Fanning funksiyalari. Fan funksiyalarining tasnifi muammosi hanuzgacha bahsli bo‘lib qolmoqda. Bu holat qisman fan o‘z zimmasiga yangi va yangi funksiyalarni olib rivojlangani, qisman u ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida amal qilib, ob’ektiv va shaxssiz qonuniyat haqida emas, balki fan-texnika taraqqiyotining barcha yutuqlarini amalga tatbiq etish haqida o‘ylay boshlagani bilan izohlanadi. Fanning ijtimoiy funksiyalari haqidagi masala alohida va ustuvor ahamiyatga ega muammo sifatida qayd etiladi.
Fanning asosiy maqsadi doim ob’ektiv bilimlarni yaratish va tizimga solish bilan bog‘liq bo‘lgani tufayli, fanning zaruriy funksiyalari tarkibiga borliq jarayonlari va hodisalarini fanda kashf etilgan qonunlar asosida tavsiflash, tushuntirish va bashorat qilish kiritilgan. Fan, ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida, ko‘p sonli munosabatlar, shu jumladan iqtisodiy, ijtimoiy-psixologik, mafkuraviy, ijtimoiy-tashkiliy munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Bilish faoliyati madaniyat borlig‘i bilan mushtarakdir.
Haqiqiy bilimni yaratish funksiyasi fan binosini quruvchi asosiy funksiya hisoblanadi. U kichik funksiyalar: tavsiflash, tushuntirish, prognoz qilishga bo‘linadi.
Fanning loyihalash-konstruksiyalash funksiyasi borliqni amalda o‘zgartirish bosqichidan oldin keladi va har qanday darajadagi intellektual izlanishning ajralmas qismi hisoblanadi. Loyihalash-konstruksiyalash funksiyasi mutlaqo yangi texnologiyalarni yaratish bilan bog‘liq bo‘lib, bu bizning davrimizda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi4.
Fanning madaniy-texnologik funksiyasi insonning bilish faoliyati sub’ekti sifatida materialga ishlov berish, uni o‘zlashtirish va bilish jarayoniga jalb qilish bilan bog‘liqdir.
Fanning madaniy funksiyasi faqat samarali natija, ya’ni ilmiy faoliyat natijalari madaniyatning umumiy salohiyatini ham tashkil etishi bilan bog‘liq emas. Fanning madaniy funksiyasi o‘zining prosessualligi bilan kuchli. U avvalo insonni faoliyat va bilish sub’ekti sifatida shakllantirishni nazarda tutadi. Individual bilishning o‘zi faqat madaniyatda qabul qilingan va mavjud bo‘lgan madaniylashtirilgan, ijtimoiy shakllarda amalga oshiriladi. Individga bilish vositalari va usullari tayyor holda taqdim etiladi. Individ ular bilan ijtimoiylashuv jarayonida tanishadi. Tarixan u yoki bu davrning kishilik jamiyati doimo borliqni o‘rganishning umumiy leksik vositalariga ham, umumiy vositalarga ham, maxsus tushunchalar va taomillarga ham ega bo‘lgan. Ilmiy bilim hayotga chuqur kirib, odamlar ongi va dunyoqarashini shakllantirishning muhim negizini tashkil etib, shaxsning shakllanishi yuz beruvchi ijtimoiy muhitning ajralmas tarkibiy qismiga aylandi.
Fan jamiyatdagi jarayonlarni ijtimoiy tartibga solish funksiyasini bajaradi. U jamiyat ehtiyojlariga ta’sir ko‘rsatadi, oqilona boshqarishning zaruriy shartiga aylanadi. Har qanday yangilik dalillar bilan ilmiy asoslashni talab qiladi. Fanni madaniy-ijtimoiy tartibga solish mazkur jamiyatda shakllangan ta’lim va tarbiya tizimi orqali hamda tadqiqotchilik faoliyati va fan etosiga jamiyat a’zolarini jalb qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Fanni olimlar hamjamiyati rivojlantiradi. SHu sababli fan muayyan ijtimoiy va kasbiy tashkilotga, rivojlangan kommunikasiyalar tizimiga ega bo‘ladi. Frensis Bekon o‘z davrida shunday deb qayd etgan edi: «Fanning takomillashuvini biron-bir odamning qobiliyati yoki uddaburonligidan emas, balki bir-birining o‘rniga keluvchi ko‘plab avlodlarning izchil faoliyatidan kutish lozim». Olim – doim u yoki bu ijtimoiy-madaniy muhit vakili. Mavjud ilmiy-ijodiy imkoniyatlarga butun ijtimoiy-madaniy maydonning ta’siri fan preparatining «soflik» darajasini ko‘rsatadi.
Fanda haqiqatni izlash, tanqid, bahs, munozara ham qo‘llab-quvvatlanadi. Olim o‘zining kasbiy mahoratini maqolalar, asarlar e’lon qilish, ilmiy davralarda ma’ruzalar bilan chiqish, fanga doir malakaviy talablarga javob berish orqali muttasil tasdiqlaydi va ko‘pincha o‘z opponentlari-hamkasblari bilan ham, jamoatchilik fikri bilan ham murakkab munosabatlarga kirishadi. Olim faoliyatining e’tirof etilishi unga ilmiy daraja va unvonlar berilishi bilan bog‘liq. Fanda eng nufuzli mukofot Nobel mukofoti hisoblanadi.
Albatta, shaxsning ijodiy imkoniyatlari ro‘yobga chiqmasligi yoki ijtimoiy tizim bunga imkoniyat bermasligi ham mumkin. Biroq ixtiro qilish, biror yangi narsani kashf etishga jamiyat emas, balki faqat teran aql va zarur bilimlarga ega bo‘lgan individgina qodirdir.
Fanning siyosat vositasidagi funksiyasi jamiyatning mafkuraviy ehtiyojlariga javob berishda amal qiladi. Markscha mafkura fanni to‘la va yalpi nazorat qilgani, kibernetika, genetika, matematik mantiq va kvant nazariyasiga qarshi kurash olib borgani XX asr fani tarixidan yaxshi ma’lum. Markscha fan rivojlanishining bu jihatiga baho berar ekan, E.Agassi shunday xulosa chiqaradi: «Mafkura fanni unga mafkuraviy fikrlashga nisbatan ustunlikni ta’minlagan ob’ektiv bilim imidjidan mahrum etishga harakat qildi... Markschilar fan, ayniqsa ilmiy faoliyat amaliy sohalarda va hokimiyat bilan munosabatlarda (pragmatik daraja) ijtimoiy jabhaga bog‘liq ekanligini qayd etardilar, bundan tashqari, fanni texnologiya bilan tenglashtirishga moyil edilar»5.
Rasmiy fan jamiyatning asosiy mafkuraviy mo‘ljallarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud hokimiyat va mafkura o‘zining imtiyozli mavqeini saqlashiga yordam beruvchi intellektual dalillar va amaliy vositalar taqdim etishga doimo majburdir. Bu jihatdan fan mafkuradan «ruhlanishi», uni o‘zida mujassamlashtirishi lozim. T.Kun ta’biri bilan aytganda, «olimlar boshqotirmalarni echishni o‘rganadilar va buning orqasida katta mafkura turadi»6. SHu sababli fanning betarafligi haqidagi xulosa doimo qizg‘in munozaraga sabab bo‘ladi.
Jamiyat muttasil ta’sirining sezilishi bugungi kunda fan «ijtimoiy buyurtma»ni bajarishga majburligi bilangina izohlanmaydi. Texnologik ishlovlarning qo‘llanish oqibatlari uchun katta axloqiy mas’uliyat har doim olim zimmasiga yuklanadi. Aniq fanlarga nisbatan maxfiylik xususiyati juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu, xususan, harbiy sanoat sohasida maxsus buyurtmalarni bajarish bilan bog‘liq. Darhaqiqat, shunday texnologiyalar va ishlovlar mavjudki, insoniyat uchun ulardan foydalanish o‘ziga o‘zi ziyon etkazish yoki o‘zini o‘zi qirg‘in qilish bilan barobar.
Fanni belgilovchi ijtimoiy-psixologik omillar ilmiy tadqiqot kontekstiga tarixiy va ijtimoiy ong haqidagi tasavvurlarni, olimning shaxsi va ma’naviy qiyofasi, bilishning kognitiv mexanizmlari va uning faoliyatini rag‘batlantiruvchi omillar haqidagi mulohazalarni kiritishni taqozo etadi. Ular fanni sosiologik o‘rganish majburiyatini yuklaydi, chunki fan, ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida, o‘z rivojlanishining nafaqat ijobiy, balki salbiy oqibatlari bilan ham tavsiflanadi. Faylasuflar fanning qo‘llanilishi o‘zining axloqiy va insoniy mazmunini yo‘qotishidan ehtiyot bo‘lishga chaqiradilar. Bu holda fan qattiq tanqid ob’ektiga aylanadi, olimlar faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish muammolari muhim ahamiyat kasb etadi.
http://fayllar.org
Dostları ilə paylaş: |