MapInfo maxsus tizimi. Mapping (kartografik) tizimlari - bu kartalarni professional ishlab chiqishga mo‘ljallangan maxsus dastur mahsulotidir. Mapping hamma kerakli elementlarni tasvirlaydigan standart topokartalarni ishlab chiqarishda yaxshi samara berib kelmoqda. Mappingda CAD da bo‘lmagan ko‘pgina qo‘shimcha imkoniyatlar mavjud. Obyektlarni kartalarda tasvirlash belgilangan tartibda shartli belgilarga asoslangan holda olib boriladi. Bu, o‘z navbatida, qisqa vaqt ichida yuqori sifatli standart kartalarni tuzishni ta’minlaydi. Mapping modellashtirish va tahlil qilish imkoniyatini bersa, mavzuli kartografiyalash va monitoring qilishni chegaralaydi. Bunday imkoniyatni faqatgina ArcGIS orqali bajarish mumkin.
MapInfo dasturi fazoviy jihatdan bog‘langan turli xil ma’lumotlarni tasvirlash imkoniyatini beradi. Bu tizim Desktop GIS (ishchi dastur) sinfiga kiradi. 80-yillarning oxirida MapInfo va AtlasGIS Desktop GIS turkumidagi dastur bozorini bo‘lishib olgan bo‘lsa, Windows operativ dasturiga moslashtirilgandan so‘ng raqibini yengib o‘tdi.
MapInfoning eng muhim xususiyati bu uning universalligidir. Tizim boshqa dasturlar - DOS, Windows, Windows NT, UNIX bilan va geoaxborot tizimi dasturlari, raqamli kartografik tizimlar, geografik ma’lumotlar bazasini yaratish va ishlatish vositalari bilan birgalikda ishlash xususiyatiga ham egadir.
Tizim doirasiga quyidagi imkoniyatlar kiritilgan:
masofadan turib ma’lumotlar bazasiga kirish va ma’lumotlarni tarqoq holda qayta ishlash.
MapInfo dasturi yordamida joy to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning manzili va nomi orqali topish, shuningdek, ko‘chalarning kesishuvini, chegarasini, interaktiv yoki avtomatik ravishda geokodlashni amalga oshirish va ma’lumotlar bazasidan obyektlarni kartaga ko‘chirish mumkin. Ma’lumotlarni tizimda tasvirlash jadval, karta, diagramma va matn ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Tizim orqali maxsus geografik tahlil va grafik tahrir qilish mumkin. Tizimda turli geodezik masalalarni hal qilish, kartalarni arxivlash va vektorlash, kartografik proyeksiyalash, fazoviy ma’lumotlarni birlashtirish mumkin. Dasturdagi maxsus MapBasic dasturlash tili orqali interfeysni o‘zgartirish va Excel, Lotus 1-2-3, dBase dasturlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanib, ma’lumotlar almashinish mumkin.