Mavzu: O‘zbek halq dostoni."Alpomish"dostonidan parcha


O‘zbek adabiyotini davrlashtirish tamoyillari



Yüklə 61,45 Kb.
səhifə2/8
tarix13.06.2023
ölçüsü61,45 Kb.
#129324
1   2   3   4   5   6   7   8
Adabyot maruza matni (2)

O‘zbek adabiyotini davrlashtirish tamoyillari. SHo‘ro davrida milliy adabiyotni davrlashtirish muammosiga ham sog‘lom tafakkur pozitsiyasidan yondashilmay, adabiyotning san’at va estetik hodisa ekanligi hisobga olinmadi. SHuning uchun ham adabiyotning taraqqiyoti to‘lig‘icha jamiyat tarixidagi davrlarga mos keladigan bosqichlardan iborat deb qaraldi. Adabiy shaxsiyatlarga munosabat, badiiy matnlar tahlili va talqini bobida ham sinfiy-partiyaviy yondashuv ustuvor bo‘ldi. Bu nosog‘lom va g‘ayriilmiy yondashuvlarni bartaraf etish, bo‘lajak filologlarning adabiyotshunoslik fanidagi eng so‘nggi va sog‘lom ilmiy qarashlardan xabardorligini ta’minlash uchun ham «O‘zbek mumtoz adabiyot tarixi» kursini tamomila yangicha ilmiy qarashlar tizimiga tayanilgan, adabiyot tarixiga oldingilarga o‘xshamaydigan nuqtai nazardan yondashilgan yo‘sinda o‘rganish va o‘rgatish ehtiyoji paydo bo‘ldi. O‘zbek adabiyotini davrlashtirish tamoyillari va davrlashtirishning mezonlari adabiyotshunoslikda hal qilinishi zarur vazifalardan biridir.
Bizningcha, ma’lum bir adabiy tarixiy jarayonni davrlashtirish uchun asos qilib olish maqsadga muvofiq. Masalan, islomgacha bo‘lgan davrdagi adabiy jarayon islom davridagi adabiyotdan ham mazmunan, ham yaratilish jihatidan farq qiladi. Islomgacha bo‘lgan davrdagi adabiyot diniy oqimlarsiz rivojlanishi mumkin emas edi. Qolaversa, islomdan oldingi adabiy yodgorliklarga tom ma’nodagi adabiyot sifatida qaralmadi, bu davrdagi adabiy yodgorliklarning o‘ziga xos mezonlari borligi va ana shu mezonlar davrlashtirishning asosi bo‘lishi kerakligi bugungi kunda ma’lum bo‘ldi. Islomgacha bo‘lgan bir necha diniy oqimlar bir hududda faoliyat ko‘rsataverdi. Markaziy Osiyoda birin-ketin zardushtiylik, shomonlik, moniylik, buddaviylik oqimlari o‘ziga xos yozma adabiyotni yuzaga keltirdi. Buddaviylik oqimi “Oltun yorug‘”ni, “Maytri smit”ni va buddaviylik she’rlarini, moniylik oqimi “Xuastuanift”ni (Moniylarning tavbanomasi)ni va moniylik she’rlarini yuzaga keltirdi. SHu sababdan islomgacha bo‘lgan turkiy adabiyotni quyidagicha bo‘lish maqsadga muvofiqdir:
SHomonlik oqimidagi qadimgi turkiy adabiyot.
Moniylik oqimidagi qadimgi turkiy adabiyot;
Buddaviylik oqimidagi qadimgi turkiy adabiyot;
Islomgacha bo‘lgan davrdagi yozma adabiyot alohida o‘ziga xosligi sababli bu davrdagi qadimgi turkiy adabiyot bir davrni tashkil qilishi shubhasiz.
Biz ikki jilddan iborat “O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari”ni3 tuzganimizda, o‘zbek adabiyotini davrlashtirish tamoyillarining o‘ziga xos jihatlari, mezonlari, tamoyillari haqida qisqacha so‘z yuritib, o‘zimizning davrlashtirishimizni taqdim qilgan edik. Keyingi izlanishlar natijasida o‘zbek adabiyotini davrlashtirish uchun faqat badiiy asarlarni emas, balki tarixiy-adabiy asarlarni, sof tarixiy asarlar va ularning tarkibida istifoda etilgan ma’lum adabiy janrlarni ham jalb etish lozimligi ma’lum bo‘ldi.
Ammo o‘zbek adabiyotini davrlashtirish uchun faqat turkiy yoki o‘zbek tilidagi asarlarning o‘zi ham kifoya emas. O‘rta Osiyodagi, xususan, Turonzamindagi arab tilidagi adabiyot ham o‘zbek adabiyoti tarixida alohida davrni tashkil qilishi haqida biz o‘z qarashlarimizni ilgari surgan edik.4 Bu davr adabiyotini biz «G‘aznaviylar davri adabiyoti» degan nom bilan atash maqsadga muvofiqligini va buning sabablarini ham tahlil qildik. G‘aznaviylar davlatining o‘z qo‘li ostida olib borgan siyosati ilmiy va madaniy muhitga keskin ta’sir o‘tkazdi. G‘aznaviylar davlatining ilmiy, madaniy va adabiy muhiti X1 asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy merosida namoyon bo‘ladi. Aytish mumkinki, G‘aznaviylar davlatining butun yutuqlari, ilmdagi, adabiyotdagi muvaffaqiyatlarini belgilovchi omil – Beruniyning asarlaridir. Eng muhimi, G‘aznaviylar davlati adabiyotini alohida davr sifatida o‘rganishda Beruniyga tayanish mumkin. Soddaroq qilib aytganda “G‘aznaviylar davri adabiyoti” degan nom ostida alohida davrni Beruniyning badiiy adabiyotga, adabiy janrlarga bo‘lgan munosabati, uning qarashlari belgilaydi. Biz uchun muhimi shu - uning ilmiy faoliyati, G‘aznaviylar sulolasida yaratgan adabiyot va adabiyoshunoslikka oid qarashlari alohida adabiy davr haqida so‘z yuritish imkonini berganidir. SHu bois, birinchi navbatda, “G‘aznaviylar davri adabiyoti”ni alohida adabiy davr sifatida baholar ekanmiz, Beruniyning “Osor ul boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asaridagi adabiy janrlar, adabiyotshunoslikka oid kuzatishlariga, qolaversa, “Hindiston” asarida afsona va rivoyatlarga tayanamiz. SHuningdek, Ibn Sinoning “Tayr”, “Solomon va Ibsol” qissalari ham G‘aznaviylar davri adabiyotining bir qismidir.
Savol tug‘ilishi mumkin: Beruniy bironta asarini o‘zbek tilida yozmagan bo‘lsa, qanday qilib uning tarixiy-etnografik asarlarida keltirilgan adabiy janrlar o‘zbek adabiyotining mulki deb ayta olamiz? Jahon adabiyotida shu qoida ma’lumki, til muammosi har doim ham masalani hal qilavermagan. Masalan, Bibliyaning YAngi Ahd qismini yahudiy xalqi o‘zining mulki, o‘zining badiiy asarlari, madaniy merosi sifatida qadrlaydi. Lekin YAngi Ahd asosan yunon tilida etib kelgan. Ammo yunonlar hech qachon YAngi Ahd muallifligiga da’vo qilgan emaslar. Bunga o‘xshash misollarni boshqa xalqlarning qadimgi adabiyotidan namuna sifatida keltirish mumkin. Biz esa faqat bir misol bilan cheklanamiz.
O‘rta Osiyoda arab xalifaligi hukmronligi davrida turkiy yoki o‘zbek adabiyoti tanazzulga yuz tutdi. O‘rta Osiyoda arab xalifaligi hukmronligi davriga oid turkiy tildagi yozma manbalar yo‘q. Darvoqe, Beruniy O‘rta Osiyoga, xususan, Moavarounnahrga arablar istilosi va uning oqibatlari to‘g‘risida shunday yozadi: “Qutayba Ibn Muslim al- Bohiliy xorazmliklarning kotiblarini halok etib, bilimdonlarini o‘ldirib, kitob va daftarlarini kuydirgani sababli ular savodsiz qolib, o‘z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga suyanadigan bo‘ldilar”.5
Mana shu dalilning o‘zi ham arab xalifaligi davrida Movarounnahrning madaniy holati to‘g‘risida dalolat beradi. Ammo adabiy jarayon to‘xtab qolmadi. YAqin uch asr davomida turkiy adabiyotning markazi Movarounnahrdan tashqarida SHarqiy Turkistonda, Sibir o‘lkalarida yashadi. Islom madaniyatidan xoli bo‘lgani uchun bu adabiyot qadimgi turkiy adabiyotning davomi sifatida yashayverdi.
Arab xalifaligidan keyin paydo bo‘lgan Somoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar sulolalarida vaziyat tamomila boshqacha. Somoniylar sulolasida fors-tojik adabiyoti gullab-yashnadi, Qoraxoniylar davrida garchi arab tili va arab madaniyati asosiy o‘rin egallagan bo‘lsa-da, Beruniyning, Ibn Sinoning badiiy ijod sohasidagi kashfiyotlari bevosita o‘zbek adabiyotiga ham aloqador. Garchi ularning asarlari arab tilida yaratilgan bo‘lsa ham, Beruniyning “Mineralogiya” kitobida keltirilgan hikoyatlar, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asaridagi adabiy parchalar, rivoyatlar, afsonalar, Ibn Sinoning “Tayr” va “Solomon va Ibsol” qissalari o‘zbek xalqining ham adabiy mulki, o‘sha davrdagi adabiy jarayonning holatini ko‘rsatib beradigan manbalardir. SHu bois “G‘aznaviylar davri adabiyoti” davri ham o‘zbek adabiyotining bir bo‘lagi sifatida o‘qitilishi lozim, deb bilamiz.
Sulolalar tarixi davrlashtirishning bir mezoni bo‘lishi mumkin ekan. Bunday holda albatta adabiy jarayonda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi, yangi, takrorlanmas adabiy muhit yuzaga kelishi shart. Mashhur adabiyotshunos N.Mallaev o‘z davrida o‘zbek adabiyotini davrlashtirish haqida so‘z yuritganda, sovet mafkurasi nuqtai nazaridan adabiyot bilan xonlar, sulolalar tarixi va nomi o‘rtasiga qat’iy chegara qo‘ygan edi. U o‘zbek adabiyoti tarixini davrlashtirish tamoyillari va omillari sifatida quyidagilarni ko‘rsatdi: “...adabiyot tarixi xalq tarixining uzviy bir qismi bo‘lib, uni davrlashtirishda, bir tomondan, jamiyatning umumiy taraqqiyot qonuniyatlariga, ikkinchi tomondan, adabiyot taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatlariga asoslanish lozim”.6 N.Mallaevning davrlashtirish tamoyillari bu o‘rinda aniq belgilangan. Darslik muallifi adabiyotshunoslikda erishilgan yutuqlar, xususan, adabiyotni davrlashtirish tamoyillarining eskicha usullari bilan o‘zining davrlashtirish tamoyillari o‘rtasida tamomila farq borligini dalillashga harakat qiladi: “...sovet adabiyotshunosligi o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganish sohasida yo‘l qo‘yilgan xatolarga, jumladan, adabiyot tarixi taraqqiyotini sulolalar yoki podsholarning, xonlarning kelib-ketishlari tarixiga qarab davrlashtirish mayllariga uzil-kesil barham berdi”.7 N.Mallaev ma’lum darajada haq, u sulolalar hukmdorlari bilan adabiy jarayon taqdirini belgilash tarafdori emas va adabiyotni davrlashtirishda ham tamomila bu tamoyildan Sovet davrida voz kechilganini ta’kidladi. Ammo masala boshqa yoqda – adabiy jarayonning ma’lum bir xonlik davridagi o‘ziga xos, takrorlanmas xususiyatlari – adabiy jarayonning yuksalishi yoki tanazzuli, adabiyotga yangicha yondashuv davrlashtirish uchun tamoyil bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qmi? SHubhasiz, ma’lum bir sulolalar va xonliklarning adabiy jarayonni yangi o‘zanga burib yuborgani aniq va bunga misollar ham ko‘p. Bu holatni Qoraxoniylar sulolasida ham, Oltin O‘rda adabiyotida ham, Temuriylar davri adabiyotida ham ko‘rish mumkin. SHu bois biz o‘zbek adabiyotida ma’lum sulolalar davrida o‘ziga xos mezon, tamoyillar, uslub shakllangani uchun, adabiyotni davrlashtirishda sulolalar tarixiga tayanamiz va shu nom bilan ataymiz.
O‘zbek adabiyotining ilk mumtoz va o‘rta asrlar davridagi bosqichlariga nazar tashlasak, yana bir hodisaning guvohi bo‘lamiz. Bu adabiy jarayonning uzluksizligi masalasidir. Adabiy jarayonning uzluksizligini ta’minlaydigan omillar va vositalar ma’lum syujetlar, yoki badiiy tasvir vositalaridir. Aytaylik, qadimgi turkiy adabiyotdan ilk klassik davrga o‘tish jarayonida shunday hodisani kuzatish mumkin. Jumladan, qadimgi turkiy run yozma yodgorliklarini yozma adabiyotning namunasi sifatida tahlil va talqinlar ilk klassik davr adabiyotidan uzilmasdan, obrazlar, badiiy tasviriy vositalari orqali davom etdi. Masalan, “Qutadg‘u bilig” bilan turkiy run yozuvlari o‘rtasidagi aloqalar shundan dalolat beradi. Ikki davr adabiyotining – islomgacha va islomdan keyingi davr adabiyotining o‘rtasidagi uzluksizlik davrlashtirishga aslo halaqit bermaydi. Bu holat esa qadimgi turkiy adabiyotni ikki davrga - islmogacha va islom davridagi adabiyot sifatida chegaralab o‘rganishga imkon berdi.
Qoraxoniylar sulolasi davridagi turkiy adabiyot qadimgi – islomgacha bo‘lgan turkiy adabiyotdan farq qiladi. Garchi bu davrdagi adabiyot qadimgi turkiy tilda davom etgan bo‘lsa ham, adabiyotning mazmun-mohiyati, adabiy ta’sir, janrlar, vazn – xullas, adabiy jarayon nuqtai nazaridan alohida davr sifatida ajratilishini taqozo etadi.
Mo‘g‘ullar istilosi Markaziy Osiyoning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotiga jiddiy salbiy ta’sir etdi. Bu haqda aytib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylaymiz. Ammo mo‘g‘ul istilosining, birinchi navbatda, mo‘g‘ullarning o‘zlari uchun, ikkinchidan, O‘rta Osiyo turkiy qavmlari uchun ijobiy tomonlari ham bo‘ldi. Mo‘g‘ullar uchun ijobiy tomoni shunda bo‘ldiki, na davlat tizimiga, na davlat boshqaruvi tizimiga, na turmush madaniyatiga ega bo‘lmagan xalq O‘rta Osiyoga kelib, hamma narsani – davlat tuzilishini ham, davlat boshqaruvini ham, turmush madaniyatini, jumladan, yozuv madaniyatini ham o‘rgandi. Ikkinchidan, adabiy jarayon tamomila boshqa o‘zanga tushdi. Erli xalqning ehtiyojlarini birinchi navbatda e’tiborda tutgan mo‘g‘ul xonlari turkiy tildagi adabiyotga e’tibor berdilar. Ayniqsa, Oltin O‘rda davlati turkiy tildagi, aniqrog‘i, evropaliklar “chig‘atoycha” deb ataydigan eski o‘zbek tilidagi adabiyot taraqqiyotiga e’tibor qaratdilar. Oltin O‘rda davlatining poytaxti Saroy shahrida adabiy muhit yuzaga keldi. Qul Ali, Mahmud Ali ibn as-Saroyi, Xorazmiy, Rabg‘uziy, Qutb va boshqa qator ijodkorlar Oltin O‘rda adabiy muhitini yuzaga keltirdilar. Misr mamluklar davlatidagi turkiy adabiyot ham bevosita Oltin O‘rda adabiyotining davomidir.
Oltin O‘rda qulagandan so‘ng, ijtimoiy-siyosiy hayot bilan birga, adabiy, madaniy va ilmiy hayot ham o‘zgardi. Adabiy hayotdagi o‘zgarishlar Temuriylar davri adabiyotini yuzaga keltirdi.
YUqoridagi qisqacha sharhlardan shu narsa ayon bo‘ladiki, adabiy jarayonning o‘zgarishi va taraqqiyoti bevosita va bilvosita sulolalar tarixiga ham, sulolalar o‘zgarishi bilan yuzaga kelgan adabiy va madaniy muhitga ham bog‘liq ekan. Qolaversa, o‘zbek adabiyoti har bir davrda o‘ziga xos kategoriyalarga – muallif pozitsiyasiga, mavzuga, g‘oyaga, muammoga, uslubga va h.larga ega bo‘lib, sulolalar tarixi bu kategoriyalarning paydo bo‘lishi va shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Adabiy jarayondagi ana shu kategoriyalarni inobatga olgan holda, XV asrgacha bo‘lgan o‘zbek adabiyoti tarixini quyidagicha davrlashtirib o‘rganish maqsadga muvofiq, deb qaraymiz:
1.Islomgacha bo‘lgan turkiy adabiyot:
a) Buddaviylik oqimidagi turkiy adabiyot
b) Moniylik oqimidagi turkiy adabiyot
v) SHomonlik oqimidagi turkiy adabiyot
2. G‘aznaviylar davri adabiyoti
3. Qoraxoniylar davri turkiy adabiyoti
4. Oltin O‘rda davri o‘zbek adabiyoti
5. Temuriylar davri o‘zbek adabiyoti
Umuman, adabiy jarayonni davrlashtirishda asar yozilgan davrdagi lisoniy muhit bosh o‘rin tutib qolmasligi lozim. Ijodkor yashagan ijtimoiy muhit, adabiy kategoriyalarning har bir davrda o‘ziga xosliklari va badiiylik tamoyillari asosiy mezon bo‘lishi kerak. Zotan, yuqorida aytib o‘tganimizdek, sulolalar tarixi ayni ana shu mezonlarga zamin yasaydi.
Biz o‘zbek adabiyoti tarixini XV asrgacha qaysi omillarga ko‘ra davrlashtirish lozim degan savolga javob tariqasida yuqoridagi fikrlarni o‘rtaga tashladik. Abdurauf Fitrat, Ko‘prulizoda, Miyon Buzruk kabi ulug‘ olimlarning o‘zbek adabiyoti (chig‘atoy adabiyoti)ni davrlashtirish haqidagi qarashlariga to‘xtalmadik. Ularning o‘zbek adabiyotini davrlashtirishiga munosabatimiz boshqa ishimizda o‘z aksini topgan.8

Yüklə 61,45 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin