Mavzu: Fransiya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda 1-§. Fransiyaning ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi


-§. Ikkinchi jahon urushidan keyin Fransiya. To‘rtinchi respublika



Yüklə 105,57 Kb.
səhifə3/18
tarix21.06.2023
ölçüsü105,57 Kb.
#133416
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
2020. 13- MAVZU docx

2-§. Ikkinchi jahon urushidan keyin Fransiya. To‘rtinchi respublika.

Vaqtinchalik rejim. To‘rtinchi respublikaning konstitutsion-huquqiy rasmiylashuvi.
Fashizm zulmidan ozod bo‘lgan Fransiyada hokimiyat organlarini tuzish ishini Qarshilik ko‘rsatish harakatining ikki yirik tashkiloti - de gollchilar boshchiligidagi Fransiya Milliy ozodlik harakati qo‘mitasi va Lui Sayyan boshchiligidagi Milliy qarshilik ko‘rsatish harakati Soveti o‘z zimmalariga oldi. 1944 yil 2 iyunda Milliy ozodlik harakatining Fransuz qo‘mitasi o‘zini “Muvaqqat hukumat” deb e’lon qildi. Qo‘mita rahnomoligida Jazoirda qarshilik ko‘rsatish harakatining ko‘pgina vakillarini birlashtirgan Maslahat assambleyasi ish boshladi. Fransiyada urush harakatlari tugashi bilan hokimiyat Milliy ozodlik harakati (MOH) ning departament qo‘mitalari ixtiyoriga o‘ta boshladi. Fransuz ichki kuchlari (FIK) qo‘llab-quvvatlashida departament qo‘mitalari vishi hukumati ma’muriyatini tugatib, xalq tribunallari va militsiyasini tuzishdi.
Parij ozod etilgandan so‘ng, de Goll o‘z hokimiyatini mustahkamlashga kirishdi. Muvaqqat hukumatning 1944 yil 21avgustda chiqargan ordonans (akti, qarori)iga binoan departament prefektlari munitsipal (mahalliy) boshqaruv kengashlarini qayta tikladi. “Respublika komissarlari” Muvaqqat hukumatning yirik shaharlardagi vakillariga aylanishdi. 28 avgust kuni de Goll FIK ni tugatish haqida buyruq chiqardi. 1944 yil 15 sentyabrda xalq tribunallari, 28 oktyabrda esa militsiya qismlari tarqatib yuborildi. 1944 yil oktyabrda Fransiyaning janubidagi Avinon shahrida Milliy ozodlik harakati qo‘mitalarining s’ezdi - General shtatlar chaqirildi. S’ezdda ishtirok etgan delegatlar hukumat tarkibiga “Qarshilik ko‘rsatish harakati” va kommunistlar vakillarini ham kiritish sharti bilan Muvaqqat hukumatning boshqaruv hokimiyatini tan olishdi.
Muvaqqat hukumat zimmasida mamlakat xalq xo‘jaligini qayta tiklash, konstitutsion-huquqiy islohotlar o‘tkazish kabi o‘ta dolzarb masalalar turgan edi. Mamlakatda siyosiy vaziyat nihoyatda murakkab edi. Urush fransuz millatini bo‘lib tashlagan edi. Hukumatning ko‘pgina byurokratik nomoyandalari va tadbirkorlarning asosiy qismi Peten hukumati bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor edi. Vishi hukumatining agrar va oila borasidagi siyosatini dehqonlarning keng qatlami qo‘llab-quvvatlardi. Harbiylarning anchagina qismi de Gollning chaqirig‘iga quloq solmay Peten hukumatini qo‘llab quvvatlashda davom etdi. Fransiya ozod etilgach, 190 mingdan ortiq kishi kollaboratsionizm (fashistlar yoki Fransiyadagi fashistik hukumat bilan hamkorlik qilish)da ayblandi. Shulardan 100 ming kishiga yaqini ozodlikdan mahrum qilindi, yoki ayrimlarining huquqlari cheklab qo‘yildi. Peten hukumatini qo‘llab quvvatlagan yoki u bilan hakorlik qilgan siyosiy arboblar faol ijtimoiy hayotdan chetlashtirildi.
Qarshilik ko‘rsatish harakatida 170 mingdan ortiq kishining ishtirok etishinig o‘zi mamlakatdagi siyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishiga olib keldi. Harakat ko‘lamining bu darajada kengligi 1940 yilda yuz bergan harbiy halokat bilan ham izohlanar edi.
Urushdan keyingi davrda Fransiyada ko‘pchilik partiya va harakatlarning faoliyati Qarshilik ko‘rsatish an’ananalariga chambarchas bog‘lanib qoldi. Ammo, ularning g‘oyaviy maqsadlari va dasturlari turlicha edi. Ular ichida gollchilarning o‘ziga xos o‘rni bor edi. De Gollning asosiy maqsadi fransuz davlatchiligini qayta tiklash va konstitutsion-huquqiy islohotlarni amalga oshirish edi. De Gollni “Fransiyaning buyukligi”ni tiklovchi va ”millatni qutqaruvchi“ shaxs sifatida tan oluvchi, turli xil ijtimoiy guruhlarning vakillari qo‘llab- quvvatlar edi.
Ikkinchi jahon urushi qaysidir ma’noda Fransiyada kommunistik harakatning o‘sishiga turtki bo‘ldi. Kommunistlar qarshilik ko‘rsatish harakatining yetakchi kuchlaridan biri sifatida tanildi. FKPning keng xalq ommasi orasidagi obro‘si oshib ketdi. 1945 yil boshlarida uning saflarida 500 mingga yaqin a’zosi bo‘lsa, 1946 yilda bu raqam qariyib 900 mingga yetdi. FKPning rahbarlari - partiyaning bosh kotibi Moris Torez va deputatlar guruhining boshlig‘i Jak Dyuklo siyosiy kurashda parlamentar demokratiyani mustahkamlash tarafdori bo‘lib chiqdi. Kommunistlar davlat boshqaruvini demokratlashtirish, monopoliyaga qarshi kurash siyosatini yoqlagan holda monopolistik, mustamlakachilik va “atlantik birdamligi” siyosatiga qarshi chiqdi.
Sotsialistik partiyaning mavqei ham yetarli darajada mustahkam edi. FSP a’zolarining soni jihatidan FKP a’zolaridan deyarli uch marta oz bo‘lsa-da, biroq katta obro‘ga ega edi. Uning “demokratik sotsializm”ni targ‘ib qiluvchi konsepsiyasi kommunistlarning yangi dasturidan unchalik farq qilmas edi. SP ning raisi L.Blyum boshliq rahbariyati FKP bilan yaqin aloqa o‘rnatishga tayyor edi. 1946 yilda FSP bosh kotibi lavozimiga Gi Mollening kelishi bilan antikommunistik kayfiyat kuchaydi. FSP ning yangi rahbariyati atlantika birdamligi prinsipini va mustamlakalarning harbiy-siyosiy jihatdan qaramligini saqlab qolishni yoqlab chiqdi. 1946 yilda qabul qilingan va partiya dasturi statusiga ega bo‘lgan “Prinsiplar deklaratsiyasi” FSP partiyasini sotsializm g‘alabasi yo‘lida sinfiy kurashni qo‘llab-quvvatlaydigan partiyaga aylantirib qo‘ydi. Biroq, “demokratik sotsializm” konsepsiyasi “betakror g‘oya” sifatida ta’riflandi va u jamiyat barcha tabaqalarini birdamligi uchun kurashishi kerakligi aytildi.
Mamlakatda nufuzli partiyalardan yana biri Xalq respublikachilik harakati (XRH) hisoblanardi. Partiyaning asosini Qarshilik ko‘rsatish harakatining 1944 yilda birlashgan “Liberte”, “Rezistans”, “Komba” kabi kommunistik bo‘lmagan guruhlari tashkil etardi. Xalq respublikachilik harakatining raisi “Ozod Fransiya” radiosining direktori M.Shuman, bosh kotibi esa R.Bishe edi. 1944 yildagi Ta’sis s’ezdida XRH ning maqsadi haqida shunday bayonot berildi: “siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda demokratiyani o‘rnatish, fuqarolarning erkinligi va shaxsiy huquqlariga rioya etilishini ta’minlash, mehnatning kapital ustidan shaxsiy xizmatning yengillik va imtiyozlar ustidan hukmronligini taminlash kabi vazifalar ko‘rsatib o‘tildi”. XRH Fransiyaning davlat tuzumini “inqilobiy” yo‘l bilan keskin yangilash masalasiga e’tibor qaratdi. Bu ko‘rsatmalar XRHni Fransiyadagi radikal demokratik partiyalardan biriga aylantirdi. Bu davrga kelib XRH FKPga qaraganda ancha ommaviylashib ketdi. 1945 yilga kelganda, XRH tarkibida 235 mingdan ortiqroq kishi bor edi. XRH tarafdorlari ichida dehqonlar, ishchilar va shaharda yashovchi o‘rta hol tabaqa vakillari ko‘pchilikni tashkil etar edi. 1945-1946 yillarda XRH tarkibi, asosan katoliklar hisobiga ko‘paydi. Bu partiyaning dasturiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Radikal demokratik g‘oyalarga asta-sekinlik bilan xristian diniga xos qarashlar aralashib ketdi. Muvaqqat hukumatning bir qator sanoat korxonalarini davlat tasarrufiga o‘tkazish va davlatning iqtisodiyot ustidan nazoratini kuchaytirish yo‘lidagi tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda XRH asosan korxonalarni boshqarishda ishchilarning ishtirokiga imkon beradigan tizimni tashkil etishning faol tashabbuskorlaridan biriga aylandi. XRH de Gollning muvaqqat rejim davridagi tadbirlarini qo‘llab-quvvatlasada, gollchilarning “kuchli davlat” g‘oyasiga o‘z noroziliklarini bildirib, parlamentar demokratiyaning klassik prinsiplari tarafdori bo‘lib chiqdilar. Tashqi siyosatda XRH partiyalar orasida Yevropa mamlakatlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatish g‘oyasini ilgari surdi.
Birinchi saylovlar arafasida 1945 yil oktyabrda de Goll ikki masala yuzasidan referendum o‘tkazdi. Birinchi masala saylanayotgan vakillik organiga Ta’sis Majlisi statusini berish, ikkinchi masala esa uning funksiyalarini, ya’ni vakolatlarini faqat konstitutsion tuzilma doirasida cheklash. FSP, XRH va FKP lar bu taklifni qo‘llab-quvvatlab chiqishdi. Kommunistlar Ta’sis Majlisi vakolatlarini cheklamasdan, katta imtiyozlar berilishini yoqladi. Referendumda ishtirok etganlarning 96,4% Ta’sis Majlis chaqirilishini yoqlab ovoz berishdi. Ikkinchi masala yuzasidan esa saylovchilarning ijobiy ovozlari 66,3% ni tashkil etdi. Referendum bilan bir vaqtda saylov ham o‘tkazildi. Saylovda asosan Qarshilik ko‘rsatish harakatida faol ishtirok etgan partiyalar ko‘p ovozga ega bo‘ldi. Ta’sis Majlisida Kommunistlar 25,4%, Qarshilik ko‘rsatish harakati Demokratik va Ijtimoiy Ittifoqi bilan bir alyansga birlashgan sotsialistlar 24%, XRH 23,6% ovoz oldi. Gollchilarga nisbatan oppozitsiyada bo‘lgan radikal va “mo‘tadillar” saylovda 10,8% va 15% ovoz bilan mag‘lubiyatga uchradilar. Ammo de Gollning g‘alabasi vaqtinchalik holat edi. Hukumat tarkibiga de Gollni qo‘llab-quvvatlovchi “partiyasiz” 6 ta tarafdorlaridan tashqari FKP, FSP va XRH dan 5 tadan vakillar kirdi. 1945 yil dekabridayoq hukumat ichidagi siyosiy vaziyat inqiroz darajasiga kelib qoldi. Oradan bir oy o‘tib, de Goll o‘zining iste’foga chiqishini e’lon qildi. Muvaqqat hukumat boshlig‘i lavozimini sotsialistik F.Guen egalladi.
Asosan so‘l sentrist partiya vakillaridan iborat bo‘lgan, Konstitutsion komissiya, 1946 yil aprelida Konstitutsiyaning yangi loyihasini tayyorlab taqdim etishdi. U bir palatali parlament tashkil etishni ko‘zda tutar edi. Bu parlament qonunchilik bilan shug‘ullanib, prezident va ministrlar soveti raisini saylash, hukumatning tarkibi, dasturi va tizimini tasdiqlash vakolatlariga ega edi. 1946 yil 19 aprelida Ta’sis Majlisi Konstitutsiya loyihasini ma’qulladi, may oyida esa u umummilliy referendumga qo‘yildi. Referendum ishtirokchilarining 51,6 % qarshi ovoz berishdi. Referendum natijalari mamlakatdagi siyosiy vaziyat yanada murakkablashib ketganini, ikkinchi Ta’sis Majlisini chaqirish va yangi saylovlarni o‘tkazish zarurligini ko‘rsatdi. Saylov kompaniyasi chog‘idayoq XRH va radikallarning manfaatlari yaqinlashayotgani ko‘rinib qoldi. Ta’sis Majlisining yangi tarkibida kuchlar nisbatida keskin o‘zgarishlar bo‘lmagan bo‘lsada, eng ko‘p ovozni XRH (28,1%) oldi. FKP 26,4%, FSP 21,1% ovoz oldi.
