Mavzu: Fransiya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda 1-§. Fransiyaning ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi



Yüklə 105,57 Kb.
səhifə1/18
tarix21.06.2023
ölçüsü105,57 Kb.
#133416
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
2020. 13- MAVZU docx


13-mavzu: Fransiya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda


1-§. Fransiyaning ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi.

Fransiya siyosiy tuzumi - prezidentlik boshqaruvidagi demokratik parlamentar respublika. Yer maydoni 544026. kvadrat kilometr; aholisi 61,140 ming kishi (2006 yil); davlat tili – fransuz tili (katalan, oksitan, bask, flamand); pul birligi – yevro (2002 yil 1-martdan); davlat tuzilishi unitar; boshqaruv shakli prezident boshqaruvidagi parlamentar respublika; davlat rahbari – prezident N.Sarkozi (2007 yil 6-maydan). U 6 yilga saylanadi. Parlament ikki palatali – Senat va Milliy Assambleyadan iborat. Asosiy partiyalari: Sotsialistlar, Kommunistlar, Respublika uchun Ittifoq, Fransiya demokratiyasi uchun Ittifoq, Milliy Front. Iqtisodiy taraqqiyoti bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi. Iqtisodi - erkin bozor iqtisodi. Yalpi ichki mahsulot hajmi – 1.519.2 milliard dollar; aholi jon boshiga -27, 523 dollar; yillik o‘sish 2,3% (2007 yil).



Parlament.
Bugunga kelib dunyoning qudratli davlatlaridan biriga aylangan Fransiya siyosiy tuzumiga ko‘ra demokratik respublikadir. Ba’zan uni Beshinchi respublika deb ham atashadi. Chunki bugunga qadar mamlakat tarixida besh marta respublika tuzumi o‘rnatildi. Dastlabki to‘rt respublika taqdiri tanazzul bilan nihoya topdi. Respublikalar tarixi esa ayni paytda parlamentlar tarixi hamdir.
Birinchi respublika 1792 yil 21 sentyabrda o‘rnatilgan va 1793 yilda qabul qilingan mamlakatning konstitutsiyasi o‘zining qonun asoslarini topgan. Unga ko‘ra, qonun chiqaruvchi hokimiyat umumiy ovoz berish yo‘li bilan saylanadigan bir palatali parlamentda mujassamlashgan edi. Mazkur tuzum oradan ikki yil o‘tmay tahlika ostida qoldi va terrorning mudhish zarbalariga uchrab, tez orada xotima topdi. Ikkinchi respublika 1848 yil 24 fevralda e’lon qilindi. Mamlakatning barcha nuqtalarini qamrab olgan inqilob yangi respublika tuzumining shakllanishi uchun zamin yaratdi. Fransuz xalqi o‘zining birinchi prezidentini sayladi (Lui Banopart 40 yoshida prezident etib saylangan edi). Ikkinchi respublika konstitutsiyasiga asosan (1848 y.) qonun chiqaruvchi parlament bir palatadan iborat bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan 3 yilga saylanar edi. Biroq, Ikkinchi respublika sururi ham uzoqqa cho‘zilmadi. 1852 yil 2 dekabrda uning o‘rnini Napoleon III ning Ikkinchi imperiyasi oldi.
Mustabid zo‘ravonlikka qaramay demokratiyaga tashna fransuz xalqi respublika uchun kurashdan qaytmadi. Uzoq kurashlar natijasi o‘laroq 1870 yil 4 sentyabrda Uchinchi respublika tuzumi qaror topdi. 1875 yilgi davlat konstitutsiyasi esa mamlakatda birinchi marta ikki palatali parlament tizimini joriy etdi va shu vaqtdan e’tiboran mazkur tizim jamiyat siyosiy hayotining ajralmas tamoyiliga aylandi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ozod etilgan Fransiyada 1946 yil qabul qilingan konstitutsiya To‘rtinchi respublika tuzumini o‘rnatdi va uning huquqiy asoslarini mustahkamladi. U ikki palatali tizim tartibini saqlab qoldi. Nihoyat, 1958 yil 4 oktyabrda Beshinchi respublikaning qonuniy asosi yangi konstitutsiya e’lon qilindi. Asosiy qonun demokratik tuzum va davlatning boshqaruv shakllarini belgiladi. Unga ko‘ra prezidentlik boshqaruvi joriy etildi va ayni paytda parlament ham o‘zining takomillashgan namunasiga ega bo‘ldi. Parlament ikki palatadan Senat va Milliy Assambleyadan tashkil topgan bo‘lib, qonun chiqaruvchi oliy hokimiyatdir. Qonunchilik vakolatlari: asosiy qonunning 34-moddasiga ko‘ra qonun loyihalarini tayyorlaydi va ovozga qo‘yadi, o‘zgartirishlar yuzasidan takliflar kiritadi. Bu sohada hukumat bilan hamkorlik qiladi. Yillik dasturlar, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish ham uning vakolatiga kiradi (53-modda). Moliya-byudjet sohasidagi vakolatlari: “hamyon huquqi” vakolati darajasida moliyaviy qonunlarni qabul qiladi. Milliy byudjetni taqsimlaydi, yangi xarajatlar xususida o‘z roziligini beradi. 1996 yil 22 fevral qonuniga ko‘ra ijtimoiy himoyani barqarorlashtirishning asosiy shartlarini moliyaviy qonunlar chiqarish yo‘li bilan belgilaydi. Nazorat qilish vakolatlari tizimida hukumat faoliyatini nazorat qilib boradi va uni iste’foga chiqarish mumkin. Bular parlamentning umumiy vakolatlari hisoblanadi.
O‘z navbatida parlamentlar ham bir qator vakolatlarga ega.
Qonunchilikda 577 nafar deputatdan iborat Milliy Assambleya nisbatan ustivor mavqega ega, bikameralizm tizimida yetakchi o‘rinni egallaydi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan xalq tomonidan saylanadi. Hukumat faoliyatini nazorat qiladi va uni siyosiy javobgarlikka tortadi, ishonchsizlik bildirish bilan uning iste’fosini talab qiladi (49-modda). Har ikki palataning vakolatlari doirasiga kiruvchi qonun loyihalari birinchi navbatda Milliy Assambleyada qabul qilinadi, moliyaviy sohada byudjet masalalarini ko‘rib chiqish uchun Senatga nisbatan ko‘proq vaqt va muhlatga ega (39-modda). Senatning so‘l sohilida joylashgan universitet ko‘chasidagi Burbon saroyi quyi palataning qarorgohidir.
Senat esa yuqori palata bo‘lib, “tafakkur palatasi” deb ham ataladi. Senatorlar soni 321 nafar. Senat qonunchiligida konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusiga ega. Chunonchi, u asosiy qonunning posboni hamdir (46-modda). 1984 va 1990 yilda F.Mitteran tomonidan konsititutsiyaning 11 va 61- moddalariga o‘zgartirishlar kiritishga qaratilgan qonun loyihalari Senat tomonidan rad etilgan. Senatorlar ham qonunchilik tashabbusiga ega. Hukumat faoliyatini nazorat qiladi. Senat qonunchilik tashabbusiga ega bo‘lib, quyi palata taqdim etgan qonun loyihalarini qayta ko‘rib chiqadi va o‘zgartirishlar kiritadi. Demak, xizmat qilayotgan Lyuksemburg saroyi ham Sena daryosining oqimi bo‘yicha so‘l sohilida Vujirard ko‘chasida joylashgan.
Eslatib o‘tish joizki, har ikki palata qonunchilikda teng ta’sirga ega. Shu tufayli, ikki palata orasida amalda ijodiy raqobat yaqqol ko‘zga tashlanadi va “parlament navetlari (mokisi, ya’ni qonun ikki palata orasida u yoqdan bu yoqqa borib keladi)” degan shartli ibora bilan nomlanadi. Bunda uch holat namoyon bo‘ladi.
Birinchi holat: qonunning loyiha matni birinchi o‘qishdan so‘ng Milliy Assambleya tomonidan qabul qilinadi va Senatga taqdim etiladi. Senat matnni o‘zgartirishsiz qabul qiladi. Demak, qonun har ikki palata tomonidan yakdillik bilan qabul qilinadi.
Ikkinchi holat: Milliy Assamleya tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi senat muhokamasida ma’lum o‘zgarishlarga uchraydi. Matn o‘zgarishlari tasdiq etilishi uchun Milliy Assambleyaga qaytariladi. Quyi palata mazkur o‘zgarishlarni ikkinchi o‘qishda qabul qiladi va ikkinchi marta Senatga taqdim etadi. Senat isloh qilingan qonun matnini qabul qiladi. Bunda qonun ikkinchi o‘qishda “o‘zaro kelishuv asosida” tahrirlangan holatda qabul qilinadi.
Uchinchi holat kam uchrasada, g‘oyat qiziqarli va o‘ziga xosdir. Bunda birinchi o‘qishdan so‘ng Senatga yuborilgan qonun matni o‘zgartirishlar bilan quyi palataga yuboriladi. Bu o‘zgartirishlar ikkinchi o‘qishdan keyin ham Milliy Assambleya tomonidan qabul qilinmaydi va Senatga ikkinchi marta taqdim etiladi. Senat ham o‘z navbatida o‘z “veto”sini ishga soladi va matnini o‘z tahriri ostiga Assambleyaga qaytaradi. Shundan so‘ng 45-moddaga asosan Bosh vazir tashabbusi bilan “yarashtiruvchi komissiya” tuzildi. Ikki senator va ikki vakildan iborat teng sonli qo‘shma komissiya palatalar orasidagi tortishuvni hal etishga harakat qiladi. Aks holda, Bosh vazir mazkur komissiyani tarqatib yuboradi va qonun loyihasi qabul qilinmaydi. Aynan shunday holatda, mamlakat hayotiga taalluqli muhim masala qonun shaklida qabul qilinmasa, u holda, mazkur masala 15 kun ichida aniq sana bilan prezident tomonidan promulgatsiya qilinadi va shu vaqt ichida Prezident uni qayta ko‘rib chiqishi uchun parlamentga qaytarishi mumkin. Qonunlarning konstitutsiyaviyligi borasida Prezident, Bosh vazir, 60 nafar senator yoki deputat palatalar raislari Konstitutsiyaviy kengashga murojaat qilishlari mumkin.
Fransiya parlamenti palatalari orasida qonunchilik faoliyatida sohalar bo‘yicha aynan taqsimot yo‘q. Shunday bo‘lsada, nisbiy ma’noda quyi palata ijtimoiy-iqtisodiy, moliya-byudjet, ma’muriy boshqaruv sohalarda ko‘proq tashabbus ko‘rsatsa, yuqori palata esa byudjet nazorati, mudofaa va xavfsizlik jabhalarida ustivor mavqega ega.
Har ikki palata 1995 yil 4 avgust qonuni bilan 28-moddaga o‘zgartirilgach, yagona sessiyada bir vaqtda, lekin alohida-alohida: Milliy Assambleya Burbonlar saroyida, Senat sessiyalari esa Lyuksemburg saroyida bo‘lib o‘tadigan bo‘ldi. Sessiya oktyabr oyining birinchi haftasida boshlanib iyun oyining oxirgi payshanbasiga qadar davom etadi. Bosh vazir va Milliy Assambleya deputatlarining ko‘pchiligi talabi bilan favqulodda sessiya Prezident farmoniga (dekret) asosan chiqarilishi mumkin va bu sessiya 12 kundan oshib ketmasligi kerak. Palatalarning faoliyati Palatalar raislari tomonidan boshqariladi. Milliy Assambleya raisi 5 yil muddatga saylanadi va palata debatlarini olib boradi. U Konstitutsiyaviy Kengashning 3 ta a’zosini tayinlaydi. Prezident tomonidan favqulodda holat joriy etilganda xabardor etiladi.
Senat Seant raisi tomonidan boshqariladi. U Prezident va Bosh Vazirdan so‘ng uchinchi ahamiyatli mansabdor shaxsdir. U Konstitutsiyaviy Kengashning uch nafar a’zosini tayinlaydi. Favqulodda holatdan xabardor etiladi. Bundan tashqari, parlamentda siyosiy guruhlar faoliyat ko‘rsatadi. Milliy Assambleyaning kamida 20 nafar deputatlari va Senatning kamida 15 nafar senatorlari siyosiy guruhlar tashkil etish va guruh raislari saylanishlari mumkin. Senat va Milliy Assambleya qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi 6 ta komissiya tuziladi va barcha qonunlarning loyihalari mazkur komissiyalar tomonidan tayyorlanadi. Har ikki palata Kongress deb atalgan umumiy majlisga to‘planishi mumkin. Bunda beshdan uch qism ko‘pchilik ovoz bilan konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar va qonunlar qabul qilinadi yoki ayrim masalalar referendumga havola etiladi.




Yüklə 105,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin