Mavzu: Fransiya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda 1-§. Fransiyaning ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi


Urushdan keyingi davrdagi xalqaro munosabatlarda Fransiyaning o‘rni. Jazoir inqirozi va davlat tepasiga general de Gollning kelishi



Yüklə 105,57 Kb.
səhifə6/18
tarix21.06.2023
ölçüsü105,57 Kb.
#133416
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
2020. 13- MAVZU docx

Urushdan keyingi davrdagi xalqaro munosabatlarda Fransiyaning o‘rni. Jazoir inqirozi va davlat tepasiga general de Gollning kelishi.
De Gollchilarning Qarshilik ko‘rsatish harakati tarkibida faollik bilan fashizmga qarshi kurash olib borishi natijasida Fransiya o‘zining halqaro mavqeini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunda SSSRning tutgan siyosati ham muhim ahamiyat kasb etdi. 1944 yil noyabr-dekabr oylarida de Goll boshchiligidagi Fransiya delegatsiyasi Moskvaga tashrif buyurdi. Bu muzokoralar natijasida “Ittifoqchilik va o‘zaro yordam haqidagi shartnoma” imzolandi. Shartnomada tomonlar Germaniya bilan separat muzokoralar olib bormaslik bitim imzolayotgan tomonlarga qarshi qaratilgan har qanday ittifoqlarda qatnashmaslik majburiyatlarini o‘z zimmasiga oldilar. SSSR va Fransiya o‘rtasidagi shartnoma Fransiyaning ittifoqchi davlatlar safidan joy olishiga imkoniyat yaratdi. Bu masala Yalta konferensiyasida uzil-kesil hal qilindi. Fransiya Germaniyada o‘z okkupatsion zonasiga ega bo‘lgan to‘rtta davlatdan biri bo‘ldi. Potsdam konferensiyasi qarorlariga ko‘ra, uning vakili Tashqi ishlar ministrlari Kengashiga kiritildi. Bu Kengashning asosiy vazifasi, urushdan keyingi davrda Germaniya bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishdan iborat edi.
Potsdam konferensiyasi va Tashqi ishlar ministrlari Kengashining yig‘ilishlarida Fransiya Germaniya masalasi bo‘yicha olib borilgan muzokoralarda o‘ta qat’iy pozitsiyani egalladi. Fransuz diplomatiyasi o‘zining tarixan azaliy dushmanini maksimal darajada zaiflashtirishga, Germaniya ustidan xalqaro nazoratni o‘ta qattiqqo‘llik bilan o‘rnatishga hattoki mamlakatni bo‘lib tashlash darajasiga olib kelishni maqsad qilib oldi. Fransiyaning vakili Ittifoqchilar nazorat Kengashining umumgerman hukumatining asosini tashkil etadigan-“Markaziy nemis departamentligi”ni tashkil etish haqidagi qarorga veto berdi. 1945 yil noyabrida AQSh INKga ikki yoki uch zona uchun markaziy departamentlik tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Sobiq Sovet tomoni bu taklifni Germaniyani to‘rttomonlama boshqarish prinsipini buzish deb hisoblab rad etdi. Bu bilan ma’lum ma’noda Fransiyaning manfaatlarini ham himoya qildi. Bir yil o‘tar o‘tmas vaziyat keskin darajada o‘zgarib ketdi. Ittifoqchilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, ochiqdan-ochiq qarama-qarshilikka aylandi.
Ingliz-amerika okkupatsion zonalarining birlashtirilishi so‘ngra fransuz okkupatsion zonasining qo‘shilishi G‘arbiy Germaniyada davlat tashkil etilishiga imkon yaratildi. Nemis davlatining parchalab tashlanishi, GFRning g‘arbiy davlatlar uchun harbiy va iqtisodiy zonaga aylantirilishi, Fransiya diplomatiyasi manfaatlariga mos kelar edi.
1946 yili AQSh bilan Fransiya o‘rtasida Vashington shartnomasining imzolanishi, bu davlatlarning strategik ittifoqchilarga aylanishi uchun birinchi qadam bo‘ldi. Bu shartnomada Fransiyaga kredit berish, uning oldingi qarzlaridan voz kechish ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni erkinlashtirish (liberallashtirish), hukumatlar o‘rtasida mustahkam aloqalarni o‘rnatish va madaniy hamkorlikni faollashtirish masalalari ko‘rildi. Fransiyaning Marshall rejasiga qo‘shilishi Fransiya tashqi siyosatida “atlantika birdamligi”ning g‘alaba qozonishiga olib keldi. Fransiya tashqi siyosatida atlantik yo‘lning kuchayishi muqarrar ravishda SSSR-Fransiya munosabatlarining buzilishiga olib keldi.
Fransiya g‘arb davlatlari harbiy-siyosiy ittifoqining tashkil topishida faol ishtirok etdi. Fransiya 1948 yil 17 martda Bryusselda imzolangan shartnomaga ko‘ra tashkil etilgan G‘arbiy Ittifoqning tashkilotchilaridan biri bo‘ldi. Bir yil o‘tib, Fransiya 1949 yil 4 aprelida tuzilgan Shimoliy Atlantika shartnomasiga a’zo bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida Fransiya AQShning Yevropadagi asosiy harbiy plasdarmiga aylandi. Uning hududiga NATOning harbiy va transport tuzilmalarining katta qismi joylashtirildi. Fontenbloda NATOning bosh shtabi joylashdi. 1950 yil 27 yanvarda imzolangan shartnomaga binoan, Fransiya AQShning Yevropadagi ittifoqchilariga berayotgan harbiy va moddiy yordamlarining asosiy qismini ola boshladi.
40-yillarning oxirlaridan boshlab, Fransiya Yevropa integratsiyasi jarayonida faol qatnasha boshladi. 1949 yilda Yevropa Kengashining tashkil etilishi esa bu borada muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Urushdan keyingi davrdagi fransuz diplomatiyasining yetakchilari J.Bido, R.Shuman, R.Pleven, J.Monnelar Yevropa integratsiyasi jarayonining o‘ziga xos konsepsiyasini ishlab chiqdilar.
1950 yilda Fransiya shu konsepsiyaga mos keladigan tashabbus bilan chiqdi. 9 mayda Fransiya tashqi ishlar vaziri Robert Shuman G‘arbiy Yevropa mamlakatlari ko‘mir va po‘lat sanoatini integratsion birlashuvini ko‘zda tutadigan loyihasini e’lon qildi. “Shuman rejasi” tor doiradagi integratsion birlashuv bo‘lsa-da, biroq, G‘arbiy Yevropa integratsion jarayonlarining tayanch prinsiplariga asos soldi. 1951 yilda “Shuman rejasi”ning amalga oshishi natijasida Yevropa Ittifoqi tizimidagi birinchi tashkilot- “Evropa ko‘mir va po‘lat birlashmasi” tuzildi. Fransiya iqtisodiyotining negizi- ko‘mir va metallurgiya sanoati shu birlashmaga bo‘yskndirildi.
1950 yil oktyabrida Bosh vazir Rene Pleven birlashgan Yevropa qurolli kuchlarini tashkil etish rejasi bilan chiqdi. Fransuz siyosatchilari buni “Evropa ko‘mir va po‘lat birlashmasi”ning mustahkamlanishi yo‘lidagi qo‘shimcha qadam deb baholashdi. Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng, 1952 yil may oyida “oltilikka” a’zo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida Yevropa Mudofaa Birlashmasi (EMB) to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, shartnoma ishtirokchilari o‘z milliy qurolli kuchlaridan voz kechib va ularni YeMB doirasida birlashtirib, Amerika generallari boshchilik qilgan NATO qo‘mondonligiga topshirmoqchi bo‘ldilar. Ammo, bu shartnoma kuchga kirmadi. 1951yil saylovlaridan so‘ng Fransiya parlamentining yangi tarkibi shartnomani ratifikatsiya qilmadi. YeMB to‘g‘risidagi bahslar 1954 yil avgustigacha davom etdi va shuni ko‘rsatdiki, Yevropa integratsiyasi muammolari Fransiya ichki siyosiy hayotidagi eng muhim masalalardan biriga aylandi. Integratsiya aloqalarining kerakligi hech shubha uyg‘otmasada, millatlararo Yevropa institutlarning kuchayishi ko‘pgina siyosatchilar tomonidan milliy suverenitetga xavf solishi mumkinligi e’tirof etildi. Shunisi xarakterliki, YeMB shartnomasini ratifikatsiya qilishdan bosh tortgandan bir oy keyin Fransiya G‘arbiy Yevropa Ittifoqini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shildi. G‘arbiy Yevropa Ittifoqi tuzilmasida milliy qurolli kuchlarning to‘la saqlanib qolishi ko‘zda tutilgan edi.
50-yillarning oxirida To‘rtinchi Respublika inqirozining kuchayishiga qaramasdan, Fransiya Yevropa integratsiya jarayoni taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishni davom ettirdi. 1957 yilda fransuz diplomatiyasi Yevropa Iqtisodiy Hamdo‘stligi va Yevropaning atom energiyasi bo‘yicha hamkorligini tashkil etish loyihasini qo‘llab-quvvatladi.
Urushdan keyingi Fransiyaning tashqi siyosatidagi eng muammoli masala- mustamlakachilik masalasi bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi yillarida mustamlaka tizimiga darz ketdi. Imperiyani tiklashning imkoniyati yo‘qligini tan olgan Fransiyaning yangi siyosiy kuchlari bu vaziyatdan chiqib ketish uchun, Fransiya Ittifoqi formulasi ko‘rinishidagi kompromiss variantni o‘rtaga tashladi. Ammo, bu huquqiy formulani ham amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi. Bunga To‘rtinchi Respublika rejimining siyosiy jihatdan barqaror emasligi, koloniyalardagi mahalliy ma’muriyatlarning jiddiy qarshiligi va fransuz jamiyatining ijtimoiy ongida mustamlakachilikka qarshi qarashlarning o‘sganligi ham sabab bo‘ldi. 1945 yil mayida mustamlaka hukumati Jazoirdagi qo‘zg‘olonni dahshatli ravishda bostirdi. Bir yarim yil o‘tib, xuddi shunday hodisa Madagaskarda ham bo‘lib o‘tdi. Mahalliy aholi ichidagi qurbonlar soni 80 mingdan ortiqni tashkil etdi. Hindixitoydagi harbiy majoro ham Fransiyaning siyosiy hayotiga salbiy-ta’sir ko‘rsatdi.
1945 yilning 19 avgustida vetnamdagi qo‘zg‘olonchilar qo‘shining boshlig‘i Xo Shi Min tomonidan mustaqil davlatning tashkil etilganligi e’lon qilindi. Fransiya va V’etnam o‘rtasida “Fransiya ittifoqi”ga kiradigan Vetnam Respublikasining mustaqilligi sifatida tan olinganligi to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Biroq, Fransiya qo‘g‘irchoq “Koxinxin Respublikasi”ning tuzilishiga yaqindan yordam berdi va uni qo‘llab-quvvatladi. 1946 yil noyabridan boshlab, Hindixitoy-yarim oroli xududida harbiy harakatlar boshlandi. U yetti yilga cho‘zildi. 10 ming kishilik Vetnam armiyasi partizan urushi usullaridan foydalanib, fransiyaliklarining 90 ming kishilik ekspeditsion qo‘shiniga karshi kurashdi. AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Fransiya ekspeditsion qo‘shinlari sonini 180 minggacha yetkazdi. Vetnamning ham armiyasi tarkibida 100 mingdan ortiq jangchi bor edi.
1954 yilning yanvar-fevral oylarida Fransiya, Buyuk Britaniya, AKSh va SSSR davlatlari tashqi ishlar ministrlarining Berlin kengashida, 1954 yilning aprel oyida Hindixitoyda tinchlik o‘rnatish masalasida Jenevada mahsus kengash chaqirish to‘g‘risida kelishib olindi. 1954 yil 21 iyulda Jenevada “Jeneva shartnomasi” nomi bilan bitim imzolandi. Unga ko‘ra, 17-paralleldan chegara chizig‘i o‘tkazilib, Shimoliy va Janubiy Vetnamda mustaqil suveren davlatlar tashkil etildi. Fransiya Hindixitoy hududidan o‘z qurolli kuchlarini olib chiqib ketish majburiyatini oldi. Biroq, Janubiy Vetnam qurolli kuchlari ustidan nazorat o‘rnatish huquqini ham saqlab qoldi. Bu urushda Fransiya o‘lganlar, asir tushganlar va yarador bo‘lganlar bilan birga 140 ming kishidan ajraldi.
50-yillar boshlarida “Fransiya ittifoqi”ga kiruvchi Tunis va Marokash bilan Fransiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib ketdi. 1951 yilning oktyabr oyida Tunis hukumati to‘la mustaqillik berish talabi bilan chiqdi. Fransiya bunga qatag‘onlar to‘lqini bilan javob berdi. Bu qatag‘onlar asosan Tunisdagi Neo-Destur milliy partiyasining faollariga qarshi qaratilgan edi. Tunis hukumatining Bosh vaziri Shenik qamoqqa olindi, Tunis kasaba uyushmasiining bosh kotibi Xashed o‘ldirildi. Tunisda partizanlar urushi boshlandi. Marokashdagi vaziyat ham o‘ta keskinlashdi.
