Mintaqa iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash mexanizmi
Mintaqaviy iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash mintaqaviy siyosatning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Bu borada ko‘zlangan asosiy maqsad asosiy maqsad mamlakat va uning mintaqalari raqobatbardoshligini oshirish hisoblanadi. Ushbu maqsadga erishish quyidagilarga yo‘naltiriladi:
- mamlakat va uning mintaqalarini xalqaro bozorlar bilan integratsiyalshuvini ta’minlash, mamlakat ishlab chiqaruvchi kuchlarini mintaqa va hududlar bo‘yicha oqilona joylashtirish, ularning o‘zaro aloqadorligi, ixtisoslashuvi va kooperatsiyalashuvini ta’minlash orqali mamlakat hamda mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, barqaror va mutanosib iqtisodiy o‘sishgacha erishish;
- mintaqalar infratuzilmasini rivojlantirish; - mintaqalarda ishlab chiqarish sohalarining raqobatbardoshligini oshirish;
- mintaqalar rivojlanishidagi farqlarni qisqartirish.
Mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda territorial-tarmoq klasterlari muhim rol o‘ynaydi. Klasterlarda ba’zi hududlarda ayrim tovarlar, butlovchi qismlarni xom ashyolarni ishlab chiqarish tashkil etiladi. Bunga Asakadagi yengil avtomobillar, ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish tashkil etilganligi misol bo‘ladi. Klaster hudud manfaatini korxona manfaati bilan uyg’unlashtiradi.
Mintaqa iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasida ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish ko‘zda tutiladi. Bu dasturlarni ishlab chiqishda o‘zaro aloqadorlik va davomiylik, resurslarni tejash, infratuzilmaviy ta’minot tamoyillariga asoslaniladi.
Bunday dasturlarni ishlab chiqish va mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish modellarini yaratishda SWOT tahlilidan foydalaniladi. Ushbu tahlil asosida mintaqaning, kuchsiz va kuchli tomonlari, imkoniyatlari, tahdid va xavf-xatarlar aniqlanadi. Mintaqani rivojlantirishning turli senariylari ishlab chiqiladi. Inertsion rivojlanish senariysida barcha tendensiyalar amalda saqlanadi. Eksportga yo‘naltirilgan rivojlanish senariysida eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlar va ularning salohiyatini rivojlantirish hamda mustahkamlash tadbirlarini amalga oshirish ko‘zda tutiladi. Mobilizatsion rivojlantirish senariysida ichki zahiralar, resurslar, iqtisodiy o‘sish omillari hisobga olinadi va rivojlantirish maqsadida foydalanishga yo‘natiriladi.
Mutanosib o‘sish senariysida eksportga yo‘naltirilgan va ichki resurslarni mobilizatsiya qilish variantlari sintez qilinadi, ya’ni uyg’unlashtiriladi.
Mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini prognozlashtirish va asoslashda mintaqa iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash vazifalarini ham hal etish ko‘zda tutiladi.
Mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan dasturlarning amalga oshirilishi mintaqaning o‘zini o‘zi tashkillashtiruvchi, o‘zini-o‘zi boshqaruvchi va oqilona boshqariladigan ijtimoiy-iqtisodiy, etnomadaniy va territorial-ma’muriy birlik sifatida rivojlanishiga imkoniyat yaratadi.