Nutqning aniqligi. Kishilar o'rtasidagi muloqotni ta'minlay oladigan nutq to'g'ri bo'lish bilan birga aniqlik sifatiga ham ega bo'lishi shart. Agar nutq aniq bo'lmasa, so'zlovchi yetkazdirmoqchi bo'lgan muayyan fikr tinglovchi tomonidan to'lasicha va aynan anglanishi mahol. U holda fikr chala yoki yanglish tushunilishi mumkin.
Real voqelik, tabiat va jamiyatdaginarsa va hodisalarning nutqda to'g'ri va yaqqol ifodalanishi aniq nutqning asosiy mohiyatidir. Shuning uchun ham aniqlik kommunikativ sifati nutq va voqelik o'rtasidagi mutanosiblik zaminida belgilanadi. Bunda asosan, nutqdagi asosiy birlik sanalmish so'zning to'g'ri qo'llanishi nazarda tutiladi.
Demak, nutqning aniqligi so'zning tildagi ma'nosiga tamomila muvofiq tarzda qo'llanishi, so'zning voqelikdagi o'zi ifodalayotgan narsa-hodisa bilan qat'iy mosligi asosida yuzaga keladigan kommunikativ sifatdir.
Ayni nutq malakasining shakllanishida tavsiflanayotgan voqelikni bilish, tildagi so'z ma'nolari sistemasini yaxshi anglash, nutq mazmuniga e'tibor bilan qarash hal qiluvchi ahamiyatga molikdir. Ana shunda ifoda uchun eng uyg'un va almashtirib bo'lmaydigan aniq so'zni topish mumkin.
Aniq nutqda, avvalo, voqelikdagi narsa va uning nomi bo'lgan so'z bir –biriga mos bo'lishi shart.
Nutqni aniq tuza olish uchun, eng avvalo, so'zning leksik ma'nosini to'g'ri anglay bilish lozim.
Nutq tuzuvchi nutq predmeti va tildagi ma'nolar sistemasini yaxshi bilsa hamda konkret nutq jarayonida bu predmet va ma'nolarni to'g'ri aloqalantira bilish ko'nikmasiga ega bo'lsagina, uning nutqi aniq bo'lishi mumkin. Aytish mumkinki, aniq nutq uchun nutq tuzuvchining so'z qo'llash mahorati jiddiy ahamiyatga molik.
O'zbek tilida aniq nutq yaratishga ko'maklashuvchi vositalar juda ko'p. Nutq predmetini, ifodalanmoqchi bo'lgan narsa-hodisani butun ikir-chikirlarigacha, turfa nozikliklarigacha ifodalash imkonini beruvchi sinonimlar qatori mavjudki, ular orasidan nutq predmeti ifodasi uchun eng uyg'unini tanlash orqali ham nutqning aniqligi ta'minlanadi.
Aniq nutq tuzish uchun qo'llanilishi chegaralangan so'zlarning ma'nolarini etarli darajada bilish bilan bir qatorda ularning ishlatilish o'rinlarini ham aniq tasavvur etish zarur.
Nutqning aniqligi sifati badiiy nutqda mutlaqo o'ziga xos tarzda, obrazning aniqligi va o'rinliliga tarzida namoyon bo'ladiki, bu badiiy adabiyotning mohiyati bilan bevosita aloqador.