Mavzu: Lutfiy va Navoiy Mundarija Kirish Reja: I bob. Lutfiy va uning lirik merosi va g‘oyalar olami


Navoiyning ilmiy-filologik xaraterdagi nasriy asarlari



Yüklə 165,92 Kb.
səhifə6/8
tarix05.02.2023
ölçüsü165,92 Kb.
#82990
1   2   3   4   5   6   7   8
Shaxnoza

2.2. Navoiyning ilmiy-filologik xaraterdagi nasriy asarlari
Navoiyning ilmiy-filologik xarakterdagi nasriy asarla­ri “Muhokamatul-lug‘atayn ”, “Mezonul-avzon ”, “Risolai mufradot ” (fors tilida yozilgan), “Majolisun-nafois ”larni XV asr ikkinchi yarmida yaratilgan ilmiy va ma’lum shartli ma’nodagi badiiy nasrning ajoyib namunasi deyish mumkin. Bu asarlarda voqelikni bevosita aks ettirish, sezilarli va realistik elementlardan yorqinroq (bu ma’noda “Majolisun-nafois ” alohi­da ajralib turadi) foydalanish ko‘zga tashlanadi.
Garchi “Muhokamatul-lug‘atayn ”da til va tafakkur, qadimiy o‘z­bek va fors tillarining o‘ziga xos jihatlari, o‘zbek tilining so‘z boyligi, fonetik va uslubiy xususiyatlari, o‘zbek tili va forsiy tili qator masalalarining qiyosiy tahlili kabi davr uchun ulkan ahamiyatga molik bo‘lgan nazariy va amaliy masalalar hal etilsa-da, Navoiy asarda o‘rtaga tashlanayotgan masalani dalillab berishda til bilan adabiyot masalalarini bir butun yaxlitlikda olib, ularning bir-biriga bog‘liq qirralarini tahlil etishda tarixiy sharoit, ijtimoiy-siyosiy voqelik bi­lan bog‘liq holda badiiyat elementlaridan keng foydalanadi. Natijada o‘quvchi muallifning asardan kuzatgan bosh ilmiy niyati qatorida uning ijodiy merosining qadimgi o‘zbek va fors tillarida yaratilgan adabiyotlardagi boy an’analar zaminida yuzaga kelganini, forsiy tilida yaratilgan adabiyotning boy yutuqlariga berilgan haqqoniy baholarni bilib oladi.
Navoiy o‘z ijod va faoliyatining asl qimmatini, xalq va Vatan qarshisidagi o‘z burchini juda aniq va yaxshi idrok etgan haqida shu asarida quyidagilarni yozgan edi: “...dono hakam adolat yuzidan ko‘z solsa va burungi forsiy va so‘nggi turkiy latoyif va dakryikidin bahra olsa... Har qaysining martabasini ta’yin qilur avonida umidim uldur va xayolimga andoq kelurkim, so‘zum martabasi avjdin kuyi inmagay va bu tarkibim kav-kabasi a’lo darajadin o‘zga erni beganmagay ”. Bu nasrda keng qo‘llaniladigan “faxriya ” usulidagi parcha g‘oyat hayotiy bo‘lib, real zaminga egaki, shunday fikrlar Navoiyning ilmiy prozasida ko‘plab uchraydi.
“Mezonul-avzon ” va “Risolai mufradot ”lar aruz nazariyasi va bu nazariyani o‘zbek she’riyati asosida to‘ldirishga, turkiy (qadimiy o‘zbek) poeziyaning formal qoidalarini umumlashtirishga, muammo san’ati va uni tuzish hamda echish usullarini barcha mavjud qo‘llanmalardan farqli holda qat’iy tartib bilan ifodalashga bag‘ishlangan ilmiy asarlar bo‘lganidan, ularda nasrda yozilgan ismlar ozdir. Lekin ana shu borlari ham Navoiyning nasrdagi kamolotidan darak berib, uning ma’lum g‘oya, mazmunni ifodalash, dalillashda mantiqiy izchillik, uslubiy yorqinlikka to‘la erishganligini ko‘rsatadi.
Navoiyning shu turkumdagi asarlaridan “Majolis un-nafois ” alohida ajralib turadi. Bu birinchi navbatda asarda nasrga xos badiiy komponentlardan keng istifoda etishda, hayotiy tasvir, portret chizish, hatto xarakter yaratish, badiiy epizod, lavhalar berishda yaqqol ko‘rinadi. Ma’lumki, “Majolis un-nafois ”ning Navoiy adabiy-tanqidiy qarashlaridagi o‘rni, undagi satirik va yumoristik xarakteristika, epizod, lavha, tasvirlar, bu asarning forschaga tarjimalari, olimlar tomonidan puxta o‘rganilgan, tazkiraning umumiy tahlili va boshqa tazkiralar bilan qiyosiy tahlili yaratilgan. Bu o‘rinda “Majolis ” da ko‘tarilgan qator-qator masalalarni talqin etishda, o‘zining gumanistik qarashlari va yuksak badiiy zakosi tufayli bu an’anaviy janrni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘targani, tazkiradagi nasriy maqolalarning haqqoniy tasavvur yaratib berishi va bunga erishishdagi muallif mahorati haqida alohida to‘xtalib o‘tish joyiz ko‘rinadi.
Masalan, tazkiradagi Hofiz Sharbatiy degan shoirga bag‘ishlangan maqolada uning odamivash, odobli shaxs va yaxshi qobiliyat egasi, xushxat, hofiz va mohir bastakor ekanligi ta’kidlanadi. So‘ngra uning hayotidan quyidagi mazmunda bir kichik lavha keltiriladi. Kunlarning birida Abulqosim Bobir mirzo shahar muftisi rindvash Mavlonozodai Abxariy bilan may ichib sarxush holda kelayotganida Xofiz Sharbatiyni uchratadi va undan ushbu holatga muvofiq bir bayt to‘qishni taklif etadi. Hofiz Shar­batiy shunday bayt o‘qiydi:
Dar davri podshohi atobaxshu churmpo‘sh,
Hofiz arobakash shudu mufti piyolano‘sh
( “Ya’ni -muruvvatli gunoh ishlarni yopib ketuvchi podshoh davrida Xofiz soqiy bo‘ldi-yu, muftiy mayxo‘r bo‘ldi).
Bu voqea Xofiz Sharbatiyning iste’dod qirralari shaxsiyati (beg‘uborligi, quvnoqligi, hozirjavobligi), ijodi haqida g‘oyat qisqa, ayni choqda yaxlit tasavvur beradi. Navoiy o‘zining portret chizish va xarakter yaratish mahoratini yaqqol namoyish qiladi.
Yana bir misol: Mavlono Osafiyning ta’rif qilgulik qobi­liyati bor, hofizasi ham juda baquvvat. Lekin u o‘z qobiliyati va hofizasini ishga solmaydi. Chapanilik, bezorilik, o‘jarlik va oliftagarchilik bilan vaqtini behuda o‘tkazib yuradi. Navoiy­ning ta’kidlashicha, shoirning aytilganlardan boshqa ham xunuk sifatlari va nojo‘ya ishlari ko‘p. Bularning ustiga u yana mutlaqo pand-nasihatlarga quloq osmaydi. Shuning uchun ham u “bag‘oyat parishondur ”. Ammo har ikki tilda forsiy va turkiyda yaxshi she’rlari bor.
Tazkiradagi bu maqola ham o‘tkir iste’dod egasi bo‘laturib, o‘z vaqtini bema’niliklarga sarf qiluvchi shoirning ijtimoiy va ma’naviy qiyofasi haqida, bir so‘z bilan aytganda, obrazi, xarakteri haqida aniq tasavvur yaratadi.
“Majolisun-nafois ”da aniq hayotdan olingan jonli voqealar xaqidagi badiiy lavhalar ham mavjud. Masalan, shoir Ayoziyga bag‘ishlangan maqolada keltirilishicha, Puli molon degan joyda qurilgan bir she’riyat majlisida bu shoir, ya’ni Ayoziy o‘zining bir qasidasini o‘qib beradi. U qaysi baytni boshlasa, Navoiy uning so‘z uslubiga qarab qofiyasini oldindan aytib beraveradi. Uch yildan keyin xuddi shunday voqea bog‘i Safidda qaytariladi. Ko‘zi zaif bo‘lgan shoirdan bunaqa yigitni oldin ham ko‘rganmidingiz, deb so‘raganlarida: “...Magar uch yil mundin burunroq, Puli Molonda bir yigit “urdum, ul ham bu nav’ shu’badabozliq qildi ”, deb javob beradi.
Bu lavha, bir tomondan, adabiy faoliyat faqat shaxsiy ijod,
tor poetik doirada emas, balki ko‘p odamlar orasida — bozor, ko‘cha, maydonlarda, saroydagi majlislarda, boshqacha qilib aytganda, katta auditoriyalarda, ko‘pchilik ishtirokidagi yig‘ilishlarda ijodiy jarayonga aylanganidan dalolat bersa, ikkinchi tarafdan, bu davr adabiyotida badiiy jihatdan jo‘ngina bitilgan asarlar ham ko‘plab yaratilib turganligini ko‘rsatadi.
“Majolisun-nafois” ni badiiy prozaga yaqinlashtiradigan lahzalar juda ko‘p bo‘lib, quyidagi ikki hikoyat shular jumlasidandir. Bu voqeiy hikoyatlar butunligicha Sulton Husayn Boyqaro she’riyati tahliliga bag‘ishlangan sakkizinchi majlis so‘ngida ijodkorning “g‘ayri nazm latofiyi” ga misol qilib berilgandir. Birinchi hikoyatda Xusrav Dehlaviyning hindcha yozilgan bir g‘azalining ma’nosi (bahor chog‘ida qalin yomg‘ir yogib turganida qayoqqadir ketayotgan bir mahbuba loyda toyilib yiqila yozadi, shunda u “nihoyat nozukligidan yog‘in rishtasi madadi bila” o‘zini o‘nglab oladi) ustida so‘z ketadi. Lutfiy, Navoiy, Husayn Boyqaro va boshqa ko‘p shoirlar orasida “bu g‘arib ma’no ” muhokama qilinadi. Hamma Xusrav Dehlaviyning poetik zakosiga tahsin o‘qiydi. Ammo Husayn Boyqaro g‘azaldagi o‘xshatishlar naqadar nodir va nozik bo‘lmasin, ularning hayotiy emasligi, yog‘in rishtasi detalining mantiqiy emasligi (chunki yomg‘ir yuqoridan pastga oqib tushishi-da yiqilayotgan odamga madad bo‘la olmasligi)ga e’tiroz bildiradi va o‘zi mantiqan e’tiroz uyg‘otmaydigan quyidagi baytni bitadi:
Za’fdin kulbamda kupmoq istasam aylar madad,
Ankabute rishta osqon bo‘lsa har devorra.
Navoiy bularni izchillik va ehtiros bilan bayon etadiki, natijada lavha she’riy ijod namunasining ma’naviy o‘tkir, badiiy jihatdan puxta, pishiq bo‘lishligi haqida voqeiy hikoyadek o‘qiladi.
Ikkinchi hikoyat mazmuni shunday: Hisordan kelgan Qabuliy ismli yosh shoir o‘z g‘azallaridan birini Navoiyga olib keladi. G‘azalning “ham bo‘lmadi” deb qofiyalangan bayti Navoiyga ma’qul tushmaydi. Navoiy e’tiroziga javoban shoir “men hili tashvish g‘oritim, yaxshi bog‘lay olmadim. Albatta, bu qofiyani siz bog‘lang ”, deya iltimos qiladi. Shunda Navoiy quyidagi baytni bitadi:
Sarv moyil bo‘ldikim, o‘pgay ayog‘ing tuprog‘in,
Yo‘qsa har soat tahrikidin ham bo‘lmadi.
Qabuliy o‘z g‘azaliga bu baytni kiritib “Oliy majlis” (taniqli shoirlar, mashhur ilm-fan, madaniyat arboblari ishtirok etadigan Husayn Boyqaro huzuridagi anjuman) ga yuboradi, g‘azalni o‘qib chiqqan Husayn Boyqaro uning tarkibidagi yuqorida keltirilgan baytni Qabuliy she’riyatiga o‘xshatmay, uni Navoiy qalamiga mansubligini aytadi. Navoiydan bu haqda so‘ralganda, u bo‘lgan voqeani aytishdan iymanadi, lekin inkor ham qila olmaydi. Majlis ahli orasida “aning bila bu bobda mutoyiba” qilish uchun Qabuliyni topib keladilar. Lekin Husayn Boyqaro so‘zni Qabuliy g‘azalini maqtashdan boshlaydi. So‘ngra suhbat boshqa mavzularga ko‘chadi. Hamma tarqalib eng yaqin mahramlar qolganida kimdir, Qabuliy she’ri yuzasidan mutoyiba qilinmadi, unutildimi?— deb so‘raydi. Husayn Boyqa­ro: “unutilmadi, ammo u so‘z zikrida anga uyat bo‘lur erdi, tila-madukki, g‘arib yigit majlis orasida uyaltig‘ bo‘lgay, ul sababdin aning she’ri va ul bayt bobida so‘z deyilmadi ”,— deb javob qiladi.
Bu hikoyatdagi voqea dinamik tarzda rivojlanadi. Uning davomini o‘quvchi zo‘r hayajon bilan kutadi. Hikoyatda voqea rivojidagi asosiy nuqta — g‘azalning bir bayti badiiy detal darajasida berilgan bo‘lib, muallif tomonidan mohirlik bilan yaratilgan psixologik holat tasviriga bevosita aloqadordir. Voqea yechimini esa Navoiy hikoyatdagi asosiy personaj Husayn Boyqaroning yuqorida keltirilgan nutqi orqali beradi. Hikoyatda badiiy uslubning personaj nutqi qatoridagi yana bir komponenti “ichki nutq” ham mavjud ( “Faqir mutaraddidkim, ta’rif bunyod bo‘ldi, anga ajab sharmandalig‘ bo‘lg‘usidir va faqirga andin ortug‘roq ”). Bu o‘rindagi “ichki nutq” ham ma’lum vazifani o‘taydi. U orqali Navoiy o‘zining dramatik holatini, shoir mazax qilingudek bo‘lsa, bunga o‘zini aybdor deb bilishini ifoda etadi.
Ikkala hikoyat ham asos e’tibori bilan Husayn Boyqaroning poetik didi, odamshavanda fazilatini ochib berishga qaratilgani uchun, unda taqozo qilingan o‘rinlarda madh san’ati istisno etilsa, bu hikoyatlarni g‘oyat realistik ruhda yozilgan kichik janrdagi badiiy nasr namunasi deyish mumkin.
Bu turkumga Navoiyning “Hamsatul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” nomli asarlari kiradi. Alisher Navoiy ularda o‘z zamonasining madaniy hayotida ulkan o‘rin o‘ynagan mashhur fan va madaniyat arboblari, unga eng yaqin bo‘lgan kishilar — ustoz va murabbiylari, hamfikr, maslakdosh do‘stlari — Abdurahmon Jomiy, Sayyid Hasan va Pahlavon Muhammadlarning ma’lum darajada ijodiy va ijtimoiy biografiyalarini yaratib, ular bilan o‘zining har sohadagi hamkorligi, muloqotlarini ishonarli misollar, hayotiy lavhalarga asoslanib bayon etadi.
Mazmunan bu uchala asar bir sathda turadi. Lekin ularning umumiy jihatlari bilan birga juda xarakterli o‘ziga xos xususiyatlari ham mavjud.
“Holoti Sayyid Hasan” bilan “Holoti Pahlavon Muhammad” bir-biriga juda yaqin asarlardir. Navoiy Sharq adabiyotida qadimgi an’anaga ega bo‘lgan “manoqib”lar janridan ham tamomila ijodiy foydalanadi. Navoiy o‘z asarlaridan tubdan farqli o‘laroq, ilohiylashtirilgan, real borliqdan tamomila uzilgan avliyo yoki din arboblarining sarguzasht, mo‘jiza va karomatlari haqida emas, balki zamonning madaniy hayotida faol ishtirok etgan, ijobiy o‘rin o‘ynagan haqqoniy shaxslar ijodi va faoliyati haqida yozadi.
Bu asarlarda badiiy nasrning ilk belgilovchi elementlari mavjud bo‘lib, u ayniqsa Navoiyning badiiy portret yaratish mahoratida namoyon bo‘ladi. Navoiy Sayyid Hasan Ardasher va Pah­lavon Muhammad obrazi, xarakterining ichki mohiyatini psixolo­gik asosda ochib beradi. Bu ikkala shaxs muallif talqinida haqiqiy hayotdagi voqealarga faol munosabatda bo‘lgan, o‘zining hayoti va dunyoqarashida qarama-qarshiliklar, ziddiyatlarga yo‘l qo‘ygan, o‘z shaxsiyati va badiiy faoliyatida qator-qator fazilatlar, afzalliklarga ega bo‘lgan yorqin siymolarning umumlashtiruvchi obrazi darajasiga ko‘tariladi. Navoiy “ko‘proq zamonning tab va fazl axliga foyiq va sarafroz ” bo‘lgan har ikkala qahramonining ma’naviy dunyosini atroflicha ochib berishga harakat qiladi.
Alisher Navoiy avvalo ularning insoniy fazilatlari, har sohada bilimdon ekanliklarini alohida ko‘rsatib, ma’naviy qiyofalarini, tabiatlarini ochib beradigan xususiyatlarini xarakterli misollar, maroqli lavhalar bilan asoslab, dalillab beradi. Buni Navoiy katta badiiy san’atkorlik bilan bajaradi. U, masalan, Sayyid Hasanning ilg‘or fikrliligidan dalolat beruvchi shunday lavhani keltiradi. Rindona o‘tirishlardan birida fozillar o‘rtasida narsa — buyumlarning bir-biridan farqi haqida so‘z ketadi. Majlisda ishtirok etayotganlardan biri quyidagi baytni o‘qiydi:
La’l sangastu degi sangin sang,
Lek andar miyon tafovut hast.
(Mazmuni: La’l toshdir va tosh qozon ham tosh. Lekin ular orasida farq bor).
Sayyid Hasan juda qoyil qolib deydiki, tosh qozonda turli taomlar pishadi va barcha undan bahramand bo‘ladi, la’l-javohirdan esa xaloyiqqa turli balolar keladi.
Navoiy Sayyid Hasanning bu hayajonli fikri xuddi o‘sha kezlarda shoh Abusaidning kimdaki javohir bo‘lsa tortib olayotgani, bo‘lmasa, hammani bezovta qilib, axtarib, elga qattiq zulm o‘tkazayotganiga ochiq ishora sifatida tushunilganini izohlab o‘tadi.
Pahlavon Muhammad xarakteridagi hazil-mutoyibaga moyillik xususiyatini ham Navoiy ajoyib bir hayotiy lavha orqali ochib beradi: Kunlardan birida Pahlavon muolaja yo‘lida Navoiyni uqalab turib, suhbat quyuqlashib ketadi. Navoiy o‘sha kuni tongda:
Har qayon boqsam ko‘zimga u quyoshdin nur erur,
Har sori qilsam nazar ul oy manga manzur erur,—
deb boshlanadigan bir g‘azal yozib, cho‘ntagiga solib qo‘ygan edi. Pahlavon Navoiydan: “Turkiguy shoirlar orasida seni bebadal deydilar, sen o‘zing kimni ma’qulroq ko‘rasan?”— deb so‘raydi. Navoiy: “Hammadan Lutfiy yaxshi”,— deganida, Pahlavon: “Hega -Sayyid Nasimiy demading?”— deb so‘raydi. Navoiy bu haqda o‘z mulohazalarini quyidagicha bayon etib, “xotirga kelmadi va bar taqdir kelmoq, Sayyid Nasimiyning nazmi o‘zga rang tushubdur, zoxir ahli shuarosidek nazm aytmaydur, balki haqiqat tariqin ado qilibdur. Bu savolda sening g‘arazing majoz tariqida aytur el erdi ”,— deydi. Pahlavon ham shu yuzasidan bir necha so‘z aytgach, tongda Navoiy yozib cho‘ntagiga solib qo‘ygan g‘azalni bildirmasdan uning cho‘ntagidan olib boshdan-oxirigacha o‘qib, darhol yodlab oladi va g‘azalni yana uning cho‘ntagiga solib qo‘yadi. Bir oz vaqt o‘tgach u g‘azalning oxirgi:
Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab ko‘rsa ranj,
Yo‘q ajab, nechukki xom etgan kishi ranjur erur,—
maqdaidagi “Navoiy ” tahallusini Navoiyning g‘ashiga tegish uchun “Nasimiy” so‘ziga o‘zgartirib, yoddan o‘sha g‘azalni o‘qiydi.
Navoiy nihoyat darajada taajjublanadi va sezdirmasdan cho‘ntagiga qo‘l solib, she’r qo‘yilgan joyda turganligiga ishonch hosil qiladi. Bundan so‘ng yanada hayron qoladi. Navoiy bu ishning tagiga etmoqchi bo‘lib, hozir o‘qib bergan she’rni Pahlavon qachon yod tutganini surishtiradi. Pahlavon, bundan o‘n ikki yilcha bo‘lgan. Abulqosim Bobir majlislarida bu shn’r o‘qilib turardi, men uni yoqtirib, yodlab olgan edim,— deb javob beradi. ertasiga Navoiyni g‘oyat band etgan bu voqea yuzasidan yana so‘z ke­tadi. Pahlavon aytganlarining isboti uchun shogird polvonlarga ham bu she’rni yod oldirtiradi va Navoiy huzurida ularga ham o‘sha g‘azalni yod o‘qittiradi. Shoirning taajjubi ortadi, chunki u o‘z she’rini hech kimga ko‘rsatmagan, o‘qib ham bermagan edi. Oxiri Pahlavon Navoiyga bo‘lgan voqeani o‘zi gapirib beradi.
Bu lavha, Navoiyning ta’kidlashicha, Pahlavonning “zehn va zakosi latofatidin va hofizasi tezligi va zarofatidin” dalo­lat berar edi.
Ikkala asarda ham Navoiy o‘z qahramonlarining yumshoq ko‘ngilli, kamsuxan va dardli so‘z yoki nazm va kuydan cheksiz ta’sirlanadigan tabiat egasi bo‘lganliklarini alohida qayd qilib o‘tadi. Sayyid Hasan va Pahlavon Muhammadning yuqoridagi fa­zilatlari, ayniqsa, yoqimli fe’l-atvori ularni katta va kichik, yaxshi va yomon qoshida aziz va muhtaram qilgan ediki, buni Navo­iy chuqur samimiyat bilan qalamga oladi.
Shunday qilib, har ikkala “Holot ”da ham Navoiy Sayyid Hasan Ardasher va Pahlavon Muhammadlar siymosida teran va o‘ziga xos xarakterlarni, etuk shaxslar obrazini yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Bunga erishishda muallifning o‘z qahramonlariga bo‘lgan rag‘bati, hurmat-muhabbati aslo xalal bermaydi. Aksincha, bular bayonga shunday ajib bir dilrabolik bag‘ishlaydi, natijada asarlarning yana bir spetsifik badiiy xususiyati — muallifning qarama-qarshiliklar, fojiali voqea va ku-rashlarga to‘la bo‘lgan murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tgan bu ikki ulkan siymolarga munosabatini ruy-rost va aniq belgilash mumkin bo‘ladi.
Har bir “Holot ” qahramonining atroflicha tasviri, voqealar tafsili, bayon uslubining ravon va tilining aniq va soddaligi, ayrim tarqoq ma’lumot va detallarni yagona maqsadni yanada chuqur ochib berishga bo‘ysundirib tasvirlash va h. k. lar butun bir yaxlitligi bilan bu ikki nasriy asarning o‘ziga xos xususiyatlaridandir.
Garchi asos e’tibori bilan yuqoridagi asarlarida bo‘lganidek, “Hamsatul-mutahayyirin” da Nazoiy o‘zining eng yaqin do‘sti, ustozi va maslakdoshi Abdurahmon Jomiyning yorqin obrazini yaratishni bosh maqsad qilib olgan bo‘lsa-da, bu asar birmuncha o‘zgacha yo‘nalishda yozilgandir.
Buning sababi, eng avvalo, Jomiyning davrning eng katta obro‘li va eng bilimdon madaniyat arboblaridan bo‘lganligida hamda uning ijodkor olim sifatida adabiyot nazariyasi, tilshunoslik, tarix, falsafa, musiqa ilmida ko‘p ishlar yaratganligida, komil san’atkor sifatida ilg‘or fikrlarni, insonparvarlik g‘oyalarini, go‘zal insoniy fazilatlarni tarannum etganligida, ayni choqda, butun O‘rta va Yaqin Sharqda keng tarqalgan tasavvuf bilan ham yaqindan bog‘langanligidadir. Binobarin, Jomiy haqida asar yozishga kirishgan ijodkor bularni izohlash, munosabat bildirishga, o‘zi bilan bu ulkan shaxs orasidagi muloqotlarning eng xarakterli tomonlarini ochib berishga burchli edi. Shuning uchun ham hajman, ham mazmunan, ham kompozitsiya jihatidan ancha farq qiluvchi bu asar maydonga keldi.
“Hamsatul-mutaxayyirin ” ( “Hayratga tushganlar beshligi ”— asar nomi uning tuzilishi va mundarijasiga ishora qiladi) 1494 yilda yozilgan bo‘lib, bir muqaddima, uch maqola va bir xotimadan tarkib topgandir.Eng avvalo, shuni ta’kidlab o‘tmoq lozimki, Navoiy bu asarida ham badiiy yaxlitlik, kompozitsion yetuklik va uslubiy ixchamlikka to‘la erishgan.
Navoiy o‘zi bilan Jomiy oralarida bo‘lib o‘tgan qiziq va tasodifiy voqealar bayoniga bag‘ishlangan asarning birinchi maqoloti tarkibidagi 13-lavhada Jomiyning ma’naviy va ijtimoiy qiyofasini ochib beruvchi turli voqealar va shu voqealar munosabatida u bildirgan mulohaza va maslahatlari, uning hazil-mutoyibaga moyilligini ko‘rsatuvchi maroqli naqllar va turli adabiy mavzularda o‘tkazilgan suhbatlar beriladiki, ularni voqeiy hikoyalarning etuk namunasi deyish mumjin. Ayniqsa, badiiyat masalalari, ijodkor burchi haqidagi, chunonchi, Jomiyning “safed shud chu daraxti shukufador sarem”— deb boshlanadigan “qarilik” qasidasi, Xoja Hasan Dehlaviyning “Misoli qatrai boron sirishki man hama durr shud ” misrai, Ahmad Husayn marsiyasi borasidagi, Sog‘ariyning shoirlik rutbasi xususidagi bahs, munozara, mutoyibalari g‘oyat jonli, real tasvir etiladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, Navoiy voqealarning, uchrashuv va suhbatlarling hammasini emas, balki Jomiyning ijodiy yoki ijtimoiy biografiyasining aniq bir qirrasini ko‘rsatib beruv­chi eng xarakterli tomonlarini qalamga oladi.
Masalan, u Jomiyning hayotdan ajralgan ijodkor bo‘lmagan degidan, balki uni mamlakatda ro‘y berayotgan katta voqealar, saroy va saroydagilar hayoti, xulq-atvori juda yaqindan qiziqtirganligi hikoyalarda bayon etilgan. Navoiy sipohiylikdan — davlat xizmatidan bezor bo‘lib mansabni tark qilganida Jomiy buning sababini so‘raydi. Navoiy shunday javob beradi:
— Inson jinsi suhbat va ixtilotidin malul bo‘lub erdim, bu ishga ul bois bo‘ldi.
Jomiy g‘oyat qisqa, lekin nihoyatda o‘tkir, vaziyatga juda muvofiq tushadigan:
— Inson deb kimni xayol qilib erding, bizga dag‘i ko‘rguz?— degan savolni beradi. Bundan Navoiy o‘zining qat’iy qarori Jomiyga “noxush kelmagan” ligini tushunib etadi.
Navoiy bilan Jomiy orasidagi bu suhbat, oldingi hikoyatda qayd qilinishicha, ustozning haj safaridan endigina qaytgan, Shohning esa Balx ustiga yurish qilib turgan vaqtida sodir bo‘­ladi. Buning ustiga Hirotga kelgandan keyin Jomiyga safar chog‘ida turli shaharlar, jumladan Bag‘doddagi chiqishlari uchun bid’atda ayblangani ovozasini etkazadilar. Jomiy bundan nihoyatda qattiq ranjiydi. Hech shubhasizki, bunday vaziyatda Jomiyning Navoiyga yuqoridagi aytgan g‘oyat samimiy hamda nihoyatda tabiiy bo‘lgan so‘zlari dialog formasida berilgan badi­iy lavhaning xulosasi sifatida keltirilgandir.
“Hamsatul-mutahayyirin”ning ikkinchi qismi — maqoloti Jomiy va Navoiyning o‘zaro yozishmalariga bag‘ishlanadi. Bu yerda Jomiyning Navoiyga yo‘llagan 15 nomasi va javob xatlari hamda Navoiyning ham Jomiyga yozgan 15 maktub va javoblari keltiriladi. Jomiy va Navoiyning bu nomalari,— xoh ular ikki shaxs orasidagi do‘stona yozishmalar bo‘lsin, xoh badiiy ijod hamda ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan bog‘liq ruq’alar bo‘lsin, g‘oyaviy-badiiy, ham sotsial-tarixiy ahamiyatga molikdir. Shuningdek, ular Sharqda ancha keng rivoj topgan forsiy insho san’ati tarixini o‘rganish uchun ham muhimdir. Har bir maktubning yozilish tarixiga oid, qaydlargina o‘zbek tilida bitilgan bo‘lib, xatlaring o‘zi va unda keltirilgan she’riy parchalar forschada bitilgan, ba’zilarida esa Jomiyga mansub ta’kidlarni Navoiy o‘zbekchalashtirib keltiradi.
Masalan, Navoiy yozadi: “Podshoh Qunduz viloyati azimatiga cherik otlangonda, alarning va hech kimning ul yurush dilxohi emas erdi, faqirra der erdilarkim: “Ulcha mumkin bor, bu yurishning man’iga sa’y ilraysen va ul matlub surat bog‘lamogay, azimat jazm bo‘lsa, bizga bitib yuborgaysen ”.
Bu maktub Navoiy va Jomiyning o‘sha davr uchun dolzarb, xalq manfaati uchun zaruriy masalalardan biri — harbiy yurishlarga munosabatlarini ko‘rsatib beradi. Podshoxning Qunduz viloyatiga yurish qilmoqchi bo‘lganidan xabardor bo‘lgan Jomiy Navoiyni bu tadbirga yo‘l qo‘ymaslikka undaydi.
Bir qator boshqa xatlar esa (ham Jomiyning, ham Navoiyning qalamiga mansub) nihoyatda murakkab tilda, dabdabali uslubda, saj’ san’atidan keng istifoda etilgan holda bitilgan bo‘lib, forsiy epistolyar janrning g‘oyat xarakterli namunasidir.
“Hamsatul-mutahayyirin” ning xotima qismida Jomiy hayotida yuz bergan, lekin g‘ayritabiiy tuyulgan bir necha naqllar keltiriladi. Masalan, kunlarning birida Jomiy va Navoiy Gozurgohdan kelar ekanlar, doimo mast-alast bo‘lib yuradigan Max­mud Habib otliq fosih bir devona duch kelib qoladi. Yo‘liqqan odamga ko‘p bemaza gaplar otib, ta’nalar otuvchi bu odam Jomiy qarshisida ha deb uzrxohliklar bildirib, “odamiyona va xushmandona so‘zlar ” ayta boshlaydi. Navoiy ajablanib buning sababini surishtiradi. Ma’lum bo‘lishicha, bu devona bir necha kun avval mast ahvolda Jomiyni ko‘p beadab so‘zlar, so‘kishlar bilan qattik, ranjitgan ekan. endi esa Jomiyni Navoiy yonida ko‘rib, jazolanishdan qo‘rqib shunday qilayotgan ekan. Bularni eshitgan Navoiy darhaqiqat devonani jazoga mahkum etmoqchi bo‘ladi. Jomiy esa deydi:
— Ul o‘z siyosatini topqusidir, sen hech nima dema.
Besh-o‘n kundan so‘ng ma’lum bo‘lishicha, devonani o‘ziga o‘xshash yana bir bezori devona bo‘zaxonada bo‘ynini chopib o‘ldiradi.
Bu naql Jomiyning zohirda o‘zini shoir va mullodek tutib, botinda esa tasavvufdagi “malomatiya ” nomli bir ta’limotga mansubiyatini izohlash uchun keltirilgan bo‘lsa-da, lekin u Navoiy tomonidan shunday badiiy hikoyat darajasida. talqin etiladiki, natijada uning yechimi hayotdagi oddiy tasodif asosiga qurilgandek anglashiladi.
Asardagi g‘oyat maroqli kattagina nasriy parcha bu — Jomiy vafotining taflisotlarini hikoya qiluvchi xotima qismidir. Juda ta’sirli va nihoyatda hayotiy qilib yozilgan bu parchada keng xalq ommasi uchun ham, barcha adab ahli uchun ham katta yo‘qotish, og‘ir musibat bo‘lgan Jomiyning vafoti va uning dafn marosimi hikoya qilinadi. Bayon g‘oyat hayotiy bo‘yoqlarda, salobatli ritmda, barcha katta va kichik hayotiy tafsilotlar o‘rni-o‘rnida beriladi, natijada ulkan ijodkor, kamtarin inson Jomiyga xalqning va yaqinlarining, jumladan, Navoiyning tutgan motami haqida to‘la tasavvur yaratiladi.
Shunday qilib, Navoiy bu asarida Jomiyning ijodiy va ijtimoiy biografiyasini ma’lum yaxlitlikda yaratib beradi. “Hamsatul-mutahayyirin ” nasr namunasi sifatida sinkretik xarakterdagi asar bo‘lib, unda Navoiyning ham ilmiy, ham insho san’ati hamda hikoyanavislik, badiiy lavhalar yaratish sohasidagi mahorati namoyish qilinadi. Bu asarda real insonning anchayin mukammal xarakteri ochib beriladiki, bunda Navoiy juda ustalik bilan Jomiyga xos bo‘lgan barcha ilg‘or fazilatlarni ham, ziddiyatli, murakkab jihatlarni ham ko‘rsata olgan. Aksar hollarda Navoiy bunga tavsifiy, ta’rifiy bayonchilik vositasida emas, balki xarakterli voqealar jarayonini ko‘rsatish, go‘zal, badiiy barkamol lavhalar bilan dalillash, talqin qilish orqali muvaffaq bo‘ladi.

Yüklə 165,92 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin