FORMAL MANTIQNING ASOSIY QONUNLARI FORMAL VA DIALEKTIK MANTIQ. Falsafiy adabiyotlarda dialektik mantiq bilan formal mantiq mavjudligi ta’kidlanadi. Bularning birinchisi tafakkur shakllarini ularning rivojlanishida olib qarasa, ikkinchisi ularni shakllangan fikrlar sifatida o‘rganadi. Shuningdek, dialektik mantiq tafakkurni uning mazmuni va shakli birligida olib o‘rgansa, formal mantiq fikrning shaklini uning konkret mazmunidan chetlashgan hamda nisbatan mustaqil holda olib tadqiq etadi. Shuning uchun dialektik mantiq fikrlarimizning taraqqiyoti, rivojlanishini, formal mantiq esa nisbiy turg‘unligini aks ettiradi. Dialektika fikrlashning formal mantiq qonun – qoidalariga amal qilishni taqazo etadi.
Dialektika esa rivojlanish jarayonida aynanlik, tafovutlar va qarama – qarshiliklar darajasiga ko‘tariladi, nozidlik taraqqiyot manbai bo‘lmay, balki ular o‘rtasidagi qarama – qarshilik taraqqiyotni ta’minlaydi, deb ko‘rsatadi. Formal mantiq va dialektik mantiq bir – biriga muqobil metodlarga asoslanadi. Ular mustaqil ta’limot hisoblanadi. Dialektik mantiq falsafiy metod sifatida, falsafaning muhim tarkibiy qismi sifatida mavjud bo‘lsa, formal mantiq mustaqil fan sifatida shakllangan ta’limotdir.
MATEMATIK MANTIQ.Matematik mantiq – fikrlash jarayonini turli simvollar yordamida, matematik usul asosida o‘rganadi. Bu ta’limot mantiq fanining rivojlanishidagi yangi bosqich hisoblanadi. Ammo matematik mantiqning matematikaning o‘zidan ham, mantiq ilmidan ham farqli tomonlari bor. Shuning uchun matematikaning barcha tomonlarini bu mantiq qonunlari bilan izohlab bo‘lmaydi. Shuningdek, mantiqiy qonun va shakllarining hammasini ham matematik usul bilan hal qilib bo‘lmaydi. Shunga qaramasdan matematik usul mantiq faniga singib bormoqda, uning ajralmas qismi bo‘lib takomillashmoqda.
Hozirgi zamon mantiq ilmini simvollarsiz, matematik mavhumiyliksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun mantiq ilmi mutaxassislari matematik mantiq asoslari bilan tanish bo‘lishlari zarur.
Mantiq jarayonini turli simvollar bilan ifodalashga intilish Arastu asarlaridayoq ko‘zga tashlanadi. XVI – XVII asrlarga kelib, mexaniqa va matematika fani rivojlanishi bilan matematik metodni mantiqqa tadbiq etish imkoniyati kengaya bordi. Nemis faylasufi Leybnits har xil masalalarni echishga imkon beruvchi mantiqiy matematik metod yaratishga intilib, mantiqni matematiklashtirishga asos soldi.
Mantiqiy jarayonni matematik usullar yordamida ifodalash asosan XIX asrlarga kelib rivojlana boshladi. Bu davrda yashagan rus olimi I. S. Poretskiy, nemis va ingliz olimlari J. Bul, Fure, Morgan, Shryoder kabilar o‘zlarining asarlarida bu masalaga oid muhim fikrlarni ilgari surishdi. Hozirgi vaqtda matematik mantiq metodlari fan va texnikada, kibernetikada tarjimon mashinalarda va boshqa ko‘p halq xo‘jaligi sohalarida qo‘llanilmoqda.
Tevarak atrofimizdagi barcha mavjud narsalar, ya’ni tabiat jamiyatdagi voqea va hodisalar doimo bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanishda, rivojlanishda, o‘zgarishdadir. Bu o‘zgarishlar asta-sekin, birin-ketin zaruriy tarzda amalga oshadi. Demak, narsa va hodisalarning o‘zgarishi, bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishi o‘ziga xos ichki qonunlar asosida yuz beradi. Moddiy olamdagi voqea va hodisalarning o‘zgarishi, ularning harakati inson irodasiga bog‘liq bo‘lmagan, ob’ektiv holda ro‘y beradi. Qonun predmet va narsalarning muhim, zaruriy tomonlarini ifodalaydi.
QONUN - keng ma’noda moddiy olamdagi predmet va buyumlar o‘rtasida yuz beradigan ob’ektiv, zaruriy, mohiyatli, muhim, eng umumiy, nisbiy o‘zgarmas bog‘lanishlardir.
Qonunlar mazmuni, harakat doirasiga bog‘liq holda asosan uch xil bo‘ladi:
1. Eng umumiy qonunlar,
2. Umumiy qonunlar,
3. Xususiy qonunlar.
Falsafa qonunlari (Miqdor o‘zgarishlarini sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonuni, inkorni inkor qonuni, qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni) eng umumiy qonunlardir. Bu qonunlar hamma erda va hamma vaqt - tabiatda, jamiyatda hamda kishi tafakkurida amal qiladi. Shunday qonunlar borki, ular tabiatning muayyan sohasiga tegishli bo‘ladi (er qimirlash, Oy tutilishi, suv toshqini). Shuningdek, jamiyatga xos qonunlar ham bor. (Qiymat qonuni, ishlab chiqarishning rivojlanish qonuni). Ayrim hodisalarga tegishli qonunlar ham bor (biologiya, astronomiya fanlarida). Bular odatda xususiy qonunlar deyiladi. Umuman olganda inson tomonidan qonunlarni bilish, o‘rganish va undan foydalanish katta ahamiyatga ega.
Mantiq qonunlarining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, avvalo bu qonunlar xususiy tarzda, faqat inson tafakkuriga xos bo‘lgan fikrlash, mulohaza yuritishda amal qiladi. Mantiq qonunlari deganda fikrlar o‘rtasidagi ichki, muhim, barqaror aloqa va bog‘lanishlar tushuniladi. Mantiq qonunlarini bilish, o‘rganish insonni fikrlashining to‘g‘riligini ifoda etadi.