiy va bir-biridan mustaqil sifatida hisoblaydigan shunday fikrlash usuli – metafizikaga taqqoslanadi. Tabiat va jamiyat hodisalarini dialektik bilish usuli narsani statik, muzlatilgan shaklda emas, balki jarayondagi holatini, unga xos barcha qarama-qarshiliklarning va boshqa fanlar bilan narsaning uzviy bog’liqligini ko’rishni ko’zlaydi.