Maktabgacha tayyorlov guruhida bolalarda ba’zi bir yashirin muhim matematik aloqalarni, munosabatlarni, “teng”, “katta”, “kichik”, “butun va bo’lak” kattaliklar orasidagi bog’lanishlarni, o’lchov kattaliklari bilan son o’rtasidagi bog’lanishlarni aniqlay bilish ko’nikmasini rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning matematik tasavvurini shakllantirish mantiqiy tafakkurining yangi bosqichga ko’tarilishiga va ularning umuman aqliy faoliyati rivojlanishi uchun zamin yaratadi. Bolalarni ko’z bilan hamda ichida sanashga o’rgatib boriladi
Bu yoshda aqliy qobilyatni, mustaqil fikr yuritishni, analiz, sintez, taqqoslash kabi jihatlarini, muhokama qilish, xulosa chiqarish qobilyatini, fazoviy tasavvurni rivojlantirish ham katta ahamiyatga ega. Maktabgacha tayyorlov guruhining elementar matematik tasavvurini rivojlantirish bo’yicha dasturi bolalarning oldingi guruhlarda olgan bilimlarini umumlashtirish, bir tizimga keltirish, kengaytirish va chuqurlashtirishni nazarda tutadi.
Maktabga tayyorlov guruhida matematika bo’yicha haftasiga 2 ta mashg’ulot, yil davomida 72 ta mashg’ulot o’tkaziladi.
Mashg’ulotlarning davom etish muddati: birinchisi – 30 daqiqa, ikkinchisi – 20-25 daqiqa.
Har bir mashg’ulot tuzilishi uning mazmuni bilan aniqlanadi. U yangi materialni o’rganish, o’tilganlarni takrorlash va mustahkamlash, bolalarning egallagan bilimlarini tekshirishga xizmat qiladi.
Yangi mavzu bo’yicha birinchi mashg’ulot butunlay yangi matn ustida ishlashga doir bo’lishi kerak. Yangi matn bilan tanish bolalarning ishlash qobilyati yaxshiroq vaqtda, ya’ni mashg’ulot boshlanishining 3-5 daqiqasidan boshlab 15-18 daqiqasida yakunlanadi. O’tilgan materialni takrorlash uchun mashg’ulot boshlanishidan 3-4 daqiqa va mashg’ulot oxirida 4-8 daqiqa ajratiladi.
Tayyorlov guruhida o’tkaziladigan matematik mashg’ulotda didaktik ko’rsatma materiallaridan keng foydalanilishi xarakterlidir. Amaliy ishlar, ko’rgazma tashkil qilish bilan bog’liq bo’lgan topshiriqlar ham namuna sifatida qaralishi mumkin. Pedagog – tarbiyachi ularga o’zida bo’lgan ko’rsatma-qo’llanmalarni hisobga olib tuzatishlar kiritishi mumkin. Ko’pchilik hollarda tavsiya etilayotgan og’zaki mashqlar materialini pedagog-tarbiyachi turli usullarda berishi, ba’zan esa guruhning tayyorgarligiga qarab almashtirishi mumkin.
Bolalar mashg’ulotlarga qiziqib qatnashishlari uchun tarbiyachi quyidagi talablarga rioya qilishi lozim.
Dastur materiallarini yaxshi o’zlashtirib olish.
Puxta material (namoyish qiluvchi va tarqatma) tayyorlash.
Bolalar faoliyatini o’zgarib turishga , qiziqishga e’tibor qilish.
Mashg’ulot o’rtasida harakatli o’yinlar o’tkazishni rejalashtirish.
Mashg’ulot davomida bolalarning mustaqil xulosa chiqarishlariga erishish.
Bolalarning xilma-xil javoblarini rag’batlantirish