De Gollchilar Fransiyasining tashqi siyosati. De Goll tashqi siyosatda atlantik birdamlik g‘oyasiga va dunyoni ikki markazdan turib boshqarish siyosatiga qarshi chiqdi. Uning fikricha Fransiya G‘arb va Sharq o‘rtasidagi muloqotlarda muhim rol o‘ynay oladigan mamlakat. De Gollning bu yo‘li Fransiya-SSSR munosabatlarining yaxshilanishiga olib keldi. 1958-1959 yillarda hukumatlararo munosabatlar yangidan faollashdi va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar yanada kengaydi. 1960 yilda N.Xrushevning Fransiyaga tashrifidan so‘ng bu davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda keskin burilish yuzaga keldi.
1966 yil de Gollning SSSRga rasmiy tashrifi Fransiyaning NATO harbiy tuzilmasidan chiqish vaqtiga to‘g‘ri keldi va katta siyosiy shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. 1959 yilda tashkil etilgan “Fransiya-Sharqiy Yevropa” qo‘mitasi sa’y-harakati bilan Fransiyaning va Sharqiy Yevropadagi sotsialistik mamlakatlar bilan aloqalari yaxshilandi. Fransiya birinchilardan bo‘lib GDRni tan oldi. De Goll kommunistik rejimlar bilan hamkorlikni rivojlantirish jamiyatni demokratlashtirishning eng samarali usuli deb hisobladi.
60-yillarda Fransiyaning AQSh bilan munosabatlari sezilarli darajada yomonlashdi. De Goll Fransiyaning milliy xavfsizligi bo‘yicha mustaqilligini to‘la ta’minlash eng muhim masalalardan deb hisoblardi. Dastlab, de Goll NATOdagi ittifoqchilari bilan qarama-qarshilikka borishni istamagan edi. Fransuz diplomatiyasi NATO tarkibida “triumvirat” - AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya davlatlarining yetakchilik guruhini tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. Parij AQShdan NATOning yadroviy kuchlariga yagona nazorat o‘rnatish fikridan voz kechishni talab qildi. 60-yillar boshlarida Berlin va Karib inqirozlari tufayli xalqaro vaziyatning keskinlashishi, siyosiy tashabbuslarning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi de Gollni mustaqil ravishda Fransiyaning milliy xavfsizligini kuchaytirishga majbur qildi. 1962 yilda yadro qurollari tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan muzokaralarda Buyuk Britaniya fransuzlarning milliy yadroviy kuchlarni hamkorlikda tuzish to‘g‘risidagi loyihasini rad etdi va aksincha, AQShning NATO tarkibida ko‘p tomonlama yadroviy kuchlarni tuzish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab quvvatladi.
1963 yilda Fransiya “atlantik birdamlik” yo‘nalishidan batamom voz kechdi va mustaqil “yadroviy kuchni” tuzishga kirishdi. Atom suvosti kemalari va 3 ming km.gacha radiusdagi “er-yer” tipidagi yadroviy raketalarni olib uchadigan “Miraj-IV-2” samolyotlarini ishlab chiqarish ishlari boshlanib ketdi. 1964 yil iyulda bo‘lib o‘tgan matbuot konferensiyasida de Goll Fransiyaning yadroviy mamlakatga aylanganligi haqida tantanali bayonot berdi. Keyingi yilda Fransiya AQSh nazorati ostida bo‘lgan harbiy-siyosiy tizimlardan asta-sekin chiqib keta boshladi. 1965 yilda Fransiya SEATO Kengashi yig‘ilishlarida qatnashishni to‘xtatdi. Bu esa o‘z navbatida Fransiyaning SEATOdan chiqqanligini anglatar edi. 1966 yil martida fransuz hukumati NATOning harbiy tashkilotidan chiqish to‘g‘risida bayonot berdi. NATO rahbariyatiga qisqa vaqt ichida Fransiya hududlarida joylashtirilgan 40 minglik AQSh va Kanada harbiylarini olib chiqib ketish talabi qo‘yildi. 1967 yilda Fransiya qurolli kuchlari Bosh shtabining boshlig‘i general Sh.Ayere tomonidan mamlakatning yangi harbiy doktrinasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra yadroviy kuchlar milliy xavfsizlikning tayanchi hisoblandi. Bu qurolni urush boshlash uchun emas, balki uni to‘xtatish uchun ishlatish ko‘zda tutildi. Bu doktrina “barcha azimutlar bo‘yicha mudofaa” degan nomni oldi.
De Goll YeIHning millatlarni boshqaruvchi tashkilotga aylanishiga qarshi chiqdi va “Evropa yagona-Vatan” shiorini ilgari surib, mustaqil davlatlar hamdo‘stligini tuzishni yoqladi. “Evropa” tushunchasiga Atlantikadan Uralgacha bo‘lgan hududni kiritishni taklif etdi. “Evropa yagona-Vatan” konsepsiyasini taraqqiy ettirish davomida fransuz diplomatiyasi 1960 yilda “Fushe rejasi” loyihasini ilgari surdi. Unga ko‘ra, Yevropadagi “oltilik” davlatlar NATOga bo‘ysunmagan holda Yevropaning xavfsizlik tizimini ishlab chiqishi, tashqi siyosatni koordinatsiya qilishi, iqtisodiy jihatdan rivojlanish strategiyasini birgalikda ishlab chiqish orqali integratsion jarayonlarni chuqurlashtirish ko‘zda tutilgan edi. “Fushe rejasi ”ga ko‘ra, kelgusida Yevropa davlatlarining Ittifoqini tuzish istiqboli bor edi. Bu ittifoqning a’zolari o‘z mustaqilliklarini saqlagani holda jahon sahnasida yagona kuch sifatida namoyon bo‘lishlari lozim edi. Ammo, Fransiyaning YeH dagi sheriklari NATOga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bu loyihani rad etdilar. “Fushe rejasi” barbod bo‘lgach, de Goll Yevropadagi YeH tizimining davlatlar ustidan nazoratining kuchayishiga qarshi kurashdi. 1965 yilda de Goll Yevropa komissiyasining raisi V.Xolshteyning YeH ning vakolatlarini oshirishi haqidagi rejasini qattiq qoralab chiqdi.
Yevropa Hamdo‘stligidagi sheriklari ichida de Goll GFR kansleri K.Adenauerning tutgan pozitsiyasini yuqori baholar edi. Fransiya diplomatiyasi tomonidan “Parij-Bonn” o‘qiga dunyo siyosatida, ayniqsa, Yevropada eng asosiy kuch sifatida qaralar edi. 1963 yilda fransuz-nemislar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikkala davlatning yaqinlashishi natijasi bo‘ldi. Ammo, GFRda kansler lavozimiga L.Erxardning kelishi va tashqi siyosatda atlantik yo‘nalishning kuchayishi oqibatida har ikkala davlat o‘rtasidagi aloqalar zaiflashib ketdi.
De Gollning hokimiyat tepasiga kelgan vaqti murakkabligiga qaramasdan, uning tashqi siyosatida mustamlaka masalasi birinchi o‘rinda turmas edi. Prezidentning ko‘pgina safdoshlari, unga Jazoir muammosiga barham bera oladigan, imperiyaning parchalanib ketishini to‘xtatib qoladigan qattiqqo‘l kishi sifatida qarardi. Biroq, de Gollning endi an’anaviy kolonializm davri barham topganiga ishonchi komil edi. U uchinchi dunyo mamlakatlari bilan bo‘ladigan o‘zaro aloqalarning ikkala tomon uchun ham foydali iqtisodiy aloqalar bo‘lishini Fransiyaning har qanday davlatning o‘z taqdirini o‘zi belgilashiga befarq qaramaydigan va kerak bo‘lsa yordam beradigan davlat sifatida tanilishini istar edi.
