Pedagogik qobiliyatlar. Layoqat- Psixologiyada tug‘malik alomatlari bor individual sifatlar layoqatlar deb yuritildi va uning ikki xili farqlanadi:
tabiiy (tug‘ma) layoqat- odamdagi oliy nerv tizimi faoliyatining xususiyatlari, miya yarim sharlarining qanday ishlashi, qo‘l-oyoqlarning biologik va fiziologik sifatlari, bilish jarayonlarini ta’minlovchi sezgi organlari - ko‘z, quloq, burun, teri kabilarning xususiyatlaridan tashkil topadi.
Ijtimoiy layoqat– bola tug‘ilishi bilan uni o‘rab turgan atrof muhit, muloqot uslublari, so‘zlashish madaniyati kabi ko‘plab omillar ta’sirida tug‘ma layoqat tarbiyalanib qobiliyatga aylanib va rivojlanib boradi. Demak, layoqat tug‘ma bo‘lib, qobiliyat tarbiya mahsulidir.
Shaxsning muayyan faoliyatni muvaffaqiyatli amalga oshirish sharti hisoblangan va buning uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash dinamikasida yuzaga chiqadigan farqlarda namoyon bo‘ladigan individual psixologik xususiyatiga qobiliyat deyiladi.
Didaktik qobiliyat - bu oson yo‘l bilan murakkab bilimlarni tarbiyalanuvchilarga tushuntira olishdir. Bunda ta’lim beruvchining o‘quv materialini tarbiyalanuvchilarga tushunarli qilib bayon etishi, mavzu yoki muammoni ularga aniq va tushunarli qilib aytib berishi va namoyish qilishi, tarbiyalanuvchilarda mustaqil ravishda faol fikrlashga qiziqish uyg‘ota olishi ko‘zda tutiladi. Ta’lim beruvchi zarurat tug‘ilgan hollarda o‘quv materialini o‘zgartira, soddalashtira oladi, qiyin narsani oson, murakkab narsani oddiy, tushunarsiz narsani tushunarli qila oladi.
Akademik qobiliyat - barcha fanlar yuzasidan muayyan bilimlarga ega bo‘lishlik. Bunday qobiliyatlarga ega bo‘lgan ta’lim beruvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimlar hajmidagina emas, balki ancha keng va chuqurroq biladi, o‘z sport turi sohasidagi yangiliklarni kuzatib boradi. Fan-texnika, ijtimoiy-siyosiy hayotga doir qiziqishlari bilan ko‘p narsalarni o‘rganib boradi. Tarbiyalanuvchilarda ma’lum fan bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar shakllantirish jarayonida ma’lumotlarni boshqa fanlar (fizika, anatomiya, fiziologiya, geometriya va h.k) bilan bog‘lay oladi.
Perseptiv qobiliyat - qisqa daqiqalarda tarbiyalanuvchilar holatini idrok qila olish fazilati, bu tarbiyalanuvchining ichki dunyosiga kira olish qobiliyati, tarbiyalanuvchi shaxsini va uning vaqtinchalik psixologik holatlarini juda yaxshi tushuna bilish bilan bog‘liq bo‘lgan psixologik kuzatuvchanlikdir. Bunday ta’lim beruvchi kichkinagina alomatlar, uncha katta bo‘lmagan tashqi belgilar asosida tarbiyalanuvchi ruhiyatdagi ko‘z ilg‘amas o‘zgarishlarni ham fahmlab oladi.
Nutqiy qobiliyat –ixcham, ma’noli, ohangdor, muayyan ritm, temp, chastotaga ega bo‘lgan nutq. Shuningdek, ta’lim beruvchi nutqining jarangdorligi, uning pauza, mantiqiy urg‘uga rioya qilishi. Qobiliyatli ta’lim beruvchining nutqi mashg‘ulotda hamisha tarbiyalanuvchilarga qaratilgan bo‘ladi. Ta’lim beruvchi yangi materialni tushuntirayotgan, tarbiyalanuvchining javobini tahlil qilayotgan, ma’qullayotgan yoki qoralayotgan bo‘lsa ham uning nutqi hamisha o‘zining ichki kuchi, ishonchi, o‘zi gapirayotgan narsaga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Fikrlar ifodasi tarbiyalanuvchi uchun aniq, sodda, tushunarli bo‘ladi.
Tashkilotchilik qobiliyati- o‘quv guruhi yoki jamoani uyushtirish va uni boshqarish iste’dodi. Tashkilotchilik tarbiyalanuvchilarni xilma-xil faoliyat turiga jalb qilish uchun asos hisoblanadi. Bu qobiliyat, birinchidan, tarbiyalanuvchilar jamoasini uyushtirish, muhim vazifalarni hal etishga ruhlantirish bo‘lsa, ikkinchidan, o‘z faoliyatini to‘g‘ri uyushtirish qobiliyatidir.
Obro‘ga ega bo‘lishlik qobiliyati- o‘zining shaxsiy xususiyati, bilimdonligi, aql- farosatli, mustahkam irodasi bilan obro‘ orttirish uquvchanligi. Fanda bu qobiliyat turi – avtoritar qobiliyat, deb ham yuritiladi. Hurmatga ega bo‘lish ta’lim beruvchi shaxsiy sifatlarning butun bir kompleksiga, chunonchi, uning irodaviy sifatlariga ( dadilliligi, chidamliligi, qat’iyligi, talabchanligi va h.k), shuningdek, tarbiyalanuvchilarga ta’lim hamda tarbiya berish mas’uliyatini his etishga, bu ishonchni tarbiyalanuvchilarga ham yetkaza olishiga bog‘liq bo‘ladi.
Kommunikativ qobiliyat –muomala va muloqot o‘rnata olish, bolalarga kirishib ketish qobiliyati, tarbiyalanuvchilarga to‘g‘ri yondashish yo‘lini topa olish, ular bilan pedagogik nuqtayi nazardan samarali o‘zaro munosabatlar o‘rnata bilish, pedagogik nazokatning mavjudligi.
Diqqatni taqsimlash qobiliyati –bir necha obyektlarga bir davrning o‘zida o‘z munosabatini bildirish. Ta’lim beruvchi uchun diqqatning barcha xususiyatlari – hajmi, uning kuchi, ko‘chuvchanligi, idora qilina olishi va ishga solinishning taraqqiy etganligi muhimdir. Qobiliyatli, tajribali ta’lim beruvchi o‘z fikrini (yoki tarbiyalanuvchi fikrini) bayon qilishda diqqat bilan kuzatadi, aynivaqtda barcha tarbiyalanuvchilarni o‘z diqqat-e’tiborida tutadi, toliqish, e’tiborsizlik, tushunmaslik alomatlarini hushyorlik bilan kuzatib boradi, barcha intizom buzilish hollarini e’tibordan qochirmaydi, nihoyat o‘z shaxsiy xatti-harakatlarini (mimikasi, pantomimikasi, yurish-turishni) ham kuzatib boradi.
Kelajakni ko‘ra bilish qobiliyati –insonning kelajagini oqilona tasavvur qilishdan iborat bashorati. Bu o‘z harakatlarining oqibatlarini oldindan ko‘rishda, tarbiyalanuvchining kelgusida qanday odam bo‘lishi haqidagi tasavvur bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsni tarbiyalab yetishtirishda, tarbiyalanuvchining qanday fazilatlarning taraqqiy etishini oldindan aytib bera olishda ifodalanadigan maxsus qobiliyat. Bu qobiliyat pedagogik optimizmga, tarbiyaning qudratiga, odamga ishonish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Konstruktiv qobiliyat –o‘quv-tarbiya ishlarini rejalashtirish va natijasini oldindan aytish qobiliyati. Bu qobiliyat tarbiyalanuvchi shaxsning rivojini loyihalashga, o‘quv- tarbiya mazmunini, shuningdek, tarbiyalanuvchilar bilan ishlash metodlarini tanlab olishga imkon beradi. Pedagogik qobiliyatlarni har tomonlama o‘rganish qobiliyatlar shaxsning aql-idroki, his-tuyg‘usi va iroda sifatlarning namoyon bo‘lishidan iborat ekanligini ko‘rsatadi. Bugungi olimlar, yuqorida bayon qilingan qobiliyatlar qatoriga, zamonaviy pedagogning qobiliyatini ham kiritishmoqda.
Zamonaviy pedagogning qobiliyati – zamonaviy ta’lim beruvchi, shogirdlarini aql-u donishlikka, iymon-etiqodga, faol hayotiy pozitsiyaga, tashabbuskorlikka, tadbirkorlikka, ijodga yo‘naltirish kabi qator qobiliyatlarga ega bo‘lishi zarurligi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu qobiliyat turi, ta’lim oluvchilarning kelajak faoliyatlariga yo‘naltirilganligi uchun, uni biz strategik qobiliyat atadik.
Pedagogik texnikaning tarkibiy qismlari
Pedagogik texnika – pedagogik mahoratning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, o‘qituvchning o‘quvchilarga ta’sir o‘tkazish vositasi hisoblanadi. Pedagogik texnikani yetarli darajada egallagan o‘qituvchining o‘quvchilar bilan muloqotga kirishish mahorati yuqori bo‘ladi. Zarur so‘z va gapni kerakli paytda, talab etiladigan ohangda ishlatish, qanday qarash, imo-ishoralardan tez va aniq foydalanish, eng keskin va kutilmagan pedagogik vaziyatlarda ham osoyishtalik va aniq fikr yuritish, tahlil qilish qobiliyatini saqlab qolish imkonini beradi.
Pedagogik texnika quyidagi tarkibiy qismlardan iborat:
nutq malakalari;
pedagogning mimikasi va pantomimikasi;
o‘z psixologik(ruhiy) holatini boshqara olishi;
aktyorlik va rejissorlik mahorati.
Avvalo, pedagogik texnikaning tarkibiy qismi sifatida pedagogning nutq malakalarini, ya’ni savodli gapirish, nutqini chiroyli va tushunarli, ta’sirchan qilib bayon etish, o‘z fikr va his-tuyg‘ularini so‘zda aniq ifodalash malakalarini aytib o‘tish mumkin. Olimlarning hisoblashlariga ko‘ra o‘quv uchun ajratilgan vaqtning taxminan 1/4 - 1/2 qismi o‘quvchilarning o‘qituvchi nutqini eshitishlari va tushunishlari uchun sarflanadi. Demak, o‘quv materialining o‘quvchilar tomonidan puxta o‘zlashtirilishi o‘qituvchi nutqining kamoloti va yorqinligiga bog‘liq ekan.Duduq, kirish, tovushga taqlid kabi so‘zlarning, masalan “aytaylik”, “xo‘sh”, “anaqa”, “o‘tga-bo‘tga”, “demak” yoki bitta so‘zni ketma-ket uch martagacha takrorlash kabi so‘zlarning o‘rinsiz ravishda ko‘p takrorlanishi o‘quvchilarning ensasini qotiradi. Bunday hol faqat o‘rta maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari orasidagina emas, balki oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari orasida ham uchrashi achinarli hol.
Hozirgi kunda nutq texnikasiga doir mashqlar tizimi ishlab chiqilgan. Bu tizim teatr pedagogikasi tajribalariga tayanadi hamda nutq paytida to‘g‘ri nafas olish, tanaffus va diksiyani so‘zlash kabi ko‘nikmalar o‘quv-metodik majmuasidan tashkil topgan. Mazkur tizimni o‘zlashtirish uchun o‘z ustida muntazam ishlagan har qanday inson, jumladan, yoshlarga ta’lim-tarbiya beruvchi o‘qituvchi va murabbiylar o‘z nutqini to‘g‘rilay oladi.Kishining ovozi, tabiati o‘zgarmas degan fikrlarga qo‘shilib bo‘lmaydi.
Hozirgi zamon fiziologiya fanining dalolat berishicha, ovoz sifatini mutlaqo o‘zgartirish mumkin. Bu tarixiy faktlar bilan ham isbotlangan. Masalan, buyuk notiq Demosfen o‘z duduqligini mashq qilish tufayli yengib, qadimgi Rimning buyuk notig‘iga aylangan.