Mavzuning o’rganilish tarixi. Alisher Navoiy ijodida mifologik obrazlar talqini masalasi ko’plab mumtoz adabiyot mutaxassislari va folklorshunoslarni qiziqtirib kelgan. Professorlar N.Mallaev, A.Hayitmetov, B.Sarimsoqov, A.Abdug’afurov, A.Jalolov, T.Mirzaev, M.Jo’raev, Q.Ergashevlarning darslik, qo’llanma va boshqa ilmiy asarlarida mazkur mavzu yoritilgan. Biz ushbu masalaning ayrim tomonlarini kengroq yoritishga harakat qildik.
MUMTOZ ADABIYOTDA MIFLAR VA MIFOLOGIYAGA MUNOSABAT MASALASI Mif xalq dunyoqarashi va og’zaki ijodning qadimiy shaklaridan biri bo’lib, insoniyat badiiy tafakkuri taraqqiyotida g’oyat katta o’rin tutadi. Miflarning yuzaga kelishi, rivojlanish bosqichlari va badiiy adabiyotning shakllanishidagi ahamiyati kabi masalalarni o’rganish jahon adabiyotshunosligining muhim muammolaridan biri hisoblanadi. Chunki folklor an’analari orqali yetib kelgan qadimgi miflarning ayrim namunalari va ba’zi bir an’anaviy mifologik obrazlar yozma adabiyotda ham qo’llanilgan. Miflarning yozma adabiyotga munosabati, xususan asotiriy syujetlar va obrazlardan foydalanishda ijodkorning mahorati masalasi o’zbek olimlari tomonidan ham ma’lum darajada o’rganilgan. Bu o’rinda N.Mallaev, M.Saidov, G’.Akramov, M.Jo’raev, T.Xo’jaev kabi olimlarning tadqiqotlarini tilga olib o’tish mumkin1.
Mif o’tmishda yashab o’tgan kishilarning olam haqidagi eng kadimgi tasavvurlarini o’zida mujassamlashtirganligi bilan xarakterlidir. Qadimgi odamlar tabiatning turlituman hodisalari, xususan, yer qimirlashi, yomg’ir yog’ishi yoki qurg’oqchilik bo’lishi, shamol esishi, dovul, to’fon ko’tarilishi, quyosh, oyning tutilishi, osmonda dumli yulduz ko’rinishi, yulduz uchishi, kecha bilan kunduzning doimo o’rin almashib turishining haqiqiy sabablarini bilmaganlar. Ular bu hodisalarning boisini mifologik tasavvurlar vositasida tushuntirishga, izohlashga harakat qilishgan. Shu zaylda olamdagi mavjudlikning sabablarini izohlash, tushuntirish, mohiyatiga yetishga qaratilgan eng qadimgi tasavvurlar silsilasidan iborat miflar kelib chiqqan. Mifologiyani inson dunyoqarashini eng qadimgi bosqichiga mansub hodisa sifatida baholagan folklorshunos B.Sarimsoqovning yozishicha, mif «ibtidoiy tasavvur sistemasi sifatida qadimgi insonning voqelikka qarashidagi eng umumiy, eng mushtarak yo’ldir»1.
M. Jo’raev va Sh. Shomusarovlarning fikricha, «mif qadimgi odamning ishonch e’tiqodlari, o’yxayollari, diniy qarashlari va ilk ijodiy izlanishlarining so’z vositasida ifoda etilgan ko’rinishlaridan biridir. Mifni ibtidoiy odam ma’naviy olamining muayyan ehtiyojlari, ya’ni o’z dunyokarashini bayon etish zarurati yuzaga keltirgan. Voqelikni badiiy idrok etish an’anasining ibtidosi sifatida qadim zamonlarda shakllangan mifologik tasavvurlar tizimi folklordagi epik janrlarning syujet silsilasi va obrazlar tarkibining yuzaga kelishiga asos bo’lgan».
Darhaqiqat, qadimgi miflar mohiyatiga e’tibor beradigan bo’lsak, unda olamdagi barcha narsahodisalarni jonlantirib tasavvur qilish, ezgulik va yovuzlikning kurashini talqin qilish, kosmos va xaos munosabatlarini izohlash kabi yo’nalishlar mavjudligini ko’ramiz. Qadimgi odamlar hayotda insonga yaxshilik qiladigan ezgulik kuchlari hamda kasallik, tabiiy ofatlar yuboradigan yovuzlik kuchlari mavjud bo’lib, ular o’rtasida doimiy kurash ketadi, deb o’ylaganlar. Bu kurashda ezgulikning g’olib chiqishiga ishonganlar. Bu esa afsonaviy, g’ayrioddiy kuchlarning madadiga ishonishga asoslangan qadimgi kulьt miflarining kelib chiqishini ta’minlagan.
Miflar qadimgi odam "dunyoqarashining cheklanganligi va soddaligi natijasida yuzaga kelgan bo’lsa-da, bu tasavvurlar sistemasi badiiy tafakkurning shakllanishi hamda taraqqiy etishida muhim ahamiyat kasb etgan. Miflarda ifodalangan ezgu kuchlarga ishonch g’oyasi kishilarni go’zallikni sevishga, tabiatning boqiyligini asrashga, har qanday yaratuvchilik faoliyatini qo’llabquvvatlashga undagan.
Ijtimoiy fikr taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida mifologiya o’z tarixiy vazifasini ado etgan. Bu vazifaning moxiyati shundan iborat ediki, har qanday mifologiya tabiat kuchlarini faqat xayolot kengliklarida va xayoliy uydirma kuchi bilan yengadi, ya’ni qadimgi odam faqat xayoldagina o’z atrofidagi voqelikni o’ziga bo’ysundiradi va o’z tasavvurlariga moe xayoliy olamni shakllantiradi. Shuning uchun ham mif qadimgi odamning tabiatga ongsiz ijodiy munosabati natijasida kelib chiqqan tasavvurlar silsilasi deb qaraladi1. «Mif qadimgi odamning voqelikka bo’lgan ongsiz hissiy munosabati ifodasidir»2. Aslini olganda, qadimgi odam tabiat kuchlari ustidan o’z hukmronligini o’rnatishga harakat qilishi bilan mifologik tasavvurlar o’rniga voqelikni ongli anglash davri boshlanadi. Chunki tabiatni ongli ravishda anglash bosqichi o’z navbatida voqelikni badiiyestetik idrok etish an’anasining kelib chiqishini ta’minlagan. Shuning uchun ham yozma adabiyotdagi ayrim syujet va obrazlarning ildizlari folklor an’analari orqali miflarga borib bog’lanadi.
Mifshunoslikda mifologiyaning taqdiri masalasida ham ma’lum ilmiy qarashlar bildirilgan. Shu o’rinda professor B.Sarimsoqovning quyidagi fikrlari o’rinlidir: «Agar mifologiyaning ham tarixiy taraqqiyoti, ijtimoiy ong shakllarining tobora boyishi bilan mif tabiatida yuz bergan son-sanoqsiz o’zgarishlar nazarda tutilsa, uning ham davrlar o’tishi bilan o’z tabiatini astasekin o’zgartira borganligi va undagi klassik xossalar yangi ijtimoiy ong shakllari, jumladan, badiiy ijod uchun potentsial harakat maydoniga aylanib qolganligini ko’rish mumkin. Mana shuning uchun ham mifologik syujetlar, motiv va personajlar folklordan mustahkam o’rin olib qolgan. Demak, miflar folklor janrlarining boyishi, rivoji uchun imkoniyat yaratib bergan va qisman, o’zlari ham folklor janrlari tarkibiga singib ketgan diffuziyalashgan»1.
«Sab’ai sayyor» dostonining nomlanishidan tortib obrazlar silsilasigacha, hatto syujet qurilishining o’zi ham samoviy mifologiyaga asoslangan. Alisher Navoiy o’z dostonini «Sab’ai sayyor», ya’ni yetgi sayyora yoki yetti kezuvchi deb atagan. Bu raqam asar badiiy qurilmasining semantik asosini tashkil etuvchi poetik kod vazifasini bajargan. Yetti falak, yetti sayyora, yetti kun, yetti iqlim, yetti qasr, yetti yo’lovchi, yetti qiz, yetti xil rang, yetti hikoya kabi tushunchalar asar syujetining shakllanishini ta’minlagan. Bu raqamning «Sab’ai sayyor»da g’oyat muhim poetik timsol vazifasini bajarganligini shundan ham bilsa bo’ladiki, «etti» soni yetti falak, yetti iqlim, haftaning yetti kuni, yetti qasr, yetti sayyoh, yetti hikoyat, yetti go’zal, yetgi xil rang kabi timsollar bilan bog’liq holda qo’llanilib, o’ziga xos badiiy tizimni tashkil etgan. Bu tizimda yettilik bilan bog’liq an’anaviy timsollarning har biri muayyan poetik vazifa bajaruvchi va birbiri bilan o’zaro chambarchas bog’langan syujet uzvlari hisoblanadi.
Avvalo, «etti» raqamining mifologik mohiyati haqida to’xtalib o’taylik. «Etti» raqami dunyo xalkdari folklori va ma’naviy madaniyatida muhim iz qoldirgan sehrlimagik raqamlardan biri hisoblanadi. Bu raqamning sehrlimagik son sifatidagi o’ziga xos xususiyatlari, qadimgi odamlarning yetti soni to’g’risidagi e’tiqodiy qarashlari va ularning moddiy madaniyat yodgorliklarida aks etgan timsollari Dj.A.Miller, I.I.Chistyakov, A.I.Borodin, B.A.Frolov, N.L.Jukovskaya kabi olimlar tomonidan o’rganilgan1. O’zbek xalq sehrli ertaklaridagi magik raqamlarning tarixiy asoslari va poetikasini tadqiq etgan M.Jo’raev esa yetti sonining mifologik mohiyati va folklor asarlaridagi badiiy vazifalarini keng ko’lamda yoritib bergan2.
«Sab’ai sayyor»dagi samoviy mifologemalardan biri «etti ko’k», «etti falak», «etti gunbad», «etti osmon» obrazlaridir. SHoir asar muqaddimasida yetti qavat osmonning yaratilishi va tuzilishini ta’riflab, shunday yozadi: