OILA IQTISODIYOTINING INSON HAYOTIDAGI O‘RNI Siz zamonaviy texnika va texnologiyalar, turli yog‘och, metall va kompozit ma- te riallarga ishlov berish, harakatlanuvchi oddiy mexanizmlardan foydalanib, turli buyumlar yasash usullarini o‘rganib oldingiz. Albatta, o‘rgangan bu bilimlar Sizga oila ishlariga yordam qilish va oila daromadiga o‘z hissangizni qo‘shishingizda poydevor vazifasini bajaradi. Buyuk ma’rifatparvar, iste’dodli shoir, mashhur tarbiyachi bobomiz Abdulla Avloniy o‘zining “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida: “Iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur. Mol qadrini biluvchi kishilar o‘rinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, o‘rni kelganda so‘mni ayamas. Saxovatning ziddi baxillik bo‘lgani kabi iqtisodning ziddi isrofdir” degan. Iqtisodiy bilimlarni egallash faqat tadbirkorlik yoki biznes sohalari bilan shug‘ullanayotganlarga tegishli emas, balki har bir fuqaro bilishi zarur va shart hisoblanadi. Zero, egallangan bilim hech qachon keraksiz og‘ir tosh bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Iqtisodiyot – yunoncha “ekonomikos” so‘zidan olingan bo‘lib, “uy xo‘jaligini yuritish san’ati” degan ma’noni bildiradi. Har bir inson hayotida oila iqtisodiyoti muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Oila iqtisodiyotida oila budjeti degan tushuncha mavjud bo‘lib, u oila rivojlanishida asosiy o‘rinni egallaydi.
Oilalar farovonligini taʼminlashda biznes muhitini shakllantirish muhim omil sanaladi. Shu bois mamlakatimizda soʻnggi yillarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunki tadbirkorlik orqali oilalardagi muammolar kamayadi, ahillik ortadi va ijtimoiy himoya taʼminlanadi.
Yana bir muhim hujjat — davlatimiz rahbarining 2018-yil 7-iyundagi “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qarori orqali biznesning ushbu shakli bilan shugʻullanayotganlarga koʻplab imtiyoz hamda imkoniyatlar yaratib berildi. Soliqdan ozod etish boʻladimi, energiya resurslari toʻlovidagi imtiyozlarmi, mahsulotni sotishdagi erkinlikmi, xullas, hamma sharoit muhayyo qilindi.
Taʼkidlash joiz, hozirgi vaqtda ushbu qarorga asosan, mamlakatimizning har bir tuman hamda shaharida, avvalo, olis va tabiiy-iqlim sharoiti ogʻir hududlarda ushbu dastur izchil amalga oshirilmoqda.
Tijorat banklari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida imtiyozli kreditlar berilyapti. Xususan, buning uchun eng kam ish haqining yuz ellik baravarigacha, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan kichik tadbirkorlik subyektlariga faoliyatni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining ming baravarigacha, tadbirkorlik subyektlarining investitsiyaviy loyihalari uchun esa eng kam ish haqining ming baravaridan ortiq miqdorda kreditlar ajratilayotir. Qaror bilan oilaviy tadbirkorlik faoliyati uchun yer ajratish masalasi ham oʻz yechimini topdi.
Umuman aytganda, ushbu hujjat har bir oilaning tadbirkorlik bilan shugʻullanishi hamda barqaror daromad manbaiga ega boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda.