Mavzu Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi ma’naviy va madaniy
1Mavzu: Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi ma’naviy va madaniy taraqqiyot. Reja: I. Kirish.
II. Asosiy qism.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi ma’naviy va madaniy taraqqiyot, milliy istiqlol g‘oyasi va mafkuraviy masalalar.
Milliy urf-odatlar, qadriyat va an’analarning tiklanishi.
O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan sohalarida amalga oshirilgan izchil islohotlar.
Yoshlar- kelajagimiz davlat dasturining amalga oshirilishi.
III. Xulosa.
IV. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
Kirish O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bilan bir vaqtda ma’naviy merosimizni, madaniy qadriyatlarimizni tiklash va ularni xalqimizga etkazish borasida keng ko‘lamda faoliyat olib borildi. Respublika Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlab o‘tganidek, ma’naviyatning mohiyati shunchalik kengki, uni o‘lchab ham, poyoniga etkazib ham bo‘lmaydi. U inson uchun butun bir olamdir. Bozor munosabatlari sharoitida ma’naviyat va ma’rifat ishlariga g‘oyat katta e’tibor berilishi mustaqil O‘zbekistonda yangi jamiyat qurishning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Bugungi kunda ma’naviy merosimizni, qadriyatlarimizni tiklash, xalqimiz, jumladan, yoshlarimiz ma’naviyatini boyitish, o‘zligini anglash, xususan kelajagimiz bo‘lgan, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, ongli mutaxassis kadrlarni tayyorlash ularning ma’naviyatini yuksaltirishga erishish g‘oyat muhimdir. O‘zbek xalqining boy ma’naviy qadriyatlarini qaytadan tiklash, ularni xalqimizga qaytarish mustaqillik davri tariximizning ajralmas qismidir. Shu ma’noda bu tarixni yoritmay turib, umuman mustaqillik davrining to‘la tarixini yaratib bo‘lmaydi2.
Shu borada «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazini tashkil qilish va ularning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan 1994-yil 23-apreldagi va keyingi Prezident farmonlari Respublikada ma’naviy va mafkuraviy ishlarni yuksaltirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000- yilning 2-iyunidagi Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi yangi farmoni mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni izchil amalga oshirish, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini xalqimiz ongi va qalbiga singdirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim dastur bo‘lgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 28-iyulda qabul qilingan (PQ-3160) «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida»gi qarori bilan Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi birlashtirilib, Resupblika ma’naviyat va ma’rifat markazi qayta tashkil etildi, uning dolzarb vazifalari belgilandi. Bu esa jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun dahldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot tizimini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ajdodlarimizning bizgacha yetib kelgan boy madaniy meroslarini o‘rganish ham katta o‘rin egallaydi. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qadriyatlar, urf-odatlar, buyuk otabobolarimizning bizga qoldirgan meroslarini o‘rganish va targ‘ib etish uchun keng yo‘llar ochildi. Bu boradagi tadbirlar mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq amalga oshirila boshlandi. Xususan, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rivojlanishi uchun davlat tomonidan katta mablag‘lar ajratildi. O‘zbekistondagi barcha davlat teatrlari, madaniyat uylari, san’at oliy o‘quv yurtlari, folklor-etnografik guruhlar madaniyat o‘choqlariga aylanib qoldi. Teatr sahnalarida yangi zamonaviy spektakllar qo‘yila boshladi. Badiiy adabiyotda partiyaviylik, sinfiylik nuqtayi nazaridan yondoshishga chek qo‘yildi. Bahovuddin Naqshband, Feruz, Xo‘ja Axror, Cho‘lpon, Fitrat kabi katta hizmatlarni hisobga olib adabiyotning ilg‘or namoyandalari Abdulla Oripov, Sayid Ahmad, Erkin Vohidov, Qayibergen To‘lepbergenov, Ibroxim Yusupovlar O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldilar.
1991-yili buyuk alloma, g‘azal mulkning sultoni Alisher Navoiy yubileyini o‘tkazish katta ahamiyatga molik voqea bo‘ldi. Bu tantanaga bag‘ishlanib Respublikamizda shoirning asarlari nashrdan chiqarildi. 1994-yil Mirzo Ulubek tavallud topgan kunining 600 yilligi keng ko‘lamda, jahon miqyosida nishonlandi. YUNESKO ning Parijdagi qarorgohida yubileyga bag‘ishlangan haftalik o‘tdi. Mustaqillik yillarida buyuk sohibqiron Amir Temurning 660 yilligi bo‘lib o‘tdi. YUNESKO tomonidan 1996-yil «Amir Temur yili» deb e’lon qilindi. Shu yili YUNESKO ning Parijdagi qarorgohida «Temuriylar davri, fan, madaniyat va maorifning gullab yashnashi» mavzuida anjuman va unga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Mamlakatimizda «Temur va temuriylar» muzeyi, Amir Temur nomi berilgan bog‘lar, ko‘chalar barpo etildi. Islom olamining allomasi Iso at-Termiziyning 1200 yilligi, Mahmud az Zamahshariyning 920 yilligi, Najmiddin Kubroning 850 yilligi, Bohovuddin Naqshbandiyning 675 yilligi keng ko‘lamda nishonlandi. Ularning boy asarlari nashrdan chiqarildi. Barcha viloyatlar va shaharlarda har yili Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiylarga bag‘ishlanib kechalar o‘tkazildi, Jaloliddin Manguberdining 800 yillik tavalludi, «Alpomish» dostoni yaratilishining 1000 yilligi keng miqyosda nishonlandi.
Ma’naviy hayotni takomillashtirish maqsadida Imom al Buxoriyning yubileyiga bag‘ishlab, Qur’oni Karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan «Al-Jome’ as-Sahiyh» (Ishonarli to‘plam), «Al-adab, al-mufrad» (Adab durdonalari) o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashrdan chiqarildi. 1998-yili Imom al Buxoriy tavalludining 1225 yilligi, Ahmad al Farg‘oniy tavalludning 1200 yilligi jahon miqyosida keng nishonlandi. Respublikada yubileylar munosabati bilan allomalar hayotiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar va badiiy ko‘rgazmalar ochildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi va bevosita ishtiroki bilan buyuk vatandoshlarimiz fiqh ilmining bilimdoni, nomi sharq va g‘arbda mashhur bo‘lgan Abul Hasan ibn Abu Bakr ibn Abduljalil al Farg‘oniy al-Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi, kalom ilmining asoschisi Imom Abu Mansur al Motrudiy tavalludining 1130 yilligi butun mamlakatimizda keng nishonlab o‘tildi.
Yurtimiz hali ittifoq tarkibida bo‘lgan, Kremlning hukmronligi hali kuchini yo‘qotmagan bir paytda – 1990-yil iyun oyida Respublika Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov «Musulmonlarning Saudiya Arabistoniga Haj qilishi to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. O‘zbekiston hukumatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bilan 1991- yilda Haj qilish baxtiga 350 kishi sazovar bo‘lgan bo‘lsa, 2001-yili hojilarning soni 3801 kishiga etdi. Jami mustaqillik yillari Haj ibodatini ado etishga muvaffaq bo‘lganlarning soni 31.057 kishini tashkil qildi. 2018-yilda Haj safariga boruvchilar 7 ming nafar kishini tashkil etmoqda, Umra safariga borishni istagan barcha fuqarolar uchun to‘la imkoniyat yaratildi