Yana millatning qutqaruvchisi sifatida siyosat maydoniga chiqqan general de Goll Jazoir muammosini yechishdan tashqari, mamlakatda siyosiy qat’iyatsizlikni keltirib chiqarayotgan davlat tizimini tubdan o‘zgartirishni kun tartibiga qo‘ydi. Uzoq vaqt oppozitsiyada bo‘lib, hokimiyatga qaytgan de Goll o‘zining oldingi xatolarini qaytarmaslikka harakat qildi. U ommaviy, yaxshi tashkil etilgan partiyaga tayanar edi. 1958 yilda gollchilarning barcha tarafdorlari “Yangi respublikani himoya qilish ittifoqi” (fransuzcha YuNR)ga birlashdi. Gollizm g‘oyasining mazmunini davlat qurilishidan tortib, iqtisodiyotni nazorat qilishgacha bo‘lgan jabhalarda olib boriladigan siyosat negizida Fransiyaning “Milliy buyukligi” masalasi turardi. “Fransiyaning buyukligi” to‘g‘risidagi gollchilar g‘oyasi an’anaviy millatchilik va milliy ustunlikni targ‘ib qiluvchi shovinistik qarashlardan ancha yiroq edi. Fransiyaning buyukligi de Goll uchun abstrakt maqsad emas, balki bajarsa bo‘ladigan real ijtimoiy prinsip edi. De Goll: “Mening fikrimcha, buyuklikdan mahrum etilgan Fransiya, Fransiya bo‘lishdan to‘xtaydi”,- degan edi. U faqat kuchli davlatgina milliy mustaqillik, birlik, ijtimoiy tartib, adolatparvarlik g‘oyalarining amalga oshishida kafolat bo‘la oladi g‘oyasini ilgari surib: “Kuchli davlat - bu diktatura emas, balki sinflar va shaxsiy manfaatlardan ham yuqorida turuvchi umummilliy manfaatlarni himoya qiluvchi davlatdir”,-degan edi.. De Goll “Partiyalar rejimi”ga qarama-qarshi ravishda xalqning suverenitetiga asoslangan haqiqiy demokratiyani tiklashni taklif qildi. Konstitutsiyaga oid boshqaruv shakli, yosh hukumat rahbari to‘g‘risidagi fikrlar referendum o‘tkazish yo‘li bilan o‘z yechimini topishi lozim edi. De Gollning ta’kidlashicha, birlik, birdamlik, ichki tartib-intizom hokimiyatning ajralmas xususiyatlaridan sanaladi.
1958 yil 1-iyunda Milliy Majlis de Gollga hukumat boshlig‘i lavozimini taqdim etdi. Hukumat konstitutsiyani qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ham ega bo‘ldi. Parlamentning tarqatib yuborilishi bilan To‘rtinchi respublika tuzumiga ham barham berildi. Beshinchi respublika konstitutsiyasining loyihasi hukumat va parlamentning har ikkala palatalari vakillaridan tashkil topgan maslahat komissiyasi ishtirokida Mishel Debre boshchiligidagi ishchi guruhi tomondan tayyorlandi. 1958 yil 28 sentyabrda Konstitutsiya loyihasi referendumga qo‘yildi va 79,2% ovoz bilan ma’qullandi.
1958 yildagi Konstitutsiya Fransiyada aralash, ya’ni qo‘shma prezidentlik-parlamentchilik boshqaruvni joriy qildi. 7 yilga saylanadigan prezident tashqi siyosat, mudofaa va milliy xavfsizlik sohalarida katta vakolatlarga ega bo‘ldi. Prezident ijroiya hokimiyat ustidan o‘z nazoratini Ministrlar Kengashida raislik qilish huquqi asosida amalga oshirdi, bundan tashqari, yuqori lavozimli amaldorlarni tayinlaydi. Bu sohada prezidetning asosiy imtiyozi bosh vazirni tayinlash va iste’foga chiqarish huquqi turadi. Ammo, hukumat tashkil etilishi jarayonida parlamentning quyi palatasi Milliy majlisning ishonch bildirishi lozim bo‘ladi.
Beshinchi respublikaning prezidenti qonun chiqaruvchilik jarayonida qatnashish huquqiga ega edi. Parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar prezident tomonidan ko‘rib chiqilishi va ma’qullanishi lozim edi. Bundan tashqari, prezident kechiktirish, veto huquqiga, shuningdek, muhim qonun loyihalarini referendumga qo‘yish huquqiga ega edi. Prezident parlamentning qo‘yi palatasini xohlagan vaqtda tarqatib yuborish huquqiga ega edi. Prezident, hukumatning faoliyatini nazorat etadigan - Davlat Kengashi va saylov jarayoni, qonunchilikni nazorat etadigan konstitutsion Kengash kabi ikki muhim davlat tashkilotlarining tarkibini tasdiqlaydi. Prezident faqatgina davlatga xiyonat qilgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin edi. Fransuz parlamentining qonun chiqaruvchilik vakolati 1958 yil konstitutsiyasiga ko‘ra ancha chegaralandi. Shunday qilib, 1958 yilgi konstitutsiya Uchinchi va To‘rtinchi respublikalar davridagi parlament ustunligi o‘rniga hokimiyatni taqsimlashning markazlashgan tizimini tashkil etdi.
Ijtimoiy mazmuni jihatidan 1958 yilgi konstitutsiya o‘zidan oldingi asosiy qonunning sotsial mazmunini saqlab qolishga harakat qildi. Uning tarkibiga “Inson va fuqarolarning huquqlari Deklaratsiyasi” va 1946 yilgi konstitutsiyaning preambulasi (muqaddima qismi) hech bir o‘zgarishsiz kiritildi. Shuning bilan birga yangi konstitutsiya fuqarolarning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan keng doiradagi huquqlarini kafolatladi. Fransiya avvalgidek, bo‘linmas, dunyoviy, demokratik va sotsial respublika sifatida belgilandi. “Fransiya Ittifoqi” o‘rniga esa, suveren davlatlarni birlashtirgan “Fransiya hamdo‘stligi” ta’sis etildi.
1958 yilgi konstitutsiya qabul qilingandan so‘ng, hukumat saylov Kodeksiga qo‘shimcha ilovani ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, Milliy Majlisning 577 ta deputati bir mandatli okruglarda ikki turda saylanishlari belgilab qo‘yildi. Bu tizim yirik partiyalarga foyda keltirar edi. Yangi tizim bo‘yicha parlamentga birinchi saylovlar 1958 yilning 23-30 noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Bu saylovlar parlamentning quyi palatasida kuchlar nisbatini keskin darajada o‘zgartirib yubordi. 188 mandatga ega bo‘lgan YuNR parlamentda ko‘pchilik ovozga ega bo‘ldi. 4 mln.ga yaqin saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan FKP ikkinchi turda parlamentga bor yo‘g‘i 10 ta deputatni o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. FSP va radikallar 40 ta o‘rin, XRH esa 44 ta o‘rin egalladi. “Mustaqillar” va dehqonlar Milliy markazi (SNIP)ning g‘alabasi kutilmagan holat edi. “Mustaqillar” 133 ta deputatdan iborat fraksiyani tashkil etdilar. Shunday qilib, parlamentda de Goll tarafdorlari qat’iy ko‘pchilikka erishdi. 1958 yil dekabrida de Goll prezident etib saylandi. U Mishel Debrega yangi hukumat tuzish vazifasini topshirdi. Bu hukumat tarkibiga dastavval, gollchilardan tashqari XRH va “Mustaqillar” dan vakillar hamda sotsialist va radikallarda 1 tadan vakil kiritildi. De Goll o‘z faoliyatini koalitsiyadagi sheriklari bilan kelishgan holda olib borishni umuman hoxlamas edi. Bundan tashqari, prezidentning soyasida qolib ketishdan cho‘chigan ko‘pgina partiyalarning yetakchilari hukumat va prezidentning faoliyatida masofa saqlashga harakat qildi. 1959 yilda sotsialistlar va radikallar ham tamoman oppozitsiya tarafiga o‘tib ketdi. Bundan tashqari, tarkibidan, 1958 yildayoq, muxtor sotsialistik partiyani tashkil etgan “so‘l radikallar” guruhi ajralib chiqqan edi. 1960 yilda bu partiya so‘l sotsialistik Ittifoq bilan qo‘shilib, Birlashgan sotsialistik partiyani tashkil etgan edi. 1960 yilda moliyaviy islohotlarning yo‘llari to‘g‘risidagi tortishuvlar SNIP rahbariyati ichida ixtilof kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. “O‘ng liberal” guruhlarning vakili hisoblangan A.Pine de Gollning talabi bilan moliya va iqtisodiyot Ministri lavozimidan chetlatildi. Natijada, uning o‘rnini “Mustaqillar” qanotining yosh yetakchilaridan hisoblangan Voleri Jiskar d’ Esten egalladi. Gollchilar bilan hamkorlik qilish maqsadga m