1958 yil konstitutsiyasiga ko‘ra Fransiya Ittifoqi Xamdo‘stlik deb o‘zgartirildi. Hamdo‘stlik suveren davlatlar ixtiyoriy birlashuvidan tashkil topib, har bir a’zo davlat to‘la mustaqillik olishi va tashkilotdan erkin chiqib ketish huquqiga ham ega bo‘ldi. Hamdo‘stlik tarkibiga kirmoqchi bo‘lgan davlatlar umumxalq referendumlari asosida qabul qilinadigan bo‘ldi. Faqatgina Gvineya unga a’zo bo‘lishdan voz kechdi va 1958 yil 1oktyabrda mustaqil davlat bo‘lib chiqdi. Tez orada tashkilotga a’zo davlatlar Hamdo‘stlik safidan birin-ketin chiqib keta boshladi. 1960 yil yanvarida Kamerun, sal keyinroq Togo, Fransiya Ekvatori va G‘arbiy Afrikasi tarkibiga kiruvchi boshqa davlatlar ham mustaqillikka erishdi. “Afrika yili” sifatida tarixga kirgan 1960 yilda Fransiyaning Afrikdagi mustamlakalaridan 14 tasi mustaqil bo‘ldi. Ammo, gollchilar hukumatining tadbirkor va puxta siyosati tufayli Fransiya bu hududlarda o‘zining iqtisodiy va siyosiy nufuzini nafaqat saqlab qoldi, balki yanada mustahkamlashga erishdi. Konstitutsiyadagi “Hamdo‘stlik” to‘g‘risidagi nizom (qonun) 1995 yilga kelib tamomila bekor qilindi.
Fransiyaning uchinchi dunyo mamlakatlari bilan munosabatlarining yaxshilanishida Jazoirdagi nizoning barham topishi muhim ahamiyat kasb etdi. Goh Jazoir millatchilari, goh “Ultra” tomonidan amalga oshirilayotgan har qanday ekstremistik harakatlarni tugatish uchun qattiqqo‘llik bilan kurashayotgan de Goll bu masalani huquqiy yo‘l bilan yechishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. 1959 yilning oktyabridayoq, prezident “Jazoir muammosini” jazoirliklarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilashi to‘g‘risida bayonot berdi. Bunga qarshi “Ultra” yangi ekstremistik va zulmkorlik harakatlari bilan javob berdi. 1960 yil yanvar oyida Jazoir poytaxtida “barrikadalar haftasi” nomini olgan fitnaga urinish bo‘lib o‘tdi. 1961yil 8 yanvarda Fransiya hukumati “Jazoir o‘z taqdirini o‘zi belgilashi to‘g‘risida”gi masalani referendumga qo‘ydi. Bu loyihani qo‘llab-quvvatlab 75% saylovchi ovoz berdi. Bu voqelar tufayli “Ultra” davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinib ko‘rdi. Ular 22 aprelda Jazoirga dislokatsiya (joylashtirilgan) qilingan harbiy qo‘shinlar yordamida Jazoir poytaxtini egallab olishdi va Fransiya prezidentining ag‘darilganini e’lon qilishdi. Fitnaga Salan, Juo, Shal va Ziller kabi generallar boshchilik qildi. Hatto, metropoliyaga Jazoirdagi harbiy qismlardan desant tashlash xavfi ham paydo bo‘ldi. Hukumatga sodiq bo‘lgan harbiy kuchlarning Jazoirga tashlanishi bilan fitnaga barham berildi.
Deyarli bir yil mobaynida olib borilgan muzokaralardan so‘ng 1962 yil 18 martda Fransiya hukumati va Jazoir Milliy Ozodlik harakati o‘rtasida “Evian” bitimi imzolandi. Unga ko‘ra o‘t ochish to‘xtatildi, Jazoir o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan bo‘ldi va kelajakda Fransiya-Jazoir o‘rtasidagi munosabatlarning qonun-qoidalari ishlab chiqildi. 1962 yil 1 iyulda Jazoirda o‘tkazilgan referendumdan so‘ng fransuz hukumati bu mamlakatning mustaqilligini rasman tan oldi. Jazoirdagi inqirozning barham topishi Fransiyaning arab mamlakatlari bilan aloqalarining kengayishiga turtki bo‘ldi. 60-yillarning ikkinchi yarmida Fransiyaning uchinchi dunyo siyosatida bu yo‘nalish ustivor bo‘lib qoldi.