Sexlar tarkibi va ularning xarakteristikalari. Sex turi ishlab chiqarish xarakteridan kelib chiqadi. Sex va ishlab chiqarish uchastkalarining quyidagi turlari ajratiladi.
1. Asosiy sex yoki uchastkalar.
Bu bo’linmalarda xom-ashyo va materiallarni tayyor mahsulotga aylantiriga qaratilgan jarayonlar amalga oshiriladi. Masalan: mashinasozlik korxonalardagi quyish, mexanik, yig’ish sexlari, tikuvchilik fabrikalaridagi tayyorlov-bichuv, tikish sexlari.
Yordamchi sexlar - asosiy ishlab chiqarish bo’linmalarining normal faoliyat ko’rsatishini ta`minlashga xizmat qiladi, asbob uskuna bilan ta`minlash, energiya bilan ta`minlash, jihozlarni ta`mirlash va h.k. Yordamchi sexlarga asbob uskuna, ta`mirlash, energetika, transport sexlari.
Xizmat ko’rsatuvchi sexlar va xo’jaliklar ishlab chiqarishga ma`lum turdagi xizmatlarni ko’rsatish bilan shug’ullanadi. Ularning tarkibiga ombor, transport xo’jaliklari, sanitar-texnik moslamalar (suv ta`minoti tarmog’i, kanalizasiyalar nasos stansiyalari, tozalash inshootlari) kiradi.
Yordamchi sex va uchastkalar asosiy ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash bilan shug’ullanadi.
Tarmoq xo’jaliklari esa qo’shimcha daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug’ullanadi. Masalan, idishlar ishlab chiqarish, g’isht ishlab chiqarish, yog’ochlar ishlab chiqarish.
Bulardan tashqari yirik korxonalarda tajriba (eksperimental) sexlar va laboratoriyalar, nostandart jihozlar sexlari ham mavjud bo’lib, ular ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizasiyalashtirish va avtomatlashtirish, tajriba o’tkazish bilan shug’ullanishadi.
Ishlab chiqarish strukturasi turlari. Ishlab chiqarishning ixtisoslashuvchi xarakteriga ko’ra korxona ishlab chiqarish strukturasi 3 xil ko’rinishda tashkil etiladi: texnologik, buyumli (buyumli-yakunlangan), aralash (buyumli-texnologik).
Texonlogik strukturaga ko’ra sexlarda texnologik jihatdan bir xil jarayonlar bajariladi. To’qimachilik korxonalarida to’quv, bezak berish sexlari, mashinasozlik korxonalarida - quyish, termik, mexanik, yig’ish sexlari.
Bunda ish o’rinlarining ixtisoslashuvi chuqurlashadi, ya`ni har bir uchastkaga ma`lum bir texnologik operasiyalar biriktiriladi. Natijada ishlab chiqarishga maxsus jihozlarni joriy etish imkoniyati kengayadi.
Afzalligi: progressiv texnologiya jarayonlarni qo’llash imkoniyatining kengligi; asosiy vositalar va materiallardan to’liqroq foydalanish imkoniyatining kengligi; texnik rahbarlikning soddaligi.
Kamchiligi: sexlar orasidagi kooperasiya aloqalarining murakkablashuvchi; ishlab chiqarish siklining uzunligi; transport xarajatlarining ortishi.
Ishlab chiqarish strukturasining predmetli turi sexlarning alohida turdagi mahsulotlar, mahsulot turlarini ishlab chiqarishga moslashuvchi bilan xarakterlanadi. Bunda mahsulotlarga to’liq ishlov berish faqat bir sex doirasida amalga oshiriladi va yakunlanadi. Masalan: mashinasozlik (avtomobilsozlik) korxonalarida shassi va kuzov, motor ishlab chiqarish sexlari; tikuvchilik va poyafzal korxonalarida tikuv sexlari va h.k.
Afzalligi: sexlar orasidagi kooperasiya aloqalarini soddalashtiradi, mahsulot sifati yaxshilanadi, ishlab chiqarish sikli qisqaradi, rejalashtirish soddalashadi.
Kamchiligi: mahsulot turini ko’paytirish imkoniyati qisqaradi.
Aralash strukturada turli belgiga ko’ra ixtisoslashgan sexlar o’zaro birga tashkil etiladi. Masalan: tayyorlov sexlari texnologik belgiga ko’ra, ishlov beruvchi va yig’uvchi sexlar buyumli belgiga asosan tashkil etiladi.
Aralash (buyumli-texnologik) struktura mashinasozlik, tikuvchilik, mebelsozlikda keng tarqalgan.
Ichki bo’linmalarning admenistrativ xo’jalik xususiyatiga ko’ra ishlab chiqarish strukturasi turli xilda bo’lishi mumkin. Sanoatda ishlab chiqarish strukturasining sexli, sexsiz, kombinat va korpusli ko’rinishlari qo’llaniladi.
Bular ichida sexli struktura keng tarqalgan. Sexsiz struktura kichik korxonalarda tashkil etilib, bunda sexlar o’rnida ustaxonalar, atelyelar yoki ishlab chiqarish uchastkalari tashkil etiladi. Ushbu struktura boshqaruv apparatini soddalashtirishga, boshqaruvchi bilan ishchining o’zaro yaqinlashuviga olib keladi.
Kombinatli struktura yirik qayta ishlash korxonalarida qo’llaniladi. Bunda ishlab chiqarish bo’limlari qat`iy texnologik jarayon asosida tashkil etiladi. Korpusli strukturada asosiy, yordamchi va xizmat ko’rsatish sexlari bloklarga birlashtiriladi va har bir blok alohida binoga (korpusga) joylashtiriladi. Bunda territoriyaga talab kamayadi, transport xarajatlari qisqaradi.
Shunday qilib korxonalarda turli ko’rinishdagi ishlab chiqarish strukturalari tashkil etiladi. Asosiy maqsad ishlab chiqarish xususiyatidan kelib chiqqan holda samarali shaklni tanlash va shu orqali mavjud resurslardan unumli foydalanishdan iboratdir.
Dostları ilə paylaş: |