Muvaqqat hukumat va Konstitutsion komissiyani XRH vakillari J.Bido va P.Kosta-Florlar boshqara boshlashdi. Bu orada, de Goll yana siyosat maydoniga qaytdi. U 1946 yil 16 iyunda Baye shahri ozod etilganining ikki yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanalarda nutq so‘zladi. Bu nutqida de Goll birinchi marta o‘zining Konstitutsiya loyihasini ifodalab berdi. Uning asosida Fransiyaning “buyukligini”, Millatning birdamligi va mustaqilligini ta’minlashga imkon beradigan “kuchli davlat” siyosati g‘oyasi yotar edi. De Goll parlamentar Respublikachilik siyosatini qattiq qoralab chiqdi. Uning fikricha, bu g‘oya “partiya rejimi”ni mustahkamlanishi va hukumat tuzumining batamon buzilishi xavfini keltirib chiqaradi.
Gollistlarning o‘sib borayotgan ta’sir doirasi bilan to‘qnash kelgan Ta’sis Majlisida yetakchilik qilayotgan partiyalar yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha kompramissga kelishga oshiqdilar. Bu loyiha Ta’sis Majlisi muhokamasiga 1946 yil 29 sentyabrida qo‘yildi va 440:106 nisbat bilan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Konstitutsiya to‘g‘risidagi referendum 1946 yil 13 oktyabrida bo‘lib o‘tdi va 53,1% ovoz oldi. 1946 yilning 24 dekabridan To‘rtinchi Respublikaning Konstitutsiyasi kuchga kirdi.
Konstitutsiya Fransiyani demokratik respublika (IV respublika) deb, mustamlaka yerlari bilan esa Fransiya soyuzi deb, e’lon qildi. Konstitutsiya Fransiyani “yagona va bo‘linmaydigan dunyoviy demokratik va sotsial respublika” deb e’lon qildi; xalq ommasining suverenitetini va bir qator demokratik huquq va erkinliklarni, xotin-qizlarning erkinliklar bilan hamma sohada teng huquqqa ega bo‘lishini, mehnat qilish majburiyatlarini, ish tashlash va mehnat qobiliyatini yo‘qotganda davlat yordamini olish huquqlarini, ozodlikni himoya qilgani uchun ta’qib qilinayotgan ajnabiylarga boshpana berilajagini bayon qildi va milliy, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan hamma korxonalar mulkini jamiyat mulki bo‘lishi kerak deb ko‘rsatdi; iqtisodiyotni rejalashtirish va korxonalarni boshqarishga ishchilarni jalb etish kerakligini ta’kidladi. Konstitutsiya bosqinchilik urushlarini ta’qiqladi va tinchlik siyosati yuritish lozimligini ko‘rsatdi.
Konstitutsiyaga muvofiq qonun chiqaruvchi oliy organ ikki palatali parlament, ya’ni Milliy majlis va Respublika Kengashi bo‘ldi. Milliy majlis qonunlarni chiqarish, byudjetlarni qabul qilish, hukumatga ishonch bildirish, sulh shartnomasini tuzish, xalqaro siyosat hujjatlarini tasdiqlash huquqiga ega bo‘ldi. U to‘g‘ri saylov asosida 5 yilga saylandi. Saylov huquqidan 21 yoshga yetganlargina foydalanadi. Respublika Kengashi ikki tabaqali saylov asosida 6 yilga saylanadi. Kengash qonun loyihalarini kuchga kirishini kechiktirish huquqiga ega bo‘ldi. Respublika boshlig‘i – Prezident Milliy majlis va Respublika Kengashining qo‘shma majlisida 7 yil muddatga saylanadi. Prezident ikkinchi marta ham saylanib, o‘z o‘rnida qolishi mumkin. Ijroiya hokimiyat – Ministrlar Sovetining raisi Prezident tomonidan tayinlanadi. 1946 yil Konstitutsiyasi kapitalistik dunyoda eng demokratik konstitutsiyalardan biri bo‘ldi. Unda xususiy mulkka bo‘lgan huquq muqaddas huquq deb e’tirof etildi.



Yüklə 105,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin