MAVZU: FALSAFA FANINING PREDMETI, MAZMUNI VA JAMIYATDAGI ROLI
REJA:
Falsafa tushunchasining kelib chiqishi.
Dunyoqarash tushunchasi, uning mohiyati. Dunyoqarashning tarixiy shakllari ( mifologik, diniy, falsafiy).
Falsafaning predmeti va asosiy mazmuni.
Falsafaning jamiyat hayotidagi o‘rni va asosiy vazifalari.
Tayanch tushunchalar: Falsafa, dunyoqarash, shaxs, idrok, dunyoqarashning tarixiy shakllari, fetishizm, animizm, totemizm, magiya, ontologiya, gnoseologiya, fan metodologiyasi, ijtimoiy falsafa, etika, aksiologiya, falsafiy antropologiya, metafizika, ong,tafakkur, ruh, materiya, tabiat, borliq, fan.
Mamlakatimiz fuqarolarida tafakkur erkinligi shakllanib bormoqda. Yurtimizda sodir bo‘layotgan yaratuvchanlik tafakkur bilan uzviy bog‘liq hodisadir. Mamlakat hayotini demokratlashtirish jarayoni qanchalik kengaysa va chuqurlashsa, fuqarolarimiz falsafiy iqtidoriga bo‘lgan talab shuncha oshib boradi. SHuning uchun ham falsafa ilmi yoshlarga ham o‘rta yoshlilarga ham, katta yoshdagilarga ham bab-barobar suv bilan havodek zarur bo‘lgan hayotiy ehtiyojdir. Bu ilm o‘zining tabiatiga ko‘ra chegara bilmaydi. Mazkur chegara bilmas ilmni egallashning mohiyatini bilmaslikdan bilishga, bilishdan komillikka tomon yo‘naltirilgan faoliyat tashkil qiladi. Falsafa ilmi milliy, ayni vaqtda umuminsoniy qadriyatdir. Mazkur qadriyat inson o‘zini o‘zi inson sifatida tanigan kunidan boshlab takomillashib, rivojlanib, chuqurlashib, murakkablashib, ilmiylashib va tobora insoniylashib borayotgan fandir.
Bugungi kunda mamlakatimizda 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy- intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda, yoshlarimizning jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirishda falsafa fanining o‘rni beqiyos ahamiyatga egadir.
Falsafa nihoyatda qadimiy fandir. Olam va odamlar o‘rtasidagi munosabatlar, inson qadri va umrning mazmuni, dunyodagi o‘zgarishlar, o‘zaro aloqadorlik va bog‘liqlik hamda taraqqiyotning umumiy qonuniyatlari falsafaning asosiy mavzulari hisoblanadi. Falsafa esa — barcha fanlar rivojlanishiga asos bo‘ladigan va ulardan oziqlanadigan, ayni paytda ularning rivojlanish yo‘llarini belgilab beradigan umuminsoniy va universal fan. U qadim zamonlardayoq «barcha ilmlarning otasi» deb ta’riflangan. Uning hayotiyligi xalq tabiatiga, turmush va tafakkur tarziga nechoqli mos ekani, jamiyat manfaatlari va ezgu intilishlarini qay darajada aks ettira olishiga bog‘liq. Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash inson tabiatiga xos, demak, uning o‘zi kabi qadimiydir. U olam va uning yashashi, rivojlanishi va taraqqiyoti, hayot va inson, umrning mohiyati, borliq va yo‘qlik kabi ko‘plab muammolar haqida bahs yuritadigan fandir.
Dostları ilə paylaş: |