3-bosqich: Qarorlar qabul qilinishiga tegishli ma’lumotlarni to‘plash. Ehtimoliy harakatlar yo‘nalishlaridan har birini ko‘rib chiqish va unga tegishli axborotni aniqlash kerak. Muayyan harakat usuli to‘g‘risidagi ma’lumotlarning hammasi ham muhim emas. Faraz qilaylik, shaxs muayyan hajmli dvigatelga ega mashina xarid qilishni istaydi, bunda ishonchlilik va narxning eng yaxshi nisbatiga ega modelini izlab topishni yagona maqsad qilib qo‘yadi. Ushbu shaxsga mashinaning ishonchliligi va narxi to‘g‘risidagi ma’lumotlargina qiziqarli bo‘ladi. Boshqa ma’lumotlar, masalan, mashinaning rangi, dizayni yoki qaysi mamlakatda yig‘ilganligi ishga taalluqli emas. Bu mashina xaridorining maqsadlari ishonchlilik va narx to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish bilan cheklanishini anglatmaydi; agar ushbu ko‘rsatkichlar to‘g‘ri kelsa, boshqa omillarning ahamiyati yo‘q.
Foydalanish xarajatlari, masalan, transport vositalari uchun soliq tanlangan hajmli dvigatelga ega barcha mashinalar uchun bir xil bo‘lsa, ushbu xarajatlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan ma’lumotlar ham e’tiborga olinmasligi kerak. Qaror qabul qilish bir necha imkoniyatlardan tanlovni o‘z ichiga olishi tufayli qaror aynan ushbu imkoniyatlar o‘rtasidagi farqlar asosida qabul qilinadi. Transport vositalari uchun soliqning mavjudligi qaror mashinani xarid qilish kerakligi yoki kerak emasligini tanlashdan iborat bo‘lgan holatdagina ahamiyatli ma’lumotga aylanadi, chunki ushbu soliq avtomobil egasining xarajatlari turlaridan biri hisoblanadi. Agar mashina xarid qilinmasa, ushbu soliq ham to‘lanmaydi. Umumiy omillar ta’siri juz’iy bo‘lgan joyda oldingi xarajatlar ham hisobga olinmasligi kerak, chunki ular barcha ehtimoliy harakatlar yo‘nalishlari uchun bir xildir.
Shunday qilib, qaror qabul qilish uchun qanday ma’lumotlar muhim, qaysilari unchalik muhim emasligini aniqlab olish zarur. Ko‘pincha axborot to‘plash ko‘p vaqt va mablag‘talab etadi, demak muhim ma’lumotlarni ajratib olish qaror qabul qilish qiymatining jiddiy pasayishiga olib kelishi aniq. Bundan tashqari, unchalik muhim bo‘lmagan ma’lumotlarning mavjudligi qaror qabul qilayotgan shaxsni chalg‘itishi mumkin, bu esa optimal bo‘lmagan qarorlar qabul qilinishiga olib keladi.