Izoh: dastlabki uchta bosqich ko’rsatkichlari uning yakuni bo’yicha, to’rtinchi bosqich esa 1.01.2019 yil holati bo’yicha berilgan.
Jadval ma’lumotlaridan ko’rinib turibdiki, dastlabki uch bosqichda fermer xo’jaliklari soni keskin o’sib borgan. Bu ularga biriktirilgan yer maydoni ko’payishi hisobiga erishilgan, ya’ni o’sish ekstensiv yo’l bilan amalga oshirilgan. Keyingi to’rtinchi bosqichda esa fermer xo’jaliklarining soni 2017 yilga nisbatan deyarli 2,1 martaga kamaygan. Bu fermer xo’jaliklari er maydonlarining optimallashtirish jarayoni natijasida ro’y bergan, ya’ni yiriklashuv orqali sifat bosqichiga qadam qo’yilgan.
Tahlillar shundan dalolat beradiki, faoliyat ko’rsatayotgan fermer xo’jaliklari o’tgan yillar mobaynida ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlarga erishdi. “2018 yilda fermer xo’jaliklarining paxta etishtirishdagi ulushi 99,1 foizni, g’alla tayyorlashda esa 79,2 foizni tashkil qildi11”. Shuningdek, 2018 yilda faoliyat ko’rsatayotgan fermer xo’jaliklari tomonidan respublikamizdagi 16,2 foiz kartoshka, 32,9 foiz sabzavot, va 47,1 foiz poliz mahsulotlari etishtirilgan. Ta’kidlash joizki, 2022 yilda fermer xo’jaliklari tomonidan 37,8 foiz paxta, 35,7 foiz g’alla, 3,8 foiz kartoshka, 10,6 foiz sabzavot va 30,3 foiz poliz mahsulotlari ishlab chiqarilgan edi12.
Yuqoridagi tahlillar asosida quyidagi xulosani qilishimiz mumkin: birinchidan, fermer xo’jaliklarining ishlab chiqarish salohiyati oshishi qishloq aholisini ish bilan ta’minlash va ularning daromadlari ko’payishiga o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatmoqda; ikkinchidan, mulkdan samarali foydalanish va oqilona xo’jalik yuritish tajribasi oshib bormoqda, ekinlar hosildorligi o’sib, yalpi mahsulot ishlab chiqarish va daromadi ko’paymoqda; uchinchidan, qishloq xo’jaligida fermer xo’jaliklarining mavqei o’sib, tobora mustahkamlanib bormoqda. Bular qishloqda xususiy mulkdorlar qatlamini shakllanishini faollashtirmoqda.
Shu bilan bir qatorda, fermer xo’jaliklarining istiqbolda rivojlanishi ko’p jihatdan ularni qo’llab-quvvatlovchi, ishlab chiqarilgan mahsulotni qayta ishlash, saqlash va sotishga ko’maklashuvchi kooperatsiya tamoyillariga asoslangan tuzilmalarni, jumladan uyushma (birlashma)lar yoki agrofirmalarni tashkil etishga bog’liqdir.