Mavzu: O’qituvchi faoliyatining mazmuniga qo’yilgan talablar. Pedagogik bilimlar.
Reja: Zamonaviy o’qituvchiga qo’yiladigan talablar.
O’qituvchi kasbining o’ziga xos sifatlari.
Pedagogik qobiliyatlar.
Zamonaviy o’qituvchiga qo’yiladigan talablar. O’qituvchilar o’zlari o‘qitayotgan o‘quvchilarining ruhiyatlariga mos ravishda muloqotda bo‘la olish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallash va o‘quv-tarbiyaviy jarayonda qo‘llay olishi kerak. Bugungi kunda an’anaviy ta’limni zamonaviylashtirish yo’lida birgina texnologiyaga asoslangan o‘qitish uchramaydi. Odatda, o‘qitishda bir necha texnologiyalarning elementlari birdaniga qo‘llaniladi, chunki pedagogik texnologiya – bu o‘quv jarayonini to‘liqligicha egallovchi loyiha, yaxlitlilik, natija, ya’ni o‘quv jarayonini inson va texnik imkoniyatlarini hisobga olgan holda aniq maqsad, natijaga yo‘naltirilgan jarayondir. O‘qituvchi zamonaviy pedagogik texnologiyalarning o‘quv-tarbiya jarayonidagi o‘rni, ulardan foydalanish, shuningdek, usul, metod va texnologiya tushunchalarining farqlay olishlari, “Aqliy hujum”, “Tarmoqlar”(Klaster) “Assesment” metodlari, “Bumerang”, “Skarabey”, “Charxpalak”, “Rezume” “Keys-stadi” va shu kabi texnologiyalar haqidagi bilimlarga ega bo‘lishlari va ulardan o‘quv-tarbiya jarayonida foydalana olishlari lozim. Hozirgi davrda sodir bo’layotgan innovatsion jarayonlarda ta’lim tizimi oldidagi muammolarni hal etish uchun yangi axborotni o‘zlashtiradigan va o‘zlashtirgan bilimlarini o‘zlari tomonidan baholashga qodir bo‘lgan, zarur qarorlar qabul qiladigan, mustaqil va erkin fikrlaydigan shaxslar kerak. Shuning uchun ham ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiyaviy jarayonida zamonaviy o‘qitish uslublari, ya’ni interfaol uslublar, innovatsion texnologiyalarning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Pedagogik texnologiya va ularning ta’limda qo‘llanishga oid bilimlar, tajriba o‘quvchilarni bilimli va yetuk malakaga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi. Har bir darsni yaxlit holatda ko’ra bilish va uni tasavvur etish uchun o‘qituvchi bo‘lajak dars jarayonini loyihalashtirib olishi kerak. Buning uchun u darsning texnologik xaritasi har bir mavzu, har bir dars uchun o‘qitilayotgan predmet, fanning xususiyatidan, o‘quvchilarning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda tuziladi. Hozirgi zamon ta’lim tizimidagi amaliy tajriba shuni ko’rsatadiki, oldindan puxta loyihalashtirilgan dars, albatta, o‘qituvchi va o‘quvchiga darsni qiziqarli bo‘lishi, shuningdek, ijobiy natijaga erishishlariga imkoniyat yaratadi hamda darsning samaradorligini oshiradi.
Jamiyatning bunday kishilariga ishonch ham boshqacha bo`ladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirzoyoyevning 2020-yil 1-oktyabrda “O`qituvchilar va murabbiylar” kuni bilan qilgan ma`ruzasida “Men o`qituvchilarga ishonaman, o`qituvchilar bizning tayyorlovchi fidoiy jonkuyar kishilardir”, deb katta baho berdi. Muallimlik ana shunday kasblardan bo`lganligi uchun o`qituvchi odobi boshqa kasb egalaridan farq qilishi lozim. Bu pedagogik faoliyatning axloqiy xarakteri va o`ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Ta’lim va tarbiya jarayoni o‘sib kelayotgan yosh avlodni jamiyat talablarini o‘zida aks etiruvchi ijtimoiy buyurtma asosida hayotga tayyorlashdan iborat. Ta’lim va tarbiya jarayonida yoshlar ajdodlar tomonidan to’plangan bilim, odob, urf-odat, madaniyat va mehnat ko‘nikmalarini o‘zlashtirishi, hayotiy tajriba asosida jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini egallashi, salohiyati va dunyoqarashining shakllanishida pedagog shaxsi, uning kasbiy mahorati muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunga kelib yoshlarda davr talabidan kelib chiquvchi yangi masala va muammolarni yechish uchun zarur bo‘ladigan sifatlarni shakllantirish pedagogik faoliyat sohasining ustuvor vazifasi hisoblanadi. Buning uchun avvalo, pedagogning o‘zida yangicha bilim berish, o‘zgarib boruvchi mehnat va hayot sharoitlariga muvofiq ijodiy faoliyat bilan shug‘ullana olish ko‘nikmalari tarkib topgan bo‘lishi lozim. Shu nuqtai–nazardan Respublikamizning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov “Tarbiyachilarning o‘ziga zamonaviy bilim berish, ularning ma’lumotini, malakasini oshirish kabi paysalga solib bo‘lmaydigan dolzarb masalaga duch kelmoqdamiz. Mening fikrimcha, ta’lim – tarbiya tizimini o‘zgartirishdagi asosiy muammo shu yerda. O‘qituvchi o‘quvchilarimizga zamonaviy bilim bersin, deb talab qilamiz. Ammo zamonaviy bilim berish uchun, avvalo, murabbiyning o‘zi ana shunday bilimga ega bo‘lishi kerak” deb ta’kidlaydi.
Umuminsoniy va milliy axloqiy fazilatlar barcha kishilar barcha kasb egalari, jumladan o`qituvchi-tarbiyachilar uchun zaruriy, axloqiy fazilatlar mehnat jarayonida kishining xulqi, fe’l-atvorini tartibga soluvchi qoidalar, davlatning turli qonunlari, me`yorlari va normalari bilan shakllanadi. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy voqelik shaxs oldiga ma`lum axloqiy talablar qo`yadi, bu talablar axloq normasi, axloqiy fazilatlar shaklida ifodalanadi. O`qituvchi umuminsoniy va milliy axloqiy fazilatlarni o`zlashtirib olishi, o`z tajribasida qo`llashi o`zining dunyoqarashi va mafkurasi hamda axloqiy tajribasi bilan taqqoslashi lozim. Fikrlash, his etish, turmushda sinab ko`rish natijasida umuminsoniy va millliy, axloqiy sifatlar, qoidalar, normalar, o`qituvchining o`z axloqiy fazilatlariga e`tiqodiga aylanadi. O`qituvchi odobining normalari har bir muallimning shaxsiy fikriga, axloqiy fazilatlariga va e`tiqodiga aylanishi lozim.
Pedagog o`zi tarbiyalayotgan bolaning oldiga shunday maqsad qo`yishi lozimki, bola ham o`sib katta bo`lganidan keyin o`z oldiga shunday maqsadlar qo`ya bilsin. Mana shu bo`lajak maqsadlar:
ro`yobga chiqishi mumkin bo`lgan maqsadlar;
zarur maqsadlar deb ikkiga bo`linishi mumkin.
Odam bir vaqti kelib muayyan ixtisos sohasida o`z oldiga qo`yishi mumkin bo`lgan maqsadlar ro`yobga chiqishi mumkin bo`lgan maqsadlardir. Zarur maqsadlar deb shunday maqsadlarga aytiladiki, bu maqsadlar odamga o`z faoliyatining har qanday sohasida kerak bo`ladi. Mamlakatimizda o`qituvchilar hurmatini qadrlab har tomonlama ular mehnatini e`tiborga olib har tomonlama g`amxo`rlik qilmoqda. Bizning nazarimizda zamonaviy o`qituvchi qiyofasida quyidagi fazilatlar bo`lishi kerak:
O`qituvchi jamiyatda bo`layotgan o`zgarishlar va islohatlar mohiyatini chuqur anglab yetishi lozim
O`qituvchi zamonaviy axborat texnologiyalaridan, yuqori darajada xabardor bo`lishi zarur.
O`qituvchi o`z fani bo`yicha chuqur bilimga ega bo`lishi lozim.
O`qituvchi pedagogika va psixalogiya fanlarini puxta o`zlashtirgan bo`lishi zarur.
O`qituvchi ta`lim-tarbiya jarayonida eng samarali usul va vositalardan foydalana olishi lozim.
O`qituvchi ijodkor, tashabbuskor, tashkilotchi bo`lishi lozim.
O`qituvchilik burchi aql bilan hissiyotning birligidan iborat. Muallim kasbiga nisbatan qo`yiladigan talablarning mohiyati va mazmunini bilsa, uning shaxs va jamiyat uchun muhimligini anglasa, bu vazifalarni bajarish uchun o`zida qobiliyat borligini sezsa, pedagog uchun zarur fazilatlarni tarbiyalash yo`llarini belgilab olsa, shundagina unda kasbiy burch shakllana boshlaydi. Demak, unda burch shakllangan deyish mumkin. O`qituvchining eng muhim burchlaridan biri o`z bilimlarini muntazam oshirib borishdan iboratdir. Muallim o`quvchilarga chuqur nazariy bilimlar berish, uni hayotga, mehnatga tayyorlashi darkor. Shu bilan birga, u boladagi mavjud layoqat va qobiliyatlarni payqab, unda mavjud bo`lgan ijobiy axloqiy fazilatlar o`stirishi lozim. O`qituvchining mas`uliyati uning xulqini tarbiyalashga solib turadigan, boshqaradigan kuch, o`quvchilarga ta`sir o`tkazish darajasining asosiy mezoni hisoblanadi. O`qituvchi odobida yaxshilik fazilatlariga pedagogik faoliyat bilan bog`liq holda, o`qituvchining yaxshilik shaklida aniqlik kiritiladi. Unda o`qituvchi va o`quvchilar jamoasi manfaatlari birligi, muallim va o`quvchi maqsadining birligi, ta`lim va tarbiyaning samarasi uchun kurashning birligi aks etadi. Yaxshilik fazilati muallimning ham, o`quvchilarning ham, ota-onalarning ham yaxshi niyatli, xayrixoh va mehribon bo`lishini taqozo etadi. O`qituvchilik qilayotgan yoki muallimlik kasbini tanlagan kishilar o`z zimmalariga qanchalik yuksak, sharafli mas’uliyat olayotganliklarini tasavvur etishlari lozim.
O`qituvchi odobiga ta’rif berganda tanqidiy tafakkur qonuniyatlari buzib ko`rsatilishi va xatolikka yo`l qo`ymaslik uchun o`qituvchi odobi kasb axloqining bir qismi sifatida o`rganilishi zarur.
O`qituvchi odobining muhum asosiy belgilari qatoriga quyidagilarni kiritish lozim:
Umuminsoniy va mililliy axloqning qonuniyatlari, tamoyillari, tushunchalari va mezonlarida belgilangan talablrga amal qilish;
Pedagogik jarayon va pedagogik faoliyatning o`ziga xos bo`lgan xususiyatlarga binoan ulani oydinlashtirish va aniqlashtirish;
Demak, o`qituvchi odobi umuminsoniy va miliy axloqiy qonuniyatlari, tushunchalari, talablari, mezonlari ta`lim-tarbiya jarayonida oydinlashadi
O`qituvchi odobining xarakterli ijtimoiy taraqqiyotining har bir bosqichida shu jamiyatda mavjud bo`lgan ijtimoiy ehtiyojlari bilan belgilanishi va davlat hujjatlarida ijtimoiy muammo sifatida ifodalanishi;
O`qituvchi odobining maqsadi, mazmun va usullarining birligi;
Yaxlit pedagogik jarayonda jarayonda axloqiy ma’rifat, axloqiy tarbiya va o`qituvchi odobi birligi.
O`qituvchi odobining o`ziga xos xususiyatlari esa quyidagilardan iborat:
o`qituvchilik kasbi va bolalarni sevishi;
o`qituvchi dars beradigan fanni va o`qitish nazariyasi va metodikasini, psixologiya, pedagogik bilimga xos yuksak ma`naviyatga ega bo`lishi;
o`qituvchi shaxsining axloqiy pokligi;
jamiyat oldida burchini his etish, o`quvchilarni ulg`ayib jamiyat uchun foydali kishilar qilib shakllantirish.
Ma’lumki, pedagogik faoliyat – kishi mehnatining eng murakkab sohalaridan biridir. Jamiyat tomonidan qo`yiladigan talablaridan eng muhimi o`qituvchining shaxsi va uning kasbi bilan bog`liq xislatlariga qaratilgan.
O`qituvchining eng muhim shaxsiy xislatlari quyidagilardir:
O`qituvchining o`z Vataniga sodiqligi, bolalarni sevishi, ularni insonparvarlik ruhida tarbiyalash istagi, o`z yurti, ona tili, o`z xalqining tarixi va uning madaniyatini sevishi, davlatning mustaqilligi g`oyasida yashashidan iboratdir;
Ijtimoiy javobgarlikni yuksak darajad his etishi;
Olijanobligi, aql-farosatli, ma’naviy pok;
O`zini qo`lga ola bilishi, sabr-toqattli, bardam, matonatliligidir.
Jamiyatning o`qituvchilik kasbiga qo`yadigan asosiy talablari quyidagichadir:
Keng bilim saviyasiga ega bo`lishi, turli bilimlardan xabardor bo`lishi;
Yosh pedagogik psixiologiya, ijtimoiy psixiologiya va pedagogika, yosh fiziologiyasi hamda makyab gigiyenasidan chuqur bilimlarga ega bo`lishi;
O`zi dars beradigan fan bo`yicha mustahkam bilimga ega bo`lib, o`z kasbi, sohasida jahon fanida erishilgan yangi yutuq va kamchiliklardan xabardor bo`lishi;
Ta’lim va tarbiya metodikasini egallashi;
O`z ishiga ijodiy yondashishi’
Bolalarni bilishi, uning ichki dunyosini tushuna olishi;
Pedagogik taxnikani ( mantiq, nutq, ta’limnig ifodali vositalari) va pedagogik taktga ega bo`lishi;
O`qituvchining o`z bilim va pedagogik mahoratini doimiy ravishda oshirib borishi.
Har bir o`qituvchi ana shu talablarga eng yuqori darajada mos keladigan bo`lishi uchun intilishi kerak. O`qituvchiga jamiyat tomonidan qo`yiladigan talablar, turli xilldagi ijtimoiy kutishlar, pedagogning individualligi, uning, shu tariqa talablarga javob berishga subyektiv tayyorgarligi muayyan o`qituvchining pedagogik faoliyatga naqadar tayyorgarligidan dalolat beradi.
Muhim davlat vazifasini – Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirayotgan zamonaviy maktab o`qituvchisining xislatlari, uning ijodiy faoliyati, asosan, amaliy ishda, pedagogik tajribalarni egallash jarayonida o`sib rivojlana boradi. Shu bilan birga o`qituvchi doimiy ravishda o`z malakasini oshirib, o`z ishining muvaffaqiyatini yuqori darajada ta’minlashga yordam beradigan shaxsiy xislatlarini tarbiyalab borishi zarur. Jamiyat uchun o`qituvchining o`rni va roli beqiyos. Ularning saviyasi jamiyatni yo tubanga, yoki yuksakka olib boradi. Tushunarli bo`lishi kerakki, o`qituvchi –ulkan mas’uliyatli, hur fikrli va o`sib boruvchi bilim egasi. Zamonaviylik uning majburiy sifati, bilimiga qanady talab bo`lsa, unga ham shunchalik qat’iy talab bo`ladi. Ya’ni bilimini bu zamonga muvofiqlashtirib borilmasa, nafi va dollzarbligi kamayib boradi. Demak, keng dunyoqarash, hur fikrlash va zamonaviylik – o`qituvchining majburiy kasb talabi.
O`zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida haqli ravishda ta’kidlaganidek, “... agarki dunyo imoratlari ichida eng ulug`i maktab bo`lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o`qituvchilik va murabbiylikdir, desak, o`ylaymanki, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz”. Darhaqiqat, o`qituvchi, nainki sinf xonasiga fayz va ziyo olib kiradigan, balki ming-minglab murg`ak qalblarga ezgulik yog`dusini baxsh etadigan mo`tabar zotdir.