1-mavzu falsafaning bahs mavzulari, jamiyatdagi o\'rni va asosiy
Materializm - olamning asosida materiya, ya'ni moddiy narsalar yotishini e'tirof etadigan, moddiylikni ustuvor deb biladigan ta'limot.
Idealizm - olamning asosida ruh yoki g'oyalar (ideyalar) yotadi, dunyo voqyeligi va rivojida ideyalarni ustuvor deb ta'lim beradigan falsafiy ta'limot.
Falsafada dunyoni anglash, uning umumiy qonuniyatlarini bilish bilan bog'liq masalalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalalar bilan falsafaning gnoseologiya (gnosis - bilish, logos - ta'limot) degan sohasi shug'ullanadi. Dunyoni bilish mumkin deb hisoblaydigan faylasuflarni – gnostiklar; olamni bilish mumkin emas, bilimlarimiz to'g'ri va aniq haqiqat darajasiga ko'tarila olmaydi deyuvchilarni esa - agnostiklar (yunoncha - bilib bo'lmaydi degan ma'noni anglatadi) deb yuritiladi.
Olamdagi o'zgarish, rivojlanish, umumiy aloqadorlik va taraqqiyotning qay tarzda amalga oshishi, qanday sodir bo'lishi kabi masalalar ham falsafaning azaliy muammolari qatoriga kiradi. Falsafada ana shu mavzularga munosabat va ular bilan bog'liq muammolarni hal qilishga qarab farqlanadigan bir necha ta'limot, qarash, usul va metodlar bor. Dialektika, metafizika, sofistika, eklektika, dogmatika kabilar shular jumlasidandir. Ularning tarixi nihoyatda uzoq bo'lib, Qadimgi Yunoniston va Rim davridan (e.a. VII — I asr) boshlanadi. Keyingi yillarda sinergetika ham falsafiy metod va ta'limot sifatida talqin etilmoqda. Falsafiy metodlar olam qonuniyatlarini tushunishga yordam beradi va bu usullardan faylasuflar o'z tadqiqotlarini amalga oshirish yoki izlanishlarining natijalarini izohlashda foydalanadilar.
Dialektika – yunon tilida bahs va suhbatlashish san'ati degan ma'noni anglatadi. Antik dunyo faylasuflari uni haqiqatga erishish yo'li va usuli sifatida talqin etganlar. Hozirgi davrga kelib dialektika olamdagi narsa va hodisalar doimo o'zgarishda, o'zaro aloqadorlik va bog'liqlikda, taraqqiyot va rivojlanishda deb tushunishdir. Unga ko'ra, olamda o'z o'rniga va joyiga, yashash vaqti va harakat yo'nalishiga ega bo'lgan barcha narsalar va voqyealar bir-birlari bilan bog'liq va aloqador tarzda, bir-birlarini taqozo etadigan, doimiy va takrorlanib turadigan bog'lanishlar orqali namoyon bo'ladi.
Masalan, insoniyat tarixiga bu usulga asosan yondoshilganida, u uzluksiz tarzda ro'y beradigan avlodlar o'rin almashuvi, birining o'rniga ikkinchisi kelishi, muayyan qadriyatlarni meros qoldirishi va yangilikning eskilikni inkor qilishidan iborat doimiy va takrorlanib turadigan jarayondir. Bashariyatning muayyan davrida esa, shu zamonning ijtimoiy manzarasini belgilaydigan turli urug' yoki qabilalar, davlat, millat va xalqlar, oqim va yo'nalishlar, g'oya va mafkuralarning xilma-xil shakllarini ko'rish, ularning bir-biri bilan uzviy aloqadorlikda namoyon bo'lishini kuzatish mumkin.
Taraqqiyot jarayonida avlodlar, davrlar, siyosiy tuzumlar, umuman ijtimoiy voqyea va hodisalar o'z-o'zidan avtomatik tarzda sodir bo'lib, nom-nishonsiz yo'qolib ketmaydi. Balki ularning barchasi insonlar o'rtasidagi o'zaro aloqa va munosabatlarning hosili, ijtimoiy jarayonlarning natijasi, biror sababning oqibati sifatida namoyon bo'ladi. Bir davr ikkinchisining o'rniga, bir avlod oldingisidan keyin, bir voqyea boshqasining ortidan sodir bo'lib turadi. Ana shu abadiy va azaliy uzluksizlik, doimiy aloqadorlik, vaqtning orqaga qaytmasligi va voqyealarning ketma-ketligi tarzidagi bog'lanishlar, rivojlanish va taraqqiyot, olamning rang-barangligi va uyg'unligi dialektikaning asosiy tamoyillarini tashkil qiladi.
Falsafada mazkur tamoyillarga asoslangan tafakkurni – dialektik tafakkur, ana shunday dunyoqarashni – dialektik dunyoqarash, yondashuvni – dialektik yondashuv, metodni – dialektik metod deb atash an'anaga aylangan. Shu bilan birga u yoki bu olimning ushbu tamoyillarga asoslanadigan dunyoqarashi, falsafiy ta'limotlari ham bor. Masalan, Demokrit va Geraklit dialektikasi, Kant yoki Gegel dialektikasi deyilganda ana shunday hol nazarda tutiladi.