empirik tadqiqot metodlari. Kuzatish–narsa va hodisalarni izchil passiv kuzatish. Asosan, sezgi a’zolarining ma’lumotlariga tayanadi. Kuzatish jarayonida biz bilish ob’ektining nafaqat tashqi tomonlari haqida, balki, pirovard maqsad sifatida uning muhim xossa va munosabatlari haqida ham bilim olamiz. Kuzatish bevosita yoki turli asboblar va boshqa texnik uskunalar yordamida bilvosita amalga oshirilishi mumkin. Fan rivojlanishi bilan kuzatish tobora murakkablashib, uning vositalari ko‘payib bormoqda. Ilmiy kuzatishga qo‘yiladigan asosiy talablar: maqsad (kuzatish ob’ekti)ning aniqligi; qayta kuzatish orqali yoki boshqa metodlar (masalan, eksperiment) yordamida nazorat qilish mumkinligi. Kuzatish natijalarini talqin qilish, asboblarning ko‘rsatkichlarini o‘qish va shu kabilar muhim ahamiyatga ega.
eksperiment–o‘rganilayotgan jarayonga faol va izchil aralashish, eksperimentning maqsadlariga muvofiq maxsus yaratilgan hamda nazorat ostiga olingan sharoitlarda tadqiq qilinayotgan ob’ektni tegishli tarzda o‘zgartirish yoki uni aks ettirish. eksperiment jarayonida o‘rganilayotgan ob’ekt uning mohiyatini buzib ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlardan ajratiladi va «sof shakl»da ifoda etiladi.
Eksperimentning asosiy xususiyatlari:
a) tadqiqot ob’ektiga (kuzatishdagiga qaraganda) yanada faolroq munosabat, shu jumladan, uni o‘zgartirish va qayta tuzish;
b) ob’ektning xulq-atvorini nazorat qilish va natijalarni tekshirish imkoniyatining mavjudligi;
v) tadqiqotchining xohishiga ko‘ra, o‘rganilayotgan ob’ektni bir necha marta aks ettirish mumkinligi;
g) hodisalarning tabiiy sharoitlarda kuzatilmaydigan xossalarini topish imkoniyatining mavjudligi.
Eksperimentlarning turlari juda xilma-xildir. Vazifalariga qarab tadqiqot (qidirish), tekshirish (nazorat) va aks ettirish eksperimentlari farqlanadi. Ob’ektlarning xususiyatiga qarab fizik, kimyoviy, biologik, ijtimoiy va h.k. eksperimentlar farqlanadi. Sifat va son eksperimentlari ham mavjud. Fikriy eksperiment–ideallashtirilgan ob’ektlar haqida fikr yuritish protseduralari tizimi hozirgi zamon fanida keng tarqalgan.
Taqqoslash–ob’ektlar (yoki ayni bir ob’ektning rivojlanish bosqichlari)ning o‘xshash yoki farqli jihatlarini, ya’ni ularning ayniyligi va tafovutlarini aniqlovchi bilish operatsiyasi. U faqat turkum hosil qiluvchi turdosh predmetlar majmuidagina ma’no kasb etadi. Predmetlarni turkumda taqqoslash ayni tadqiqot uchun muhim belgilarga qarab amalga oshiriladi. Bunda bitta belgiga qarab taqqoslanayotgan predmetlarni boshqa belgiga qarab taqqoslash bo‘lmasligi ham mumkin. Taqqoslash mantiqiy usul–analogiyaning (quyida qarang) negizi hisoblanadi va qiyosiy-tarixiy metodning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Uning maqsadi–ayni bir hodisa yoki birgalikda mavjud har xil hodisalar rivojlanishining turli bosqichlari (davrlari, darajalari)ni bilishda umumiy va xususiy holatlarni aniqlash.
Tavsiflash–tajriba (kuzatish yoki eksperiment) natijalarini fanda qabul qilingan ma’lum belgilash tizimlari yordamida qayd etishdan iborat bilish operatsiyasi.
O‘lchash–qabul qilingan o‘lchov birliklarida o‘lchanayotgan kattalikning son miqdorini topish maqsadida ma’lum vositalar yordamida bajariluvchi amallar majmui.
SHu o‘rinda qayd etib o‘tish kerakki, empirik tadqiqot metodlari hech qachon «ko‘r-ko‘rona» amalga oshirilmaydi, balki har doim nazariy jihatdan belgilangan, ma’lum konseptual g‘oyalar bilan yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |