MAVZU:ISLOM DINI PAYDO BO’LGAN IJTIMOIY , IQTISODIY VA MA’NAVIY SHART SHAROITLAR
Tayyorladi: 58-23 BH talabasi Azimova Gulsanam
Tekshirdi: O’riboyeva.M
Islom dini oʻzining oʻn toʻrt asrlik tarixi davomida jahon sivlizatsiyasining rivojlanishida, xususan O‘zbekistonning taraqqiyotida muhim oʻrin tutib kelgan. Zamonaviy dunyoda sodir boʻlayotgan mintaqaviy va global siyosiy jarayonlarda ham islomning oʻrni ortib bormoqda. Tadqiqotchilar va siyosatchilar mustaqillikdan keyingi davrda Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida islom omilining ortishini kuzatmoqdalar23. Shu nuqtayi nazardan, islom va uning jahon siyosati, xususan Oʻzbekistonning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotidagi oʻrnini tadqiq qilish bugungi kunda yanada dolzarb hisoblanmoqda. Oʻzbekiston rivojida islom omili boʻyicha tadqiqotlarning aksar qismi mintaqadagi dunyoviy tizim va islom oʻrtasidagi munosabatlar mavzusiga bagʻishlanadi. Mustaqillikdan keyingi davrda Markaziy Osiyoda sodir boʻlayotgan “islomiy uygʻonish” haqida tadqiqotchilar tomonidan turlicha fikrlar ilgari surilmoqda. Aleksandr Bennigsen 1980-yillarda Sovet rahnamolari kelajakda sovet xalqi mushtarak hayot tarzi va madaniyatga ega boʻlib, islom boshqa dinlar singari Sovet Ittifoqida yoʻqolib ketishi va aholining aksari ateistlardan iborat boʻlishini taxmin qilishini aytgan edi.24 Ammo, Sovet Ittifoqi davridagi dinga qarshi siyosat hamda mustaqillikning dastlabki oʻn yillarida Oʻzbekistonda dinga nisbatan qattiqqoʻl siyosat Xrushchev taʼbiri bilan aytganda: “nafaqat dindorlar sonini kamaytira oldi, aksincha koʻpaytirdi”.
Bugungi kunga kelib, Oʻzbekistonda sodir boʻlgan turli tarixiy jarayonlar tahlili, mintaqa “qayta islomlashuv” jarayonlariga moyil ekanligini koʻrsatmoqda. Tadqiqotchilar mintaqada sodir boʻlayotgan jarayonlarni anglashda islom omilini Yevrotsentrizm hamda gʻarb sharqshunosligi taʼsiridan holi ravishda oʻrganish zarurligini taʼkidlamoqdalar.
Buning uchun xolisona akademik yondashuv bilan islomning Oʻzbekistonning rivojiga taʼsiri keng va chuqur oʻrganilishida davom etishi kerak. Markaziy Osiyo islomlashuvining oʻziga xos xususiyati, uning xronologik jihatidan tashqari, xilma-xilligi, mahalliy aholi manfaatlari bilan chambarchas bogʻliqligi va milliy madaniyatlar bilan oʻzaro aloqasidir. Tarixan, Markaziy Osiyo hududida islomning sunniy yoʻnalishi, moturidiylik aqida maktabi, hanafiylik fiqhiy mazhabi, naqshbandiyli va yassaviylik kabi tasavvuf tariqatlari rivojlangan. Markaziy Osiyoga xos musulmon madaniyati uzoq vaqt davomida, anʼanaviy islomiy taʼlimotlar mahalliy urf-odatlar bilan uygʻunlashgan holda rivojlandi. Islom Markaziy Osiyo xalqlarining nafaqat eʼtiqodiga, balki madaniyati va anʼanalariga ham taʼsir koʻrsatdi.
Islomning mintaqaga kirib kelishi ortidan IX asrga kelib Movarounnahrda “Birinchi Renessans” deb nomlangan yuksalish davri kuzatildi. Mintaqa islom olamining yirik ilmiy va madaniy markazlari sifatida taraqqiy eta boshlaydi. Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf kabi shaharlarda ilm-fan va madaniyat rivojlandi. Oʻlkada aqida, fiqh, hadisshunoslik, tafsir va tasavvuf kabi islomiy ilmlar rivojlandi. Xususan, Movarounnahrdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasoiy kabi hadisshunoslik ilmining yetuk namoyondalari yetishib chiqdi. Xorazmiy, Fargʻoniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Bolasogʻuniy, Mahmud Qashgʻariy kabi koʻplab markaziy osiyolik olimlar, muhandislar, tarjimonlar va mutafakkirlar islom olamida sanʼat, iqtisodiyot, ishlab chiqarish, adliya, adabiyot, jamiyatshunoslik, falsafa, aniq fanlar va texnologiyalar rivojiga ulkan hissa qoʻshdilar. Natijada Markaziy Osiyo oʻzining boy anʼanalari, diniy va dunyoviy bilim va tajribalari bilan Islom sivilizatsiyasi markazlaridan biriga aylandi. 1370-yilda Amir Temur tomonidan asos solingan Temuriylar saltanatida ilm-fan va madaniyat taraqqiyotida yangi Temuriylar yoki “Ikkinchi Renessans” deb nom olgan yuksalish sodir boʻldi. Movarounnahr va Xurosonda ilm-maʼrifat, bunyodkorlik va obodonchilikka eʼtibor adabiyot, sanʼat, va ilm-fanning yuksalishiga olib keldi. Noyob meʼmorchilik ansambllari bunyod etildi, Ulugʻbek ilmiy maktabi, akademiyasi shakllandi, Samarqandda rasadxona qurildi. Qozizoda Rumiy, Koshiy, Ali Qushchi kabi olimlarning asarlari butun musulmon olamiga mashhur boʻldi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar, tasviriy sanʼat, xattotlik oliy choʻqqilarga koʻtarildi. Jomiy, Behzod, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir kabi mashhur adib, rassom, tarixchilarning nomlari boshqa oʻlkalarda ham tez maʼlum boʻldi.
XVI asr oʻrtalarida portugallar tomonidan dengiz orqali Sharqqa savdo yoʻllarining ochilishi Xitoy, Hindiston va Yevropa oʻrtasidagi Markaziy Osiyo orqali kesib oʻtgan savdo yoʻllarining tanazzuliga sabab boʻldi. Mintaqaning iqtisodiy zaiflashuvi avval siyosiy keyin intellektual inqirozga sabab boʻldi. Markaziy Osiyodagi aynan shu iqtisodiy va texnikaviy qoloqlik bu jihatdan oʻzidan bir necha barobar kuchli boʻlgan Rossiya imperiyasi oldida magʻlub boʻlishga olib keldi. XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida musulmon olamining turli mintaqalarida, xususan Rossiya musulmonlari orasida kuzatilgan modernizm harakati Turkistonga ham kirib keldi. Jadid ziyolilariga koʻra, islom dini asoslarini mahkam ushlagan holda zamonaviy fanlarga katta eʼtibor bilan Turkiston musulmonlari taraqqiy etishi mumkin edi. Tarixan o‘zbek xalqlarini ming yillik oʻzaro hamjihatlik, birdamlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bogʻlab turadi. Islom mintaqada milliy birlik va oʻzlikni anglashni mustahkamlashda yordam berib kelgan.26 Tadqiqotchi Aleksandr Bennigsen Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy mansublik hissida mahalliy, qabilaviy, diniy, etnik hamda milliy oʻzlik tushunchalari alohida ahamiyatga ega boʻlib kelganini aytadi.27 Markaziy Osiyoda diniy, etnik va milliy mansublik odatda bir-birini toʻldiruvchi yoki oʻrnini bosuvchi tushuncha boʻlib kelgan. Bunga sovet davrida bir vaqtning oʻzida oʻzlikning sovet odami, musulmon va oʻzbek sifatida namoyon boʻlganini misol qilishimiz mumkin.28 Adib Xolid sovet davrida O‘zbekistonda musulmon boʻlish sovetcha boʻlishning ziddi emas, balki mahalliy jamoaga mansublik belgisi boʻlganini taʼkidlaydi.
Tadqiqotlarga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekiston aholisining qariyb 90 % oʻzlarini musulmonlar deb biladi. “Pew Research Centre” tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, 2050-yilda musulmonlar ulushi 2,0 foizga ortishi taxmin qilinmoqda.30 Yakov Roi va Alon Vayner tomonidan Oʻzbekistonda “oʻzbeklik” va “musulmonlik” oʻzligi tushunchasini tadqiq qilish maqsadida oʻtkazilgan ijtimoiy oʻrganishlar ham “Pew Research Centre” natijalarini tasdiqlaydi.31 Hozirda islom omili Markaziy Osiyoda jamiyat hayotining turli jabhalariga kuchli taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, Oʻzbekistonda diniy maʼnaviyatning oʻziga xos koʻrinishi — “dunyoviy dindorlik” shakllangan. Aholisi koʻp millatli va koʻp konfessiyaga ega davlat boʻlish bilan birga, Oʻzbekiston “dunyoviy” davlat hisoblanadi.32 Shunga qaramay, Oʻzbekiston aholisining oʻz-oʻzini anglashida islom ustuvorligini saqlab qolgan. Oʻzbekistonda diniy omil taʼsiri kuchayib borayotganini sotsiologik tadqiqotlar natijalari tasdiqlaydi. Oʻzbekistonning ichki siyosatida islom diniga boʻlgan munosabat oʻziga xos koʻrinishga ega. Islom dini bir tomondan tarixiy va madaniy meros, axloqiy-maʼnaviy qadriyatlarning asosi deb hisoblansa, ikkinchi tomondan islom siyosiy kurash vositasiga aylanishidan xavotir mavjud.
Tadqiqotchilar jahonda sodir boʻlayotgan islomiy tiklanishning diniy ekstremizm va islom fundamentalizmning kuchayishi kabi xavfsizlikka tahdid soluvchi jihatlarini oʻrganish bilan birga, islomning jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlovchi vosita sifatidagi oʻrniga ham alohida eʼtibor qaratmoqdalar.33 Zotan, islom nafaqat eʼtiqod, balki musulmonlarning kundalik turmush tarzining turli jabhalarini qamrab olgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy normalar majmui hamdir. Bugungi kunda xalqaro miqyosda islom dinining ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga taʼsirining ortib borayotganini “islomiy banklar”, “musulmon jamiyatlar”, “halol turmush tarzi” (“halal lifestyle”), “islom iqtisodiyoti”, “musulmon mehmondoʻstligi xizmatlari” (“muslim-friyendly services”), “musulmon/ziyorat turizmi” kabi sohalarning paydo boʻlayotgani va rivojlanayotganida koʻrishimiz mumkin. “DinarStandart”ning 2022-yilgi hisobotida34 jahondagi 1,9 mlrd. nafar musulmonlar oʻz diniy qarashlariga mos tovar va xizmatlar uchun 2 trln. AQSH dollari miqdorida sarf-xarajat qilgani hamda islomiy moliya bozori aktivlari 2 trln. AQSH dollarini tashkil etganini maʼlum qilgan. Ushbu sohalarning oʻrtacha yillik oʻsish surʼati boshqa sohalardan ancha baland boʻlib, avvalgi yilga qaraganda 8,9% va 7,8% ga oʻsgan. Bugungi kunda islom moliyasi bozorida yettita davlat: Eron (dunyo islom moliyasi bozorining 30% ulushiga ega), Saudiya Arabistoni (24%), Malayziya (11%), BAA (10%), Qatar (6%), Kuvayt (5%) va Bahrayn (4%) yetakchilik qiladi. Islomiy banklar 2007–2008-yildagi jahon moliyaviy inqirozida oʻzining anʼanaviy banklardan koʻra bardoshli ekanligini namoyish etdi.
Bugungi globallashuv jarayonida butun islom olamida sodir boʻlayotgan ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy jarayonlar Oʻzbekistonga taʼsir oʻtkazmay qolmaydi. Mamlakatimiz rivojlanishda davom etayotgan, boy resurslarga ega, barcha imkoniyatlari hali toʻliq ishga tushirilmagan hudud hisoblanadi. Bu esa oʻz navbatida kelajakda islom iqtisodiyoti va moliyasi kabi muqobil moliyaviy resurslarga talabning yanada ortishiga, diversifikatsiyalashgan moliyaviy xizmatlar turiga ehtiyoj tugʻilishiga sabab boʻladi. 2003-yilda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda eng oxirgi boʻlib Islom taraqqiyot aʼzo boʻlishi mamalakatning zamonaviy islom iqtisodiyoti va moliya instrumentlari va institutlari bilan yaqindan tanishishiga koʻmak berdi. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan iqtisodiy islohotlarga, jumladan islom moliyasi sohasining rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yilda Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomada mamlakatda islom moliyasini joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish zarurligi belgilab bergan edi.36 Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan taqdim etilgan hisobotiga koʻra, Oʻzbekistonda islom moliyasi joriy etilgach, 10 mlrd. AQSH dollariga yaqin investitsiya jalb etilishi va byudjet 100 mln. AQSH dollari miqdorida daromad koʻrishi mumkin.37 Soʻnggi yillarda oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan mamlakatimiz islom moliyasi boʻyicha mintaqaviy habga aylanishi kerakligi haqidagi fikrlarilgari surilmoqda.38 Bu esa mamlakat iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshishiga shubha yoʻq. Yuqorida zikr qilingan va boshqa Oʻzbekiston uchun xos boʻlgan xususiyatlar va imkoniyatlardan samarali foydalanish kerak. 2022-yil holatiga koʻra, Islom hamkorlik tashkiloti Markaziy Osiyo mintaqasida qariyb 7 mlrd. AQSH dollari qiymatiga ega 378 ta loyihani moliyalashtirgan. Shundan, Oʻzbekistonda 2,8 mlrd. AQSH dollari qiymatiga ega 123 ta loyiha moliyalashtirilgan.
Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dasturlarida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish ustuvor vazifa hisoblanadi. Xususan turizm sohasi iqtisodiyotning drayveri sifatida tan olingan boʻlsa, ziyorat turizmi turizm sohasini diversifikatsiya qilishdagi muhim yoʻnalishlardan hisoblanadi. Umuman olganda dunyo miqyosida “musulmon turizmi”, “halol turizm” deb nomlanuvchi musulmonlarning diniy ehtiyojlariga mos xizmatlarni koʻrsatuvchi turizm sohasi rivojlanib bormoqda. 2021-yilda dunyo boʻylab musulmonlarning turizm va sayohat xizmatlariga xarajatlari 102 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan boʻlib, 2025-yilga kelib 189 mlrd. AQSH dollariga yetishi rejalashtirilgan.40 Oʻzbekistonning musulmonlar uchun jozibador ziyorat turizm maskani ekanini hisobga olsak, bu bozorning Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi ulushi ortib borishi imkoniyati juda katta. Oʻzbekistonda mavjud 8 ming 208 ta madaniy meros obyektlarining 1 ming 200 dan ortigʻi ziyoratgohlar hisoblanadi. 2022-yilda qariyb 5,2 million nafar xorijiy turistlar Oʻzbekistonga tashrif qilgan (2017-yilda 2,7 million nafar) va turizm xizmatlari eksporti 1,6 mlrd. dollarga yetgan (2017-yilda 0,5 mlrd. dollar)41 boʻlsa, xorijiy turistlarning 85 foizi musulmon mamlakatlari hissasiga, jumladan 83 foizi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelgan. Ziyorat turizmi sohasini rivojlantirish iqtisodiyotni yanada diversifikatsiya qilish, yangicha turdagi xizmatlar va tovarlarning paydo boʻlishiga olib kelmoqda. Jumladan, myehmonxonalar, kafelar, restoranlar, dam olish va koʻngil ochish joylarida “halol” xizmatlar turi shakllanmoqda.
Islom omili, tadqiqotlarga koʻra42 mamlakatimizda bank moliya xizmatlariga ham taʼsir koʻrsatayotgani maʼlum. Oʻzbekistonda tadbirkorlarning 38 foizi va aholining 55 foizi diniy eʼtiqodlari tufayli anʼanaviy bank kreditlaridan foydalanmasliklarini aytishgan. Oʻz navbatida, tadbirkorlarning 44 foizi va aholining 42 foizi islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida boʻsh mablagʻlarini iqtisodiyotga yoʻnaltirishga tayyorligini bildirgan. Bu sharoitda, aholisining 90 foizdan ziyodi musulmon boʻlgan mamlakatimizda anʼanaviy bank-moliya tizimiga muqobil ravishda islom moliya tizimini joriy qilish mavjud muammolarni hal qilishi, iqtisodiyotining oʻsishi va ichki investitsiya hajmining ortishi va muayyan ijobiy natijalarni berishi mumkin. Islom iqtisodiyoti va moliya tizimi nafaqat iqtisodiyot tarmoqlari va sarmoyalar manbalarining diversifikatsiyasiga, balki tadqiqotlarga koʻra mamlakatda kambagʻallikka qarshi kurash, xizmatlar turini kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, ehtiyojmand kishilarni qoʻllab-quvvatlash va atrof-muhitni himoya qilish kabi sohalarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Jumladan, oʻzbekistonlik tadbirkorlar (64%) va jismoniy shaxslar (81%) oʻz boyliklaridan har yili zakot toʻlovlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan boʻlib43 , turkiyalik mutaxassis Nihat Gumushning hisoblariga koʻra, Oʻzbekistonda bir yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnaltirish mumkin boʻlgan zakot miqdori 0,5–1,5 mlrd. AQSH dollarini tashkil etadi.44 Bugungi kunda mintaqada tashkil etilgan xayr-saxovat va ijtimoiy koʻmak koʻrsatuvchi nodavlat tashkilotlar, jamgʻarmalar va tashabbuslarning faoliyatida islom omilini chuqur tadqiq etilmagan. Pandemiya davrida Oʻzbekistonda “Yurak amri” xayriya fond singari islomiy qadriyatlarni ilgari surgan holda faoliyat koʻrsatgan ijtimoiy harakatlar soni koʻpayganini koʻrishimiz mumkin.
Islom Oʻzbekistonning ijtimoiy hayotida ham muhim rol oʻynaydi. Shu bois mintaqa davlatlari tomonidan islom dining milliy madaniy meros sifatidagi ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekistonda xalqning qadimiy tarixi va madaniyat, davlatchilik anʼanalari, turmush tarzi va dunyoqarashi islom sivilizatsiyasi bilan chambarchas bogʻliq holda shakllangani rasman eʼtirof etiladi.45 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan islomning millati va dinidan qatʼiy nazar oʻzbek xalqini birlashtiruvchi va “odamlarni tinchlik, ezgulik, bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat va totuvlikka undaydigan”46 vosita ekanligi eʼtirof etildi. Islom dini maʼrifat va taʼlim bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanishini, insonlarni ezgulikka daʼvat qilishini, saxovatli, sabr-qanoatga undovchi din sifatida eʼtirof etildi.47 Oʻzbekiston hukumati tomonidan Markaziy Osiyoning islomiy merosi xalqaro miqyosda keng targʻib qilinmoqda. Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Toshkent shahri 2007-yilda “Islom madaniyati poytaxti”, Buxoro shahri 2020-yilda “Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilindi. Islom hamkorlik tashkilotining 11-sessiyasi doirasida Xiva shahri 2024-yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilindi. Bugungi kunda dunyoda aholi sonining oshishi, resurslar tanqisligi, moliyaviy manbalarning cheklanganligi, migratsiya muammolari, ishsizlik va kambagʻallik koʻrsatkichlarining koʻpayishi global muammolarga aylanib bormoqda.
Bunday sharoitlarda muqobil imkoniyatlarni yaratish, xususan islom iqtisodiyoti va moliyasi tizimlaridan samarali foydalanish Oʻzbekistonning rivojiga salmoqli taʼsir koʻrsatishi mumkin. Mustaqil Oʻzbekiston uchun davlat suverenitetini mustahkamlash maqsadida tashqi siyosatda tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish zarur. Bunga Janubiy-Sharqiy Osiyo, Hindiston, Arab dunyosi kabi mintaqalar bilan hamkorlikni misol qilish mumkin. Albatta, islom olami bilan munosabatlar alohida ustuvor yoʻnalishlardan hisoblanadi. Shu boisdan ham Oʻzbekiston mustaqillikdan soʻng musulmon mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratdi. Ushbu mintaqalar bilan diplomatik aloqalar oʻrnatilib, toʻgʻridan-toʻgʻri transport aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Qator qoʻshma iqtisodiy, sarmoyaviy va energetika loyihalari ishga tushirildi. Oʻzbekistonning mustaqillikdan keyingi rivojida musulmon davlatlar, xususan Saudiya Arabistoni, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqalar yordam qoʻlini choʻzdilar.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Islom taraqqiyot banki, Islom birdamligi sport federatsiyasi kabi xalqaro islom tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilish orqali musulmon mamlakatlar bilan rasmiy, tijoriy, madaniy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor. Zamonaviy geosiyosiy jarayonlar islom omilini Oʻzbekistonning tashqi siyosatining ustuvor sohalari qatoridan oʻrin olishiga sabab boʻldi. Oʻzbekiston tashqi siyosatida musulmon dunyosi davlatlari bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni iqtisodiyot, transport kommunikatsiyasi, moliya, investitsiya va sayyohlik sohalarida, shu jumladan, Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki doirasida faol rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdordir.48 Dunyo miqyosida islom dini va sof islomiy qadriyatlarni himoya qilish borasida Oʻzbekiston faol mamlakatlar qatoriga kiradi. Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan soʻnggi yillarda ushbu sohada ilgari surilayotgan xalqaro va mintaqaviy tashabbuslar jahon hamjamiyat tomonidan munosib qarshi olinmoqda. Jumladan, 2017-yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida davlat rahbari islom dinining insonparvarlik ahamiyatiga yana bir bor eʼtiborni qaratdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab avaylashga daʼvat etadi