2 mavzu. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari Sharq va G’arb falsafasi — копия
Temuriylar sulolasi davri. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ijodida gumanizm g‘oyalari. Amir Temur ibn Tarag‘ay Bahodir (1336-1405) Kesh (Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xo‘ja ilg‘or qishlog‘ida dunyoga keldi. Uning eng asosiy tarixiy xizmatlari shundan iboratki, u mug‘ullarning bosqinchilik va vayronkorliklariga qarshi kurashib, O‘rta Osiyoni ulardan xalos etdi. Mayda feodal va mulkdorlarning o‘zaro nizolariga barham berib, kuchli markazlashgan davlat barpo qildi. Mamlakatda tartib-intizom va qonun ustuvorligini ta’minladi. Uning davrida «Kuch - adolatda» tamoyili amalga oshdi, iqtisod va madaniyat yuksaldi, o‘zga mamlakatlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatildi.
Amir Temur mohir sarkarda sifatida nom qozondi. U o‘z hayotini Movarounnahr xalqining farovonligi, yurt obodonchiligi uchun sarfladi, uning davrida hashamatli binolar, qurilish inshootlari, go‘zal bog‘lar bunyod qilindi, maktab va madrasalar, masjidlar qurildi, mamlakatimiz Sharqning go‘zal hududiga aylandi.
Temurning yana bir ulkan hizmati shuki, u madaniyat va ilm-fan homiysi sifatida mashhur bo‘ldi, o‘z saroyiga olimu fuzalo va din arboblarini to‘pladi. Xoja Afzal, Jalol Xokiy, Mavlono Xorazmiy, Mavlono Munshiy va boshqalar uning saroyida ilm-fan va badiy ijod bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Bobur Mirzoning xabar berishicha, o‘sha davrda Samarqand eng go‘zal shahar edi. Ispan sayyohi R.G.Klavixo Samarqandning go‘zalligiga qoyiln qolgan edi. Temur hukmronligi davrida ichki va tashqi savdo kuchaydi. Ayniqsa, Hindiston, Xitoy, Russiya, arab mamlakatlari bilan aloqalarning kuchayishi Temur saltanati iqtisodiy qudratini oshirdi. Temur va temuriylar davrida islom dini va tasavvufga katta e’tibor berildi.
O’sha zamonning eng mashxur tarixchilari Mirxond (1433-1498) va Xondamir (1475-1535) edilar. Mirxond Hirotda tavallud topib, shu erda ijod qilgan. Uning asosiy tarixiy asari 7 jildan iborat bo‘lib, «Nabiralar, podshohlar va xalifalar tarjimai hollari haqida poklik bog‘lari» deb ataladi. U olti jildini yozib vafot etadi, ettinchisini nabirasi Xondamir yozib tugatadi.
Xondamir ham Hirotda tug‘ilib, yoshligidan tarixnavislikka havas qo‘yadi. U Agrada vafot etadi. Uning muhim risolalari «Makorim ul-axloq», «Habib us-siyar», «Vazirlar uchun qo‘llanma» va boshqalardir. Mantiq ilmining yirik vakillaridan biri Sa’diddin Taftazoniydir (1322-1392) u Niso viloyatiga qarashli Taftazon qishlog‘ida dunyoga keladi. Yoshligidan ilohiyot fanlari, arab tili, nutq san’ati va mantiq bilan shug‘ullanadi. Taftazoniy madrasalarda mudarrislik qildi. Turkiston, Hirot, Jom, G‘ijduvon madrasalarida talabalarga dars berdi. Taftazoniy shuhrati, ilmiy ishlari Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga keng tarqaldi. Temurning taklifi bilan alloma Samarqandga kelib, shu erda umrining oxirigacha yashadi.
Taftazoniy 40 dan ortiq risolalarning muallifidir. Muhimlari: «Tahzib al-mantiq val-kalom» («Mantiq va kalomga sayqal berish») «Muxtasar al-maoniy» (Ritorikaga oid «Qisqacha ma’nolar»), «Al-irshod al-hodiy», (Arab tili grammatikasiga oid «Yo‘l boshlovchi rahbar»), «Al-maqosid attolibin» («Falsafa va kalomga oid «Tolibi ilmlarning maqsadlari») va boshqalar. Taftazoniy o‘tmish olimlarining juda ko‘p asarlariga sharhlar ham bitgan.
O‘sha davrning yana bir atoqli allomasi Mir Sayyid Sharif Jurjoniy Astrobod shahri yaqinida tug‘ilgan. Jurjoniy Istambul, Qohira, Hirot, Sheroz shaharlarida bo‘lib, ulardagi olimlardan ilm sirlarini o‘rganadi. Samarqand madrasalarida mantiq, falsafa, falakiyot, fiqh va adabiyot, munozara ilmi va boshqalardan dars beradi.
Jurjoniy 50 dan ortiq risolalarning muallifi bo‘lib, ularning aksariyati mantiq, fiqh falsafa va tabiatshunoslikning muhim muammolariga bag‘ishlangan. Olimning «Atta’rifot» («Ta’riflar»), «Odob ul-munozara» («Munozara olib borishining qoidalari haqida risola»), «Sug‘ro» («Kichik dalil bo‘la oladigan hukm»), «Kubro» (Katta dalil bo‘la oladigan hukm), «Avsat dar mantiq», («Mantiqda o‘rta xulosa»), «Risolayi vujudiya» («Borliq haqida risola») va boshqa asarlari mavjud. Bulardan tashqari, Jurjoniy salaflarining, xususan, Ibn Sino, Chag‘miniy va Nasriddin Tusiylarning asarlariga sharhlar yozganligi ma’lum.
Mir Sayyid Sharif Jurjoniy mantiq ilmi sohasida ham o‘z fikrlarini bayon qilgan. O‘zining qarashlarida mantiq ilmini falsafadan ajratmay, ayni bir vaqtda uning huquq va til bilan ham chambarchas bog‘liq ekanligini isbotlab beradi. Shuning uchun ham, XIV-XV asrdan boshlab islom madrasalarida mantiq ilmini o‘qitish huquq va tilshunoslik fanlari bilan bog‘liq holda olib borildi.
Jahon ilm-fani taraqqiyotiga katta ulush qo‘shgan buyuk falakiyotchi olim va davlat arbobi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek(1394-1449) matematika va falakiyot sohasida barkamol ijod qilgan. Uning otasi Amir Temurning o‘g‘li Shohruh Mirzo edi. Ulug‘bek yoshligidan ilm bilan qiziqdi, unga taniqli olimlar Qozizoda Rumiy va G‘iyosiddin Jamshid ustozlik qildilar. U garchi davlat arbobi bo‘lsa ham, madaniyat va ilm-fan ravnaqiga ko‘p kuchini sarfladi, matematika, astronomiya, geometriya, tarix, kimyo va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Olimning dunyoqarashida Aflotun, Arastu, Ptolemey, Muhammad Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy va boshqalarning asarlari muhim o‘rin egalladi.
Ulug‘bekning ulkan ishlaridan biri uning Samarqandda, Ko‘hak tepaligida, Obi Rahmat arig‘ining bo‘yida, rasadxona barpo etganligidir. Olimning eng muhim asari «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» deb ataladi. Undan tashqari, Ulug‘bek matematikaga oid «Bir daraja sinusni aniqlash haqida risola», astronomiyaga bag‘ishlangan «Risolayi Ulug‘bek» va tarixga oid «To‘rt ulus tarixi» kitoblarini yozdi. Ulug‘bek mantiq ilmi, fiqhshunoslik, musiqa va adabiyot nazariyasini yaxshi bilar edi. Olimning «Ziji» ikki qism, muqaddima va 1018 yulduzning o‘rni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat.
Ana shunday olimlardan biri G‘iyosiddin Jamshid al-Koshoniy (1430 yilda vafot etgan) bo‘lib, u yirik riyoziyotchi va falakiyotchidir. Uning asarlari «Miftoq ul-hisob» («Hisob kalidi»), «Risola al-muhitiya» («Doira haqida risola») va boshqalardir. XVI asrdan boshlab evropa mamlakatlarida uning kashfiyotidan foydalana boshladilar.
Tarihda Ali Qushchi nomi bilan mashhur bo‘lgan Alouiddin Ali ibn Muhammad Qushchi (1403-1474) Ulug‘bekning shogirdidir. U ilmiy ishlarini falakiyot va riyoziyot sohasida olib bordi. Uning asarlari: «Arifmetika ilmi haqida risola», «Mantiq risolasi», «Astronomiyaga oid risola» va boshqalardir.
Ali Qushchi «Astronomiyaga oid risola»sida Oy va Quyosh tug‘ilishi qonuniyatlarini ilmiy asoslab berdi. Olim tabiat sirlari va uning qonuniyatlarini o‘rgandi, jismlar harakati va ularning oddiydan murakkabga o‘tishi to‘g‘risida o‘z fikriniilgari surdi.
Umuman shuni ta’kidlash lozimki, Ulug‘bek va u asossolgan astronomiya maktabi koinotdagi hodisalarni o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi, o‘sha vaqtgacha fanga ma’lum bo‘lmagan hodisalarni idroq qilib, inson aql-zakovatining bilish imkoniyatlarini kengaytirdi, keyingi davrlarda yashagan olimlarga samarali ta’sir ko‘rsatdi.
O‘rta asr mumtoz adabiyotining vakili, ulug‘ shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy (1414-1492) dir. Jomiyni Navoiy ustoz deb hisoblar edi. Uning qalamiga mansub asarlar «Nafaqot ul-uns», «Hujjat ul-asror», «Musiqa haqida risola», «Naqshi fusus», «Vohid atamasi haqida risola», «Haj qilish yo‘llari haqida risola», «Bahoriston» va boshqalardir.
Jomiyning eng yirik asari «Haft avrang» bo‘lib, unga «Tuhfat ul-ahror», «Suhbat ul-abror», «Yusuf va Zulayho», «Suhbat ul-asror», «Layli va Majnun», «Salamon va Absol», «Xiradnomayi Iskandariy» dostonlari kiradi.
Barcha musulmon mutafakkirlari kabi Jomiy ham xudo abadiy, mutlaq va dunyodagi hamma narsalarning sababchisidir, xudo mavjud bo‘lganda, borliq yo‘q edi, dunyo o‘zining boshlang‘ichini Ollohdan olgan, demak, xudo hamma narsaning yaratuvchisidir, deb hisoblaydi.
Jahon madaniyati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan siymolardan biri, ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Nizomiddin Mir Alisher Navoiy (1441-1501). U Temuriylar xonadoniga taaduqli bo‘lib, otasi G‘iyosiddin kichkina Shahrisabzdan Qobulga borib qolgan barlos beklaridan edi. Navoiy Hirotda
Husain Boyqaro saroyida turli lavozimlarda ishladi, dastlab muhrdor, so‘ng vazir etib tayinlandi. Shoir mamlakat obodonchiligi ravnaqi va osoyishtaligi yo‘lida ko‘p ishlar qildi. Maktab, madrasa, masjid va xonaqolar, ko‘prik, rabotlar, shifoxonalar qurdirdi, muhtoj va kambag‘allarga yordam berdi, olimu shoirlarga homiylik qildi.
Navoiy ijodi boy bo‘lib, asarlari turli mavzularga bag‘ishlangan. «Xamsa» ya’ni «Hayrat-ul abror», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ai sayyor», «Saddi Iskandariy» dostonlari hamda «Lison ut-tair», «Majolis-un nafois», «Mahbub-ul qulub», «Holati pahlavon Muhammad», «Mezon ul-avzon», «Muhokamat ul-lug‘atayn» va boshqalar. Bulardan tashqari, Navoiy «Hazoyin-ul maoniy» («Ma’nolara xazinasi») nomli she’riy to‘plam yaratgan bo‘lib, g‘azal, ruboiy, qit’a va fardlardan tashkil topgan.
Shoir ijtimoiy-falsafiy qarashlarining muhim xususiyati shundan iboratki, unda falsafiy fikrlar majoziy tarzda, badiiy o‘xshatish va ramziy iboralar o‘rdamida, zohiriy va botiniy ma’nolarda bayon qilinadi.
Navoiyning ijodiy merosida insonparvarlik va komil inson g‘oyasi muhim o‘rinni egallaydi - shoirning «Xamsa»siga kirgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Saddi Iskandariy» kabi dostonlarining asosiy qahramonlari Iskandar, Farhod, Shirin, Layli, Majnun va boshqalar komil inson sifatida talqin qilinadi. Ular mehnatsevar, o‘z kasbini ustasi, doimo o‘zgalarga yordam beruvchi, shijoatkor va jasur, aqlli va bilimdon, saxovatli, to‘g‘ri so‘z, sofdil, kamtar, o‘zida xulq-odob, adolat, sabr-toqat, nafsni tiyish, olijanoblik kabi fazilatlarni mujassamlashtirgan shaxslardir.
Navoiy xalq orasida inson’arvarlik g‘oyalarini tarqatdi, turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlikni ulug‘ladi. Forobiy, Ibn Sino, Beruniy va boshqalar singari, mukammal jamiyat haqida fikr yuritdi. Xalqni farovonlikka, baxt-saodatga eltuvchi, hamma teng, zulm-istibdoddan holi bo‘lgan davlat tuzumini orzu qildi. U ilm-fan egallashni afzal bildi, mol-mulkka, boylikka hirs qo‘yishni, tamagirlikni qoraladi. Navoiyning yaxshilik, ezgulik, muhabbat, do‘stlik, adolat, tinchlik, osoyishtalik va boshqa go‘zal fazilatlar, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar to‘g‘risidagi qimmatli fikrlari, nasihatomuz so‘zlari respublikamiz mustaqillikka erishgandan so‘ng ham barkamol insonni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Temur avlodidan bo‘lgan Zahriddin Muxammad Bobur(1483-1530) o‘sha davrning eng ma’rifatli podsholaridan biri edi. Andijonda Umarshayx Mirzo xonadonida tug‘ilgan Bobur keyinchalik Hindistonda ulkan saltanatga asos soldi. Bobur davrida hind diyori gullab yashnadi, undagi madaniyat yuksak darajaga ko‘tarildi. Hindistonning XX asrdagi eng atoqli kishilari Mahatma Gandi va Javaharlal Neru Jahon, Avrangzeb va Akbar kabi temuriyzodalarga juda katta baho berganlar.
Sharq istilosi bilan bog‘liq uyg‘onish harakatlari: osiyosentrizm, panturkizm, panislomizm, ma’rifatparvarlik va jadidchilik ta’limotlari. Chunki aynan XX asr boshlarida shakllangan jadidchilar harakati “jamiyatni ma’rifat orqali yangilash” g‘oyasini ilgari surganlar, Behbudiy, A.Avloniy, A.Fitrat kabilar bir guruh yoshlarni chet elga o‘qishga yuborib, yangi avlod ziyolilarini tarbiyalashga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shganlar.
Shu bois, 1917 yilda bolsheviklar partiyasi g‘alaba qozonib, dunyo xaritasini katta Sovet ittifoqi degan mamlakat egallab, unda partiyaviylik mafkurasi hukmronlik qilsada, O‘zbekistonda falsafiy fikr rivoji to‘xtab qolgan emas.
Falsafaning fidoyilari yangi qaror topgan siyosiy tizimda yashab, ishlab va juda ko‘p sinovlardan o‘tishlari lozim bo‘ldi. Ayrim ziyolilar chet elga qochib ketdilar, ko‘pchilikda esa marksizm g‘oyasining haqiqiy insonparvarligiga qat’iy ishonch shakllandi va shu bois shu yo‘nalishda faoliyat olib bordilar. Biroq muayyan darajada sovet mafkurasi ta’siri bo‘lsada, o‘tgan asrda o‘zbek falsafasi to‘rt yo‘nalishda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti falsafa fakulteti, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining falsafa va huquq instituti, viloyatlar oliy o‘quv yurtlari falsafa bo‘limlari, O‘zbekiston falsafa jamiyati va O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati faoliyatida namoyon bo‘ldi va olimlar o‘z falsafiy qarashlarida davrning ruhini ifoda eta oldilar. Darhaqiqat, I.A.Karimov aytganlaridek, “Odam qancha chuqur bilimga ega bo‘lsa, dunyoni yaxshi bilsa, yon atrofda bo‘layotgan voqealarni to‘g‘ri anglay olsa, shundan keyingina unda g‘urur-iftixor bo‘ladi. Shundagina, juda murakkab, tahlikali davlarda ham ko‘pchilik unga murojaat qilib, maslahatlashadi. Maslahat kimdan so‘raladi – avvalombor, salohiyatli odamdan, katta falsafiy bilim va intellektual bilimga ega bo‘lgan kishidan.”26. Shunday ekan, O‘zbekistondagi ijtimoiy siyosiy jarayonlarni tushunishda va ularning mohiyatini tushuntirishda yurtimiz faylasuf-olimlarining xizmati ham katta.