Bolalar mashg‘ulotga qiziqish va faollik bilan ishtirok etishi uchun mashg‘ulot mazmuni va metodikasi puxta o‘ylab olinishi kerak. Bolalar o‘quv faoliyatini qanchalik puxta egallab olsalar, tarbiyachini e’tibor bilan tinglab, o‘yindan mashg‘ulotga osonlik bilan o‘tadilar.
Tarbiyachilar bolalarni yig‘ib, ularning mashg‘ulotga tayyorgarligi: tashqi ko‘rinishi, o‘z joyiga to‘g‘ri o‘tirishi, diqqatini to‘plaganini tekshiradi. Mashg‘ulot muvaffaqiyatli o‘tishi uchun bolalarda qiziqishni uyg‘otish, buning uchun bolalarning yoshi, qiziqishi faoliyatiga mos har xil usullarni qo‘llash kerak. Kichik guruh bolalarida mashg‘ulotga qiziqish uyg‘otish uchun bolalarni qiziqtiradigan mazmundagi kutilmagan topishmoqlar, muammoli usullardan foydalaniladi. “Quloq solinglar-chi, kimdir eshik qoqyapti? Bu qorbobo biznikiga mehmonga keldi”, deb mashg‘ulotni boshlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tarbiyachi katta guruhlarda esa qanday mashg‘ulot o‘tkazilishi haqida bolalarni oldindan ogohlantirib qo‘yadi. Bu esa bolalarni keyingi mashg‘ulotga bo‘lgan qiziqishini orttiradi. Masalan, hayvonot bog‘iga, ekskursiyaga borishni bolalarga bir hafta oldin aytib qo‘yadi va ularga hayvonot bog‘ini aylanib chiqishni, ota-onasi bilan sayr qilganda qanday hayvonlarni ko‘rganini va ular qanday taassurot qoldirganini eslab qolishni taklif etadi. Bolalar esa bu kunni zo‘r qiziqish va xursandchilik bilan kutishadi. Katta guruh va tayyorlov guruhlaridagi bolalar o‘tkazilayotgan mashg‘ulotning zarur va majburiyligini ongli ravishda tushunib unga tayyorlanib boradilar. Mashg‘ulot jarayonida bolalarga yangi bilim beriladi. Berilayotgan topshiriq yuzasidan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi. Topshiriqni bajarishda qiynalgan bolalarga yordam ham beriladi. Shuningdek, berilgan topshiriqni hamma bolalar tomonidan to‘liq bajarilishini ta’minlash uchun tarbiyachi turli xil metod va usullardan keng foydalanadi.