14 mavzu. Mantiq ilmining predmeti, asosiy qonunlari. Tushuncha tafakkur shakli sifatida
AYNIYAT QONUNI Qonun talabi:Muayyan muhokama jarayonida har qanday tushuncha va hukm o‘z-o‘ziga ayniy (teng) bo‘lishi kerak. Ayniyat qonuni A - A formula bilan ifodalanadi. Ayniyat qonuni to‘g‘ri fikrlashning qonunlaridan biri bo‘lib, fikrning muayyanligini va ravshanligini ta’minlaydi. Moddiy olamdagi hamma narsalar doimo o‘zgarishda, yangilanishda va rivojlanishda. SHu bilan birga har bir narsa o‘zining shakliga, sifatiga, tuzilishiga ega, boshqa narsalardan farq qiladi. Masalan, gazeta jurnaldan, televizor radiodan, O‘zbekiston Armanistondan, yulduz oydan farqlidir. Ana shu narsalar o‘zining aynanligi, konkret mazmuni va shakli bilan o‘z xususiyatini saqlab qoladi. Shuningdek, Ayniyat qonunida muhokama jarayonida har bir fikr o‘zining boshlang‘ich mazmunini saqlab qolishi kerak. Ayniyat ma’lum munosabatda buyumlar tengligi va o‘xshashligidir. Ammo ikki narsa absolyut ayniy narsa bo‘lishi mumkin emas. U ham ayniy ham tafovutli. Misol uchun, daraxtning ikki bargi. Ayniyat qonunida har bir fikr o‘z o‘rnida ishlatilib o‘z aynanligini saqlab qolib, boshqa fikrlar bilan aralashtirilib yuborilmasligi kerak.
Masalan, quyidagi tushunchalar o‘zaro teng tushunchalardir:
a) "Bur’oniddin Marg‘inoniy", b) "Hidoya" asari muallifi
v) "Musulmon fiqiq ilmining zabardast nazariyotchisi"
yoki
a) "Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Prezidenti",
b) "Islom Abduanievich Karimov".
Bu tushunalar teng, lekin mazmunan har xil. Agarda biz O‘zbekistonning birinchi Prezidenti degan tushunchani olsak, mazmun va xajm yanada kengayib ketadi. Chunki Y.Oxunboboev ham Prezident bo‘lgan.
Demak, ayniyat qonunini buzish bir tushunchani ikkinchi tushuncha bilan aralashtirib yuborishga, chalkashlikka, ikkiyoqlamalikka, tuturiqsizlikka olib kelishi mumkin. Keyingi paytlarda yangi so‘zlarni, atamalarni muomalaga kiritish natijasida ko‘p chalkashliklar va o‘zboshimchaliklar kelib chiqyapti. Natijada ayniyat qonuni buzilishlari yuz bermoqda. Masalan, "samolyot" so‘zi o‘rniga "tayyora", "aeroport" - "tayyorago‘", yoki "fakultet"- "qulliyot", "institut" - "oliygoh" kabi tushunchalar. Buning natijasida mazmun jihatdan chalkashliklar kelib chiqmoqda.
Ma’lumki, grammatikada turli so‘zlarni, tushunchalarni ifodalovchi omonim so‘zlar bor. Bunda bir so‘z bir necha ma’nolarni anglatadi. Natijada ba’zi hollarda ayniyat qonuni doirasidan chetga chiqish yuz beradi. Masalan, "o‘t" so‘zi sakrash ma’nosida, olov ma’nosida va o‘simlik ma’nosida ifodalanishi mumkin. Jumladan, "suz" so‘zi ham a) "ovqatni suzmoq", b) "suvda suzmoq", v) hayvonning biror kishini suzishi ma’nolarida ishlatilishi mumkin. Agar kishilar o‘rtasidagi o‘zaro suhbat yoki munozaralarda ayniyat qonuni talabalariga rioya qilinmaganda, ya’ni tushunchalarning ma’nolari o‘zgartirib yuborilsa, shunga qarab fikrlayotgan shaxsning ma’naviy madaniyati, bilim saviyasi, darajasi past ekanligini bilib olish mumkin.
Qadimgi Yunonistonda suhbatdoshini chalg‘ituvchi, fikrdan adashtiruvchi, tushunchalarni almashtiruvchilar - sofistlar deb atalganlar. Ular atayin mantiqiy xato fikrlarni ishlatib, o‘z raqiblarini so‘z bahsida engishga intilganlar, ya’ni mantiq qonunlarini ongli ravishda buzganlar.
Ayniyat qonuniga amal qilish kundalik hayotda, ilmiy tadqiqot ishlarining samarali bo‘lishida g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Ayniyat, ayniylikdan foydalanish sud-tergov ishlarida ham katta rol o‘ynaydi. Masalan, dastxatlarni solishtirish, odamlar xujjatlarini va barmoq izlarini bilib olishda ayniyat ishlab keladi. Ayniyat qonuni fanda, ehmlarning ish dasturini tuzishda muhim rol o‘ynaydi. Fanda ayniyatning turli modifikasiyalari (turlari) uchraydi. Matematikada tenglik, ekvivalentlik, tengsonlilik, ko‘plik va hk. Xulosa qilib aytganda, ayniyat qonuniga amal qilish to‘g‘ri fikrlashning xususiy qonuni sifatida kishi tafakkurining barcha shakllari (tushunchalar, hukm, xulosa chiqarish) uchun umumiydir, ya’ni muhokama qilinayotgan fikr o‘zining aynanligini saqlab qolishi kerak.