II. JAHON VALYUTA FONDINING RIVOJLANISHI HAMDA DAVLATIMIZ IQTISODIYOTIDAGI O`RNI VA AHAMIYATI. 2.1.Jahon valyuta tizimining rivojlanish bosqichlari. Jahon valyuta tizimining evolyutsiyasi, 1867 yil Parij valyuta tizimi.Valyuta tizimi o‘zining zamonaviy shakliga kelguncha uzoq tarixiy davrni bosib o‘tgan. Birinchi jahon valyuta tizimi stixiyali ravishda sanoat inqilobidan so‘ng oltin monometalizmi asosida oltin-tanga standarti shaklida shakllangan Yuridik jihatdan esa mazkur tizim 1867 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiyada, davlatlararo kelishuv sifatida rasmiylashtirilgan. Ushbu jahon valyuta tizimi jahon pulining yagona shakli sifatida oltinni rasmiy tan olgan edi.
XIX asrda xalqaro savdoning rivojlanishi bilan ko‘pchilik davlatlar o‘zlarida "oltin standarti"ni kiritdilar, ya'ni shu davrdan boshlab mazkur davlatlar valyutalarining kursi va qiymati shu valyutalar zaminida yotgan oltin miqdorining qiymati bilan belgilanadigan bo‘ldi. Davlatlarning markaziy (milliy) banklari o‘z navbatida milliy qog‘oz pullarni taalluqli oltin miqdoriga (baho masshtabiga asosan) almashtirishga majbur edilar.
Masalan, Buyuk Britaniyaning 1 funt sterlingi (soverenign) 1821 yilda 7,322385 gramm, Germaniyaning 1 markasi 1873 yilda 0,385422 gramm, Rossiyaning 1 rubli 1887 yilda 0,774234 gramm sof oltin qiymatini ifoda etar edi4. Valyutalarning bir biriga nisbatan kursini aniqlash uchun ularning zaminida yotgan oltin miqdorlari o‘zaro solishtirilar edi. Yuqoridagi keltirilgan ma'lumotlarga asosan Buyuk Britaniyaning 1 funt sterlingi 18,9984 Germaniya markasiga (7,322385/0,385422) yoki 9,4576 Rossiya rubliga (7,322385/0,774234) teng edi. Milliy valyutalar zaminidagi oltin miqdorlari 1914 yilgacha o‘zgarmagan va tabiiyki, ular o‘zgarmaguncha ularning bir-biriga nisbatan kurslari ham barqaror edi. Shu sababli "oltin standarti" - bu, qat'iy yoki barqaror valyuta kurslari tizimi edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tizim bir qator ijobiy tomonlarga ega. Xususan boshqa metallarga qaraganda oltin tabiatda kam uchraydigan va noyob metall bo‘lganligi sababli davlatlar tomonidan uning miqdorini ko‘paytirish nihoyatda mushkul. Bundan chiqdi, davlatlar va markaziy (milliy) banklar o‘z xohishlari bilan oddiygina pul muomalasi hajmini o‘stirishga va inflyatsiyani rag‘batlantirish imkoniga ega emas edilar.
Birinchi jahon urushigacha dunyoning yetakchi davlatlarida inflyatsiyaning nisbatan past bo‘lish holatlari va yetakchi valyutalar kurslarining keskin tebranishi kuzatilmagan. Bunday holat o‘sha yillarda pul sarmoyalari va ishchi kuchi resurslari bir mamlakatdan boshqa mamlakatga erkin hech qanday to‘siqsiz oqib o‘tishi mumkinligi bilan asoslangan.
1880 yildan to 1913 yilgacha "oltin standarti" tizimi davlatlarga o‘z xarajatlarini inflyatsiya hisobiga moliyalashtirish imkonini bermaganligi sababli barcha davlatlarda ijtimoiy mahsulotning hajmi tez sur'atlar bilan o‘sdi.
Birinchi jahon urushining tugashi bilan ko‘pchilik davlatlar o‘zlarida yana qaytadan "oltin standartini" kiritishga urindilar. Biroq ularning bunday harakatlari zoe ketdi, chunki mavjud sharoitda "oltin standarti"ni kiritish uchun zarur omillar yo‘q edi.
Birinchi jahon urushi oqibatida jahon bozorida davlatlararo munosabatlarda paydo bo‘lgan valyuta tartibsizligi uzoqqa cho‘zilmadi va valyuta munosabatlarining "oltin standarti" o‘rniga maydonga oltinga hamda yetakchi kapitalistik davlatlar valyutalariga asoslangan "oltin-deviz standarti" chiqadi. Bunda xorijiy valyutadagi davlatlararo hisob-kitoblar uchun mo‘ljallangan to‘lov vositalari devizlar deb atala boshlandi.