Keksa kishilar hayotining ijtimoiy sharoitlari quyidagi asosiy muammolar bilan tavsiflanadi:
– hayot faoliyatining sog’liq bilan bog’liq holda cheklanganligi (eng ko’p tarqalgan surunkali kasalliklar – artirit, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi kasalligi, arteroskleroz, ortopedik kasallar);
– bandlik (odatda keksalarning 75 %i ishlamaydi yoki qisman band bo’ladi);
– moddiy ahvoli (pensiya miqdorining ish haqidan ancha pastligi, inflyatsiya darajasining yuqoriligi, tibbiy xizmat ko’rsatishning qimmatligi, ijtimoiy ta’minot tizimining cheklanganligi);
– ruhiy salomatlik (ruhiyatdagi me’yorsizlik, ya’ni ruhiy jarayonlar
harakatchanligining susayganligi).
Keksaygan yoshda faol mehnat faoliyatining to’xtashi munosabati bilan turmush sharoitlari va tarzida, oilaviy va ijtimoiy mavqeida o’zgarishlar yuz beradi. Kishi keksaygan vaqtida ko’pincha mustaqil turmush kechiruvchi bolalaridan ajraydi, ayrim hollarda yolg’izlanib qoladi. Bunga yana jamiyat, yaqinlar bilan aloqalarning susayishi muammosi qo’shiladi, do’stlari va tanishlarini ular hayotdan ko’z yumganligi munosabati bilan yo’qotadi. Keksaygan sayin yolg’izlanib qolishlik kuchli ruhiy muammolardan biri hisoblanadi. Shuning uchun, keksa yoshdagi fuqarolarga nisbatan davlat ijtimoiy siyosatining asosiy
yo’nalishi yolg’iz keksa-qariyalarning ijtimoiy ta’minlanib, osuda, farovon yashashlari, jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari, uzoq umr ko’rishlari maqsadida davlat tomonidan olib boriladigan choralarga (siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, tibbiy, ijtimoiy, madaniy, ilmiy, axborot-targ’ibot) qaratilgan bo’ladi. Mazkur siyosat doirasiga keksa yoshdagi fuqarolar, shuningdek, siyosat dasturini amalga oshiruvchi muassasalar va sub’ektlar, barcha toifadagi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlar kiradi.
Qariyalarga g’amxo’rlik qilishning markaziy tamoyili sifatida quyidagilar qabul qilingan: qariyalarning jamoatchilik hayotida to’la ishtirok etishlari, ular haqida jamoachilik va davlat muassasalarining g’amxo’rligi, ehtiyojlarini qondirish va hayoti davomida to’plagan bilim, tajribalarini ro’yobga chiqarish uchun huquqiy sharoitlar yaratishni ijtimoiy siyosatga to’g’ri keladigan va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda uyg’unlashtirishdir.
Keksa fuqarolarga nisbatan davlat ijtimoiy siyosatining maqsadi –
keksa insonlarning turmush darajasi va hayot sifatini qat’iy ko’tarishdir. Bunda ijtimoiy adolat, birdamlikka tayanish, aholining barcha demografik guruhlarining ehtiyojlarini hisobga olish, moliyaviy va boshqa resurslardan oqilona foydalanish zarur.
Keksa avlodga nisbatan davlat ijtimoiy siyosati hayot ilgari surayotgan muammolarning muhimligini amaliy baholab, davlatning moliyaviy va boshqa resurslarini hisobga olgan holda quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
– barcha keksa avlod fuqarolarining tengligi tamoyili – murakkab vaziyatlarda himoya va yordamga, ijtimoiy kelib chiqishi, holati, millati, turar-joyi, siyosiy va diniy qarashlari, iqtisodiy ahvolidan qat’iy nazar o’zining hayoti va faoliyati bilan bog’liq masalalarda bir qarorga kelishga teng huquqli bo’lishi, ijtimoiy-mehnat sohasi va jamoatchilik faoliyatida o’zini namoyon etish uchun teng imkoniyatlarga ega bo’lishi;
– davlatning javobgarligi tamoyili – jamiyatda sodir bo’layotgan
o’zgarishlarga moslashgani holda keksa avlodni ijtimoiy muhofaza qilish, ijtimoiy ahvolini yaxshilash uchun sharoitlar yaratish;
– ijtimoiy samaradorlik tamoyili – qariyalarning turmush tarzini yaxshilash, ijtimoiy ta’minlash, ularning ijtimoiy mavqeini yuqori darajada tutish, ijtimoiy aloqalarini yaxshilash, mustahkamlash, ijtimoiy-madaniy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan choralarning yo’naltirilganligi;
– keksa avlod fuqarolariga bo’lgan munosabatda siyosatning yaxlitligi tamoyili – qariyalarni ijtimoiy himoyalashga bo’lgan qarashlarning umumiyligi, boshqaruvning barcha darajalarida qariyalarning birinchi darajali muammolarini hal etish uchun mablag’larni jamlash;
– ijtimoiy hamkorlik tamoyili – keksa yoshdagi aholining turmush tarzini ko’tarish, ijtimoiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda davlat, jamoatchilik va qariyalarning bir-biri bilan aloqada bo’lishlari, qariyalarga yordam ko’rsatayotgan oila, jamoatchilik uyushmalari, diniy, xayriya muassasalari, tashkilotlari bilan doimiy hamkorlik qilish.
Bugungi kunda dunyoning qator mamlakatlarida aholining keksayishi jarayoni avj olmoqda. Bu jarayonining rivojlanishi, aholi tarkibida qariyalar salmog’ining oshishi, bu toifa fuqarolarning davlat va jamiyatning alohida e’tiboriga muhtojligi, ularning turli xil tibbiy-ijtimoiy xizmat turlariga ehtiyojining
ortib borishi bilan tavsiflanadi. Aholining keksayishi jarayoni va uning intensivligi
qariyalarga ijtimoiy xizmat ko’rsatishning rivojiga, bu borada qo’llanib
kelinayotgan uslub va mexanizmlarga o’z ta’sirini ko’rsatadi.
Asosan qariyalar surunkali kasalliklarga chalinishi, kasalliklar kechishi bilan vujudga keluvchi asoratlar tufayli muntazam tibbiy xizmatga, reabilitatsiya texnik vositalari – nogiron aravachalari, xodunoklar, hassa va qo’ltiq-tayoqlarga, ko’rish va eshitish qobiliyatining yoshga doir pasayishi hamda tish-jag’ a’zolarining sekin-
asta ishdan chiqishi tufayli optik ko’zoynaklar, eshitish moslamalari va sun’iy jag’ga muhtoj bo’lib qoladi. Shu bilan birga, ularning ko’pchiligi kundalik ehtiyojlarini birovlarning yordamisiz qondira olmasligi tufayli moddiy yordamga, o’zgalarning parvarishiga, qolaversa, hamdardga muhtojdirlar .
Yaqin kelajakda keksalarning ehtiyojlarini hisobga olib, ijtimoiy himoyasiga doir quyidagi masalalarni bosqichma-bosqich yechish lozim:
– qariyalarga manzilli yordam va keng qamrovli ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish tizimini takomillashtirish;
– keksalarning sog’lig’ini yaxshilovchi, ijtimoiy-iqtisodiy hayotini
ta’minlovchi mavjud institusional tuzilmalarni qayta tashkil etish;
– keksa insonlarga nisbatan hurmat, jamiyatning e’tiborli a’zosi sifatida qarashlarni tasdiqlash.
1.1-rasm. Yolg’iz keksa-qariyaning ehtiyojlari
Yuqoridagi qayd etilgan masalalar keksa yoshdagi fuqarolarning
mustaqilligini, faol ijtimoiy ishtiroki, ularga g’amxo’rlik qilish uchun sharoit yaratadi.
Shunday qilib, keksa avlodga nisbatan olib boriladigan davlat ijtimoiy siyosatining asosiy yo’nalishlari jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan uchta jihat: ijtimoiy himoyalash; ahvolini yaxshilash va faol ijtimoiy ishtirokka jalb qilishning yagonaligi nuqtai nazaridan bayon etilgan. Shu bilan bir qatorda, davlat ijtimoiy siyosatining asosiy strategik maqsadiga erishish uchun keksa yoshdagilarning haq-huquqlarining me’yoriy-huquqiy jihatlarini, pensiya bilan ta’minlashni takomillashtirish, sog’liqni saqlash, kuchi yetgan sohalarda ish bilan ta’minlash, qariyalarga keng qamrovli ijtimoiy xizmat, manzilli yordamni taqdim etish bo’yicha qator tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Ma’lumki, keksa yoshdagi kishilarning sog’lig’i va kasallanish xususiyatlari boshqa yosh guruhlaridan jiddiy farq qiladi. Yosh o’sgan sari surunkali kasalliklarning soni oshib boradi va ularning sababini aniqlash ancha qiyin bo’ladi. Keksa kishilar nafaqat surunkali kasalliklar bilan, balki kelib chiqishiga ko’ra har xil patologik 2-5 xil kasalliklar bilan kasallanadi. Shuning uchun, keksa yoshdagi kishilarga tibbiy yordamning maxsus shakli – geriatrik yordam ko’rsatiladi. Bunday yordam majmuali, ya’ni tibbiy-ijtimoiy ahamiyatga ega yordam hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda tibbiyotda keksa bemorlarni davolash bo’yicha ilmiy
kuzatishlar va amaliy tajribalar olib borilmoqda. Keksa yoshdagilarga tibbiy yordam ko’rsatishning asosini quyidagi tamoyillar tashkil qiladi:
– geriatrik yordam davolash-profilaktika choralari umumiy tizimining tarkibiy qismi hisoblanishi lozim;
– tibbiy yordam keksalarga maksimal darajada yaqinlashgan bo’lishi shart.
Buning uchun tibbiy-ijtimoiy muassasalar va hududiy poliklinikalar qoshida geriatrik markazlar va maslahat geriatrik markazlar tashkil qilish, ularga geriatrik bemorlarni qabul qilish vaqtlarini kiritish lozim;
– uchastka terapevti geriatrik bemorlarni boshqarish jarayonida asosiy o’rinni tutishi zarur. Chunki, u bunday mijozlar bilan doimiy aloqada bo’ladi va davolashning choralarini ishlab chiqadi, muassasa va mutaxassisga yo’llanma beradi.
Keksa yoshdagi aholiga tibbiy xizmat ko’rsatishda geriatrik markazlarning o’rni katta.
Geriatrik markazlar ambulatoriya-poliklinika muassasalarining yangi shakli hisoblanib, ular o’z vazifasi va faoliyatiga hajmiga ko’ra ikki xil bo’lishi mumkin: hududiy poliklinikalar qoshida tashkil etilgan maslahat geriatrik markazlar va geriatrik markazlar.
Maslahat geriatrik markazlar viloyat, tuman, shahar poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari qoshida tashkil etiladi. Bunday markazlarning asosiy vazifasi keksalarga tibbiy xizmat ko’rsatish bo’yicha faoliyat ko’rsatish, barcha tuman poliklinikalarida davolash-maslahat yordami va tashkiliy-uslubiy ishlarni amalga oshirish hisoblanadi. Markazda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
– geriatriya bo’yicha uchastka vrachi va boshqa mutaxassislarning malakasini tizimli turda oshirish, geriatrik bemorlarni davolash bo’yicha ilmiy-nazariy anjumanlar o’tkazish, qarish profilaktikasi va davolashning zamonaviy geriatrik usulini, geroformokologiyaning so’nggi yutuqlarini amaliyotga tadbiq qilish;
– vrachlar keksalar uchun rejali turda maslahat o’tkazish va tashkil etish;
– tuman (shahar)da yashovchi keksalar ro’yxatini tuzish, surunkali keksa bemorlarni davolash va doimiy kuzatishda bo’lishi lozim.
Geriatrik markazlar keksalarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko’rsatish darajasini oshirish uchun ijtimoiy ta’minot organlari, Qizil yarim oy jamiyati va boshqa tashkilotlar bilan tizimli aloqani amalga oshiradi, kasallikni kamaytirish bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi, barvaqt qarishga kurashish masalalari bo’yicha aholi o’rtasida sanitar-ma’rifiy ishlar olib boradi.
Yosh o’sishi bilan keksa kishining umumiy zaifligi va harakatchanligining cheklanganligi ularga uy sharoitida tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatishni taqozo etadi. Keksa bemorlarga uy sharoitida tibbiy yordam quyidagi masalalar: shaxsiy gigiena to’g’risida maslahat, to’g’ri ovqatlanish, davolash badan tarbiyasining harakatlantiruvchi rejimi bo’yicha tavsiyalar berish lozim. Gerontolog mutaxassislarning ta’kidlashicha, uy sharoitida keksa bemorlarga faol xizmat
ko’rsatish shifoxona koyka fondini tejashning ichki zahirasi hisoblanadi.
Geriatrik xizmat ko’rsatishning muhim bir shakli – bu kunduzgi geriatrik
shifoxonalar hisoblanadi. Bunday shifoxonalarda geriatrik bemorlarga kunduzi tibbiy va ijtimoiy yordam ko’rsatiladi. Bemor shifoxonaga ehtiyojiga qarab har kuni yoki belgilangan kunlari kelib ko’rinadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kunduzgi geriatrik shifoxonalarda bemorlarni boqishga ketadigan harajatlar miqdori odatdagi shifoxonalarga qaraganda 53 foiz kam bo’ladi. Bugungi kunda dunyoning ko’pchilik mamlakatlarida tibbiy-ijtimoiy ta’minot xizmatining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida tibbiy-ijtimoiy markazlar tashkil qilingan. Ularning asosiy vazifasi keksa yoshdagi kishilar va
nogironlarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko’rsatishni nazorat qilish va
muvofiqlashtirish, keksalarning jismoniy va ruhiy sog’lig’ini mustahkamlash, ishlab chiqarish va ijtimoiy faolligini oshirish, ijtimoiy-huquqiy, kasbiy-gigienik masalalar bo’yicha maslahatlar tashkil qilishdir. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy markazlar o’z faoliyatida sog’liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, bandlikka ko’maklashish, kommunal, maishiy xizmat ko’rsatish, savdo, umumiy ovqatlanish, madaniyat va boshqa tashkilot, muassasalar bilan aloqa o’rnatadi.
Keksalar va nogironlarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko’rsatishda davolashsog’lomlashtirish majmuasining yangi shakli salomatlik zonalari katta ahamiyatga ega. Uning asosiy vazifasi keksa yoshdagi aholini va nogironlarni sog’lomlashtirish, sog’lig’ini tiklash va hayotining faollik davrini uzaytirishdir. “Salomatlik zona”sining asosiy omillari iqlim bilan davolash, davolash badan tarbiyasi, mehnat terapiyasi, fizik davolash va boshqa davolash usullaridir.
“Salomatlik zona”sini nafaqat sog’lomlashtirish ishlarining quylay shakli, balki keksa kishilar bo’sh vaqtini tashkil qilishning asosiy shakli sifatida ham baholash mumkin. Bunday joylarda keksalarning bo’sh vaqtlarini jismoniysog’lomlashtirish tadbirlari, mehnat terapiyasining qat’iy o’rnatilgan rejimi to’ldiradi, shuningdek, badan tarbiya mashqlari maxsus tuzilgan, fiziologik asoslangan dastur bo’yicha o’tkaziladi.
Keksa bemorlar va nogironlarni davolash tizimida tiklash terapiyasi – reabilitatsiya alohida o’rin egallaydi. Bunda choralar majmuasi kasallanish davrida nogironlikning oldini olish va nogironlarga jismoniy, ruhiy, kasbiy mukammallikka erishishga yordamlashishga yo’naltirilgan bo’ladi. Keksa yoshdagi kishilarni reabilitatsiya qilish katta ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega. Sababi, sog’liqni tiklash muolajasiga ehtiyoj yosh o’sgan sari oshadi. Reabilitatsiya jarayonida keksa kishilarga xizmat ko’rsatish tibbiy va ijtimoiy choralarni muvofiqlashtirishni taqozo etadi. Shuning uchun reabilitatsiya bo’limi yoki markazlari umumiy tipdagi shifoxonalar, geriatrik markazlar qoshida tashkil qilinadi. Ularda davolash statsionar yoki ambulatoriya sharoitida o’tkaziladi.