1952 yil dekabr oyida “Istiqlol” Milliy partiyasi va Marokash Kommunistik partiyasining faoliyati ta’qiqlab qo‘yildi. 1954 yilda Jazoirda Milliy Ozodlik Frontining tashkil topishi milliy ozodlik harakatining kuchayishiga olib keldi. 1955 yilda Fransiya parlamenti Jazoirda favqulodda holatni e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Hukumat tepasiga Gi Mollening kelishi vaziyatning keskin o‘zgarishiga olib keldi. 1956 yil martida Marokash va Tunisning mustaqilligi tan olinganligi to‘g‘risidagi shartnomalar tuzildi. Jazoir muammosi bundan ham murakkab edi. Mamlakatda 1 mln.dan oshiq yevropaliklar istiqomat qilib, ular bir necha o‘n yillar davomida Fransiya va boshqa Yevropa davlatlaridan kelib qolgan va mahalliy aholi bilan chatishib ketgan kishilarning avlodlari edi. Ular mahalliy xalq bilan etnik, madaniy va lingvistik (til) sintez (bog‘lanib qo‘shilib ketish) oqibatida tashkil topgan, o‘ziga xos ijtimoiy guruhlar edilar. Yevroaljirliklar o‘zlarini bu mamlakatning asl xo‘jayinlari hisoblardi. Fransiya jamoatchiligi nazarida Jazoir mustamlaka emas, balki Fransiyaning bo‘linmas hududi hisoblanar edi. XIX asrning oxiriga kelib, Jazoir Fransiya Milliy hududining bir qismi ekanligi haqidagi statusga ega bo‘ldi. Musulmon aholi ichida milliy ozodlik harakatining avj olishi tufayli fuqarolar o‘rtasidagi ziddiyatlar keng miqyosli harbiy harakatlarga aylanish xavfini keltirib chiqardi.
Hattoki, dekonolizatsiyalash (mustamlakachilikka barham berish) jarayoniga huquqiy tus berishga intilayotgan Gi Molle hukumati ham Jazoirda harbiy kuchlarni saqlab turish to‘g‘risida bayonot berdi. Gi Molle bu nizodan chiqib ketish yo‘li saylov tizimida islohot o‘tkazish deb hisoblar edi. Bu islohotga ko‘ra mahalliy (tub) va yevropaliklarga oid aholining saylov huquqini tenglashtirish lozim edi. Ammo, bu loyiha nizolashayotgan har ikkala tomonni ham qoniqtirmas edi. Gi Molle hukumatiga favqulodda vakolatlarning berilishi yuzaga kelgan inqirozning kuchayishiga olib keldi. Jazoirga qo‘shimcha ravishda 100 mingdan ortiq askar va zaxira qismlar jo‘natildi. Oradan uch oy o‘tib, 1956 yil iyulida Fransiya hukumati Suvaysh kanalini milliylashtirgan Misr hukumatiga qarshi intervensiyada faol qatnashdi. Bu mojaroda fransuz diplomatiyasining mag‘lubiyatga yuz tutishi Jazoirdagi vaziyatni yanada keskinlashtirdi.
1957 yil yanvarida general Massyu Jazoirdagi boshqaruv vakolatini o‘z qo‘liga oldi. Bu yuzaga kelgan nizoni siyosiy yo‘l bilan bartaraf etib bo‘lmasligini bildirardi. Jazoirda qatag‘on qilish siyosati kuchaytirildi. Yangi hukumat boshlig‘i F.Gayaraning Jazoir muammosini amerika diplomatiyasi yordamida bartaraf etish uchun qilgan urinishlari yevrojazoirliklar orasida kuchli noroziliklarni keltirib chiqardi. Ularning rahbariyati ichida general de Gollning tarafdorlari muhim o‘rin tuta boshladi. “Fransuz Jazoirini yangilash va saqlab qolish uchun kurash ittifoqi”ning tashkilotchisi J.Sustel general Massyu bilan birgalikda Jazoirda o‘ta o‘ngchilar fitnasining tashabbuskorlari bo‘ldilar. 1958 yil 13 mayda J.Sustel va general Massyu boshchiligidagi “Milliy qutqarish qo‘mitasi” Jazoirdagi boshqaruvning to‘laligicha ular qo‘liga o‘tganligini e’lon qildi. O‘sha kuni Fransiyada T. Pflimlen boshchiligida koalitsion hukumat tuzildi. Yangi hukumat bilan general de Goll o‘rtasida qisqa muzokara bo‘lib o‘tdi. Muzokara de Goll boshchiligida “Millatni qutqarish hukumati”ni tuzish va masalani Milliy Assambleya muhokamasiga qo‘yish bilan tugadi. Nihoyat, 1958 yilning 1-iyunida ovoz berish bo‘lib o‘tdi va ko‘pchilik ovoz bilan millat qahramoni general de Goll boshchiligida “Millatni qutqarish hukumati” tuzildi.


Yüklə 105,57 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin