yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy taʼlim berish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab tatbiq etsin;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarida korrupsiyaga qarshi mavzular yanada kuchaytirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan, texnik infratuzilmani va zarur dasturiy taʼminotni yaratishga oid zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Idoralararo komissiya (N. T. Yoʻldoshev):
2019-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy taʼlim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishni tashkil etsin, 2020-yil 1-apreldan boshlab loyihani boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etsin;
har yili 1-aprelga qadar tegishli sohalarda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yakunlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
9. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar Davlat dasturining ijro etilishi holati toʻgʻrisida har chorakda Idoralararo komissiyaga axborot kiritilishini taʼminlasin.
10. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda — Maxsus komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
11. Quyidagilar maxsus komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
korrupsiyaga qarshi kurashishga yoʻnaltirilgan jamoatchilik nazoratining amaliy choralarini va qoʻllanilayotgan huquqiy mexanizmlarning joriy holatini tahlil qilish;
korrupsiyaga va boshqa jinoyatlarga qarshi tizimli kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, shu jumladan, ichki idoraviy nazoratni amalga oshiradigan boʻlinmalar faoliyatini tanqidiy oʻrganish;
korrupsiyaga qarshi kurashish va mazkur sohada idoralararo hamkorlik qilish, shuningdek, korrupsiya koʻrinishlarini sodir etish sabab va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishda foydalanilayotgan mexanizmlarni tubdan qayta koʻrib chiqish;
korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoat nazorati sohasida umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va chet el ijobiy tajribasini oʻrganish.
12. Maxsus komissiya (Z. Sh. Nizomiddinov):
a) bir hafta muddatda oʻrganishning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha ishchi guruhlarning tarkiblarini hamda ularning ish rejalarini tasdiqlasin, shuningdek, ishchi guruhlarning samarali faoliyatini tashkil etsin;
b) 2019-yil 1-sentyabrga qadar:
huquqni muhofaza qilish organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va chet el ijobiy tajribasini inobatga olgan holda ushbu faoliyatni tashkil etish va mazkur yoʻnalishdagi funksiyalarini optimallashtirishda yagona yondashuvlarni joriy etish orqali tubdan takomillashtirish boʻyicha takliflarni;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazorati mexanizmlarini samarali qoʻllashga yoʻnaltirilgan, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldidagi hisobdorligi tartibini takomillashtirish;
qarorlar qabul qilish jarayonida fuqarolar ishtirokining shaffof va samarali usullarini joriy etish.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda davlat organlari, shu jumladan, mahalliy organlar tomonidan rasmiy veb-saytlar va “ishonch telefonlari”dan ular faoliyatining ochiqligini va axborot olish imkoniyatini taʼminlash vositasi sifatida foydalanishlari ustidan doimiy monitoringni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, ushbu Farmonning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda, shu jumladan, chet el ommaviy axborot vositalarida keng koʻlamdagi axborot-targʻibot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlarini doimiy asosda amalga oshirib, ularda taniqli olimlar, davlat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik vakillarining chiqishlarini nazarda tutsin hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha brifinglar, internet-konferensiyalar, televizion koʻrsatuvlarda ularning ishtirok etishlarini taʼminlasin;
mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hisobot berib borsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
15. Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.