JINSIY KO‘PAYISH
Bu usul jinssiz ko’payishdan tubdan farq qilib, turlarning evolyutsiyasida muhim biologik ahamiyatga ega. Jinsiy ko’payishda maxsus jinsiy hujayralar, ya’ni gametalar qatnashadi. Jinsiy ko‘payishda qo‘shiladigan hujayralar jinsiy hujayra -gametalar deb ataladi. Gameta grekcha “gamete”-xotin, “gametes”-er degan so‘zdan olingan. Gametalar orasidagi fiziologik farq shundan iboratki, bir gameta urg‘ochi, ikkinchisi esa erkak hisoblanadi.
Gametalar gaploid bo’lib, bir yoki har xil organizmda paydo bo‘lishi mumkin. Ular qo‘shilib bitta hujayra - zigotani vujudga keltiradi va diploid nabor tiklanadi. Yangi organizm bu zigotaning rivojlanishidan hosil bo‘ladi. Agar gametalar bir-biri bilan qo‘shilmasa, yangi organizmni hosil qiluvchi zigota vujudga kelmaydi va ular halok bo‘ladi.
Jinsiy ko‘payish o‘simliklar dunyosining tuban va yuksak vakillari uchun xosdir. O‘simliklarda jinsiy ko‘payish konyugatsiya va kopulyatsiya deb ataladigan ikki tipga bo‘linadi.
Konyugatsiya yo‘li bilan ko‘payishda o‘zaro yaqin turgan ikki hujayraning qarama-qarshi tomonidan maxsus o‘simta hosil bo‘lib, ular bir-biriga qarab o‘sadi. O‘simtalar uchrashishi bilan ular o‘rtasidagi parda erib kanalchani hosil qiladi.
Hujayraning biridagi protoplast ikkinchisiga kanalcha orqali o‘tadi va yadro bilan yadrosi, sitoplazma bilan sitoplazma qo‘shiladi, natijada zigota hosil bo‘ladi. Hosil bo‘lgan zigota ustidan yangi qalin po‘st qoplanadi hamda noqulay sharoitdan o‘zini saqlaydi. Qulay sharoitning hosil bo‘lishi bilan undan yangi organizm vujudga keladi. Bunday ko‘payish ko‘pincha spirogira suv o‘tida uchraydi.
Kopulyatsiya yo‘li bilan jinsiy ko‘payish xologamiya, izogamiya, geterogamiya va oogamiya kabi shakllarida o‘tadi. Kopulyatsiya lotincha so‘z bo‘lib juftlashish degan ma’noni bildiradi.
Eng oddiy usuldagi jinsiy ko‘payishda ba’zi bir hujayrali suvo‘tlarda hujayra maxsus po‘stga ega bo‘lmagani uchun taraqqiyotning ma’lum davrida ushbu hujayra gametalar rolini bajarishi mumkin. Bu usuldagi jinsiy ko‘payish xologamiya deb ataladi.
Izogamiya grekcha so‘z bo‘lib “izos”-teng, “gomeo”- nikohlanaman, degan ma’noni bildiradi. Kattaligi va shakli bir-biridan farq qilmaydigan erkak va urg‘ochi gametalarning xivchini bo‘lib, uning yordamida suvda tez suzib harakatlana oladi.. Ular bir-biri bilan qo‘shilganda xivchinsiz bitta hujayra - zigota hosil bo‘ladi. Bu hujayra keyinroq qalin po‘stga o‘ralib, o‘zini noqulay sharoitdan asraydi. Bunday ko‘payishni yashil suvo‘tlaridan ulotriksda ko‘rish mumkin.
Geterogamiya ham grekcha “geteros” har xil, “gomeo” nikohlanaman degani. Bunda gametalar o‘zining katta-kichikligi bilan bir-biridan farq qiladi. Xivchinli ikkala gameta ham bemalol harakat qiladi. Ularning kichikrog‘i erkak gameta mikrogameta, yirikrog‘i esa urg‘ochi makrogameta hisoblanadi. Mikrogameta makrogametaga nisbatan harakatchan bo‘ladi. Ikkalasi qo‘shilganda zigota hosil bo‘ladi. Ko‘payishning bu xili xlamidomonada yashil suv-o‘tida kuzatiladi.
Oogamiya. Jinsiy ko‘payishning bu shakli oogamiya bo‘lib, grekcha “oog” tuxum, “gomeo”-nikohlanaman degan ma’noni bildiradi. Oogamiyada urg‘ochi gameta yirik va qo‘zg‘almas, erkak gameta esa juda mayda hamda harakatchan bo‘ladi. Urg‘ochi gametaning xivchini bo‘lmaydi, u tuxum hujayra deb ataladi. Spermatozoid yoki sperma deb ataladigan erkak gametaning esa xivchini bo‘ladi. Oogamiya yashil suv o‘tlarida hamda qo‘ng‘ir suv o‘tlaridan fikusda uchraydi. Ko‘pchilik tuban o‘simliklar va barcha yuksak o‘simliklar oogamiya yo‘li bilan ko‘payadi. Urug’li o‘simliklarda erkaklik gametalari harakatchanlik xususiyatini yo’qotgan, shuning uchun ular spermiylar deyiladi.
O‘simliklarda gametaning hosil bo‘ladigan joyi gametangiya deyiladi. Tuban o’simliklarda tuxum hujayra hosil bo’ladigan gametangiy bir hujayrali bo‘lib oogoniy, yuksak o’simliklarda esa ko‘p hujayrali bo‘lib arxegoniy deb ataladi. Erkak gametangiylar har ikkala guruhdagi o’simliklarda ham anteridiy deyiladi.
Agar jinssiz ko‘payishda yangi organizm o‘z irsiy belgilarini bir hujayra (spora) bilan tiklasa, jinsiy ko‘payishda irsiy belgilar ikkita (otalik va onalik) hujayra asosida ifodalaydi. Shuning uchun ham jinsiy hujayralarning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan organizm ikkita moslashuvchi nasliy belgilarga ega bo‘ladi. Bunday organizm noqulay sharoitlarga chidamlidir. Bu uning yer yuzining ko‘pchilik hududlariga tarqalishga sabab bo‘lgan.
Dostları ilə paylaş: |