Falsafa fanining muammolari, o'z xususiyatlariga ko'ra, azaliy va yoki o'tkinchi bo'lishi mumkin. Azaliy muammolar insoniyat paydo bo'lgan davrdayoq vujudga kelgan bo'lib, toki odamzod mavjud ekan, yashayveradi. Chunki insoniyat taraqqiyotining har bir bosqichida ushbu muammolar yangidan kun tartibiga qo'yilaveradi. Ularni o'rganish jarayonida ilm-fan taraqqiy etib boradi.
Olam va odam munosabatlari, dunyoning mavjudligi, borliqning voqyeligi, undagi o'zaro aloqadorlik va taraqqiy etish, insoniyat hayotidagi adolat va haqiqat, yaxshilik va yomonlik, urush va tinchlik, umrning mazmuni, tabiat va jamiyat taraqqiyotining asosiy tamoyillari bilan bog'liq ko'pdan-ko'p masalalar falsafa va falsafiy bilim sohalarining azaliy muammolari sirasiga kiradi.
Falsafada olamning asosida nima yotadi, uni voqye etib turgan narsaning mohiyati nimadan iborat, degan masalalar nihoyatda uzoq tarixga ega. Qadimgi Yunoniston va Rimda bu masala «substansiya» tushunchasi va uning mazmunini qanday tushunilishiga qarab o'ziga xos ifodalangan. Substansiya deganda olam va dunyodagi narsalarning mohiyati to'g'risidagi fikr tushunilgan. Pifagor hamma narsa sonlardan tashkil topgan degan bo'lsa, Aflotun substansiya - g'oyalardir degan, Demokrit esa, olamning asosida atomlar (atom tushunchasi o'sha davrda bo'linmas zarracha ma'nosida ishlatilgan) yotadi deb tushuntirgan.
Bu masalalarni qay tarzda hal qilinishiga qarab farqlanadigan falsafiy oqim va yo'nalishlar ham mavjud. Masalan, olamning asosida nima yotadi, uning mohiyati nimadan iborat degan masalada monizm, dualizm, plyuralizm, materializm va idealizm kabi qator falsafiy qarashlar shakllangan.
Monizm (yunoncha - monos, ya'ni yakka ma'nosini anglatadi) - olamning asosi yakkayu-yagona sababga, bitta asosga ega deb ta'lim beradigan falsafiy ta'limotdir.
Dualizm (lotincha - dua, ya'ni ikki degan ma'noni ifodalaydi) - olamning asosida ikkita asos, ya'ni modda (materiya) bilan birga ruh va g'oya, ya'ni ideya yotadi deyuvchi qarashdir.
Plyuralizm (lotincha - plyural, ya'ni ko'plik degan ma'noni anglatadi) - olamning asosida ko'p narsalar va g'oyalar yotadi deb e'tirof etadigan ta'limotdir.