-individual predmetli o‘yinlar, jamoa syujetli-rolli o‘yinlar;
-individual va guruhiy ijod;
-musobaqa o‘yinlari;
-muloqot o‘yinlari;
-uy mehnati.
Bog‘cha Yoshidagi bolalar nutqni bir muncha to‘la o‘zlashtirganlari va haddan tashqari harakatchanliklari tufayli ularda o‘zlariga yaqin bo‘lgan katta odamlar va tengdoshlari bilan munosabatda bo‘lish ehtiyoji tug‘iladi. Ular tor doiradan kengroq doiradagi munosabatlarga intila boshlaydilar. Ular endi bog‘chadagi o‘rtoqlari va qo‘ni-qo‘shnilarning bolalari bilan ham jamoa bo‘lib o‘ynashga harakat qiladilar.
Hamma narsani bilib olishga bo‘lgan ehtiyoj kuchayadi. Bog‘cha Yoshidagi bola tabiatiga xos bo‘lgan kuchli ehtiyojlardan yana biri, uning har narsani yangilik sifatida ko‘rib, uni har tomonlama bilib olishga intilishidir.
Bog‘cha Yoshidagi bolalar hayotida va ularning psixik jihatidan o‘sishida qiziqishning roli kattadir, qiziqish xuddi ehtiyoj kabi, bolaning biror faoliyatga undovchi omillardan biridir. Shuning uchun ham qiziqishni bilish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab psixik hodisa desa bo‘ladi.
Bolaning kamol topishida qiziqishning ahamiyati shundaki, bola qiziqqan narsasini mumkin qadar chuqurroq bilishga intiladi va uzoq vaqt davomida qiziqqan narsasi bilan shug‘ullanishdan zerikmaydi. Bu esa o‘z navbatida bolaning diqqati hamda irodasi kabi muhim xislatlarni o‘stirishga va mustahkamlashiga yordam beradi. 3-7 Yoshli bolalarning psixik rivojlanishida badiiy-ijodiy faoliyat turi bo‘lgan musiqaning ahamiyati ham juda kattadir. Musiqa orqali bolalar ashula aytishga, musiqa ohangiga mos ritmik harakatlar qilishga o‘rganadilar.