Verifikatsiya bu (lot. «verus» - haqiqiy va «facio» - bajaraman) tamoyili nuqtai nazaridan hissiy tajriba dalillari bilan tasdiqlanuvchi ilmiy qoidalargina haqiqiy hisoblanadi. Boshqacha aytganda, tajribada sinalishi mumkin bo‘lgan mulohazalargina ahamiyat kasb etadi. Neopozitivizm metafizik farazlarni aniqlash ishida verifikatsiya tamoyili muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan. Biroq bu tamoyil o‘zini oqlamadi, chunki u fan tuzilishi va dinamikasiga mos kelmasdi.
Verifikatsiya tamoyiliga qarshi quyidagi e’tirozlar mavjud: Fanda tajribada sinash mumkin bo‘lmagan bilimlar hanuzgacha mavjud. Biroq ularni keyinchalik, kuzatish va eksperiment texnikasi rivojlanganidan so‘ng tekshirish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, O.Kont osmon jismlarining kimyoviy tarkibi haqidagi masalani metafizik masala deb hisoblagan. U mazkur masalaning echimini topish mumkin emasligini qayd etgan. O. Kont vafotidan so‘ng oradan ikki yil o‘tgach spektral analiz paydo bo‘ldi va uning yordamida osmon jismlarining kimyoviy tarkibi aniqlandi.
Tarixiy bilim – o‘tmish haqidagi, hozir mavjud bo‘lmagan narsalar haqidagi bilim. Verifikatsiya tamoyili esa mavjud borliqqa tayanishni talab qiladi. Biroq o‘tmishni ham bilish mumkin. Verifikatsiya tamoyiliga ko‘ra esa, barcha tarixiy mulohazalar ma’nosizdir. Falsifikatsiya tamoyili ilgari surilgan qoidalarni tasdiqlashga emas, balki rad etishga qarab mo‘ljal oladi. U ilmiylikka da’vogar bo‘lgan qoidalarni rad etishga harakat qilishni nazarda tutadi. Ilgari surilgan qoidani rad etib bo‘lmasa, uni haqiqiy yoki hech bo‘lmasa o‘rinli deb hisoblash mumkin. Rad etilgan qoidadan esa voz kechilishi lozim.
Fanni o‘rganish sohasidagi falsafiy yo‘nalish sifatida, Neopozitivizm, 50-yillar oxiri – 60-yillarning boshlarida o‘z nufuzini yo‘qotdi, va shu davrda «To‘rtinchi pozitivizm» yoki postpozitivizm maydonga chiqdi. Uning eng mashhur namoyandalari qatoriga K.Popper, I.Lakatos, T.Kun, S.Tulmin, P.Feyerabend, D.Agatssini kiritish mumkin.
POSTPOZITIVIZM. Postpozitivizmning neopozitivizm bilan g‘oyaviy aloqasi shunda ifodalanadiki, ular asosan ilmiy bilim tahlili bilan shug‘ullangan, tilga katta e’tibor bergan.
Biroq, mantiqiy pozitivizm asosan mavjud ilmiy bilim tuzilishini o‘rganishga e’tiborni qaratgan bo‘lsa, postpozitivizmning bosh muammosini ilmiy bilim dinamikasi tashkil etadi. Bu o‘zgarish fanni falsafiy o‘rganish masalalari doirasining ham o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Postpozitivizmni avvalo ilmiy bilimning ijtimoiy-madaniy omillari, yangi nazariyalarning yuzaga kelishi, ularning olimlar hamjamiyati tomonidan qabul qilinishi, raqobatlashuvchi ilmiy konsepsiyalarni taqqoslash va tanlash mezoni qiziqtiradi.
Agar mantiqiy pozitivizmga empirik bilimni ishonchli va barqaror bilim sifatida ishonchsiz va o‘zgaruvchan nazariy bilimga qarshi qo‘yish xos bo‘lsa, postpozitivizmga esa, aksincha, bilimning bu ikki darajasi bir-biriga o‘tishi haqidagi qarash xosdir. Zero postpozitivizm ta’limoti nazariyaning empiriyaga ta’siri kuchli emasligi, dalillarni aniqlash uchun nazariya talab etilishi, shu sababli dalillar nazariyaga ma’lum darajada bog‘liq bo‘lishi yoki hatto ularni belgilashi yoritib berilgan.
Postpozitivizm konsepsiyasining navbatdagi xususiyati – shundaki ilmiy bilimning rivojlanishini talqin qilishda kumulyativizmdan voz kechilgan. Ilk pozitivizm ilgari surgan kumulyativistik yondashuv fanning izchil rivojlanishi, bilimlarning asta-sekin to‘planib borishini nazarda tutadi. Postpozitivizm fan haqidagi bunday tasavvurdan voz kechadi. U fan tarixida inqilobiy o‘zgarishlar yuz berishi muqarrarligini asoslashga harakat qiladi. Postpozitivistlar fikriga ko‘ra, inqilob natijasida fanda ilgari e’tirof etilgan va asoslangan bilimlar, nafaqat nazariyalar, balki metodlar va omillar ham qayta ko‘riladi.
Uchinchi va to‘rtinchi pozitivizm o‘rtasida fanni soxta fan (metafizika)dan farqlash masalasida ham jiddiy tafovutlar mavjud.