8. Korxonalar moliyasi yoki korporativ moliya
Xuddi uy xo‘jaliklari kabi firmalar ham turli shakl va hajm (o‘lcham)da bo‘ladi. Bunda, bir taraf (qutb)da bitta odamga tegishli yoki oilaviy biznes hisoblangan ustaxonalar, do‘konlar va restoranlar tursa, ikkinchi taraf (qutb)da – yuzlab, ba’zida Mitsubishi yoki General Motors, Gazprom, Rosneft, “O‘zbekneftegaz” kabi minglab odamlar ishlaydigan, aksiyador sherik egalari ko‘p korporatsiyalar turadi. Firmalar darajasida moliyaviy qarorlar qabul qilish masalalari bilan shug‘ullanadigan moliya sohasi korxonalar moliyasi yoki korporativ moliya (business or corporate finance) deb ataladi.
9. Yakka egalik
Yakka egalik (sole proprietorship), bitta odam yoki oilaga tegishli firma bo‘lib, unda barcha aktivlar va majburiyatlar bir vaqtning o‘zida firma egasining mulki hisoblanadi. Yakka mulkdor firmaning qarzlari va boshqa majburiyatlari bo‘yicha cheklanmagan majburiyatlarga yoki cheklanmagan mas’uliyatga (unlimited liability) ega. Bu degani, agar firma kompaniya kreditorlarining talablarini qondirish uchun o‘z qarz majburiyatlarini bajara olmasa, u holda kompaniya egasining istalgan mulki xatga olinishi mumkin.
10. Shirkat
Shirkat (partnership) – bu ikki va undan ko‘p kishi (oila) mulki bo‘lgan firma. Ular sherik deb ataladi va kompaniya kapitaliga birgalikda egalik qiladilar. Sheriklik kelishuvida, odatda, qarorlar qanday qabul qilinishi va firmaning daromad va zarari qanday taqsimlanishi belgilab qo‘yiladi. Kelishuvda boshqa shart belgilangan bo‘lmasa, sheriklar, xuddi yakka mulk-chilikdagi kabi, majburiyatlar bo‘yicha cheklanmagan javobgarlikka ega bo‘ladilar.
Dostları ilə paylaş: |