Mavzu: O’zbek tilining imlo qoidalari asosida mutaxassislikka oid matn tuzish
O‘zbekiston Respublikasi mustaqil deb e’lon qilinganidan so‘ng lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosini yaratish masalasi kun tartibiga chiqqanligini bilamiz. Rasmiy yozuvda qaysi alifbodan foydalanish masalasi bir yarim yil umumxalq muhokamasida bo‘ldi. Markaziy gazeta va jurnallar muhokama maydoniga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi sessiyasida lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosini yaratish yuzasidan ishchi guruh tuzildi. Nihoyat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 2-3-sentabrdagi 12-chaqiriq 13-sessiyasida lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga o‘tish to‘g‘risida qonun qabul qilindi.
Bu xususda metodist olim Yo‘ldosh Abdullayev shunday yozgan edi: “Qarorga binoan, yangi o‘zbek alifbosini joriy etish bo‘yicha respublika davlat komissiyasi tashkil etildi. Yangi alifbo asosidagi o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini ishlab chiquvchi guruh tuzildi (kamina ham guruhning a’zosi edim) va 1993-yilning dekabr oyidan ish boshladi”.
Tabiiyki, alifbo yangilangach unga mos yozuv qoidalarini ishlab chiqishga ham ehtiyoj tug‘iladi. “O‘zbek tilining (lotin yozuviga asoslangan yangi alifbo asosidagi) asosiy imlo qoidalari” loyihasi 1994-yil 16-aprelda ilk bor Toshkentda o‘tkazilgan ziyolilar yig‘inida ko‘rib chiqildi. O‘sha davrda “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” loyihasi matbuotda e’lon qilindi, turli ma’naviy-ma’rifiy yig‘inlarda yurt ziyolilari tomonidan qizg‘in muhokama etildi va bildirilgan jo‘yali fikr-mulohazalar inobatga olinib, loyiha bir necha bor tahrir qilindi.
1995-yil 24-avgustda Vazirlar Mahkamasining 339-qarori bilan lotin yozuviga asoslangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” 7 bo‘lim, 82 moddadan iborat holatda rasmiy tasdiqlandi va keng amaliyot uchun joriy etildi.
Ta’kidlash joizki, bu o‘zbek xalqining ma’naviy-ma’rifiy hayotida o‘ziga xos hodisa bo‘ldi. Chunki o‘zbek xalqi tarixida bor-yo‘g‘i ikki marta orfografiya qoidalari qabul qilingan, xolos. Jumladan, 1940-yilning 4-iyulida kirill alifbosi hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi va shu yilning o‘zida “Birlashgan o‘zbek alfaviti va orfografiyasi” to‘plamida e’lon qilinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kirill imlo qoidalari bir necha marta qayta ishlangan, 1952-, 1953-, 1955-yillarda loyiha tarzida besh marta qayta nashr qilingan, nihoyat 1956-yilning 4-aprelida o‘sha davr hukumati tomonidan kirill alifbosiga asoslangan “O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” tasdiqlangan. Bu qoidalar 72 moddadan iborat edi. Ta’kidlash joizki, hozir ham agarda kirill yozuvidan foydalanish zarurati paydo bo‘lsa, albatta, yozuvimiz shu 72 modda talablariga bo‘ysundirilishi kerak. Ikkinchi marta