Tadqiqot natijalarini sir saqlashning ta’minlanganligi
Shaxsiy testlarni qo’llash bilan bog’liq bo’lgan savollar shaxsga daxldor ma’lumotlarga ega bo’lish omil orqali izohlanadi. Diagnostlar uchun bu, subyektning shaxsiy, emosional, motivasion xususiyatlarini o’rganishdagi testlar mazmuni hamda baholangan natijalarini mijoz uchun ma’lum qilinmagan va anglanmagan holatda namoyon bo’lishi kerakligi nozik masala hisoblanadi. Buning uchun kishilar biron-bir tadqiqotda aldangan holatda ishtirok etishlari mumkin emas. Shu bois, qo’llaniladigan psixodiagnostik metodlarning foydalanish maqsadi va usullarini chuqur anglay bilishning o’zi yetarli darajada ahamiyatga ega. Psixologik tadqiqotlar va qo’llaniladigan barcha testlar deyarli shaxsning ichki sir-asrorlar bayon etish imkoniyatiga ega. Bu borada, faqat professional mutaxassisgina vaziyatni inobatga olib o’z ma’suliyatiga suyangan ravishda tadqiqot olib borishi hamda xulosa chiqarishi talab qilinadi.
Biror korxona yoki jamiyatning qiziqishi tufayli tadqiqot olib borilayotgan bo’lsa, unda ishtirok etayotgan sinaluvchi o’z natijalarini qanday baholanganligi xususidagi ma’lumotga ega bo’lishi lozim. Shaxs haqidagi olingan barcha ma’lumotlar sir saqlanishini A.Anastazi, ikki yo’nalishdagi omil izohlaydi: “relevantlilik” va “ma’lum etilgan rozilik”. Sinaluvchining berayotgan ma’lumotlari diagnostikani maqsadiga mos kelishi relevantlilik deb yuritiladi. Buning ahamiyatli tomoni shundan iboratki, barcha amaliy harakatlar aniq, diagnostik maqsad uchun metodika validligini o’rnatishga qaratilgandir. Faqatgina mazkur holat ma’lumotning validligi va relevantligini ta’minlab bera oladi.
“Ma’lum etilgan rozilik” – tadqiqotda ishtirok etayotgan sinaluvchi jarayon maqsadi, olingan natijalar xarakteri hamda ularni amalda qo’llash mumkinligi haqida ma’lum etish bilan izohlanadi. Lekin sinaluvchiga test namunalari yoki bayonnoma blankalari ko’rsatilishi ta’qiqlanadi. Bunday ma’lumot testning haqiqiyligi va kuchini yo’qolishiga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarni sir saqlash kabi konfidensiallik muammosi ham barcha psixodiagnostlar diqqat markazida turgan masalalardan biridir. Bu masala negizida: “Diagnostik natijalarga kimning huquqi bor?”, – degan savol doimo ko’ndalang turadi. Shu bois, bir tomonda, testning asl mohiyatini bayon etmaslik va uning baholarini noto’g’ri talqin qilish xavfini mavjudligi bo’lsa, ikkinchi tomonda, mijoz uchun tadqiqot natijalarini bilishning obyektiv zarurati turadi.
Hozirgi davrda mijozlar tomonidan tadqiqot natijalariga ega bo’lish huquqini anglab yetish holatlari kuchaydi. Shuningdek, ular o’z javoblariga izoh talab etish imkoniyatiga ham egadirlar. Natijada psixolog (tashxischi) uchun diagnostik natijalarni noto’g’ri tahlil qilishga qaratilgan chora-tadbirlarga rioya qilish mas’uliyatining ahamiyati ortadi.
Jumladan tadqiqot tashkilotlarda, masalan, maktabda ishga qabul qilinayotgan vaqtda yoki sud ishlari jarayoni olib borilayotgan sharoitda bo’lsa, sinaluvchi izlanishning maqsadi, natijalari va kim tomonidan amalga oshiralayotganligi xususida oldindan xabardor bo’lishi kerak. Shu bois, mazkur vaziyatlarda sinaluvchidan ma’lumotlar taqdim etishi uchun rozilik olinadi. Bu holat maslahatxona, shifoxona va hattoki ilmiy tadqiqotlar maqsadida amalga oshirilayotgan testlashtirishga ham taalluqlidir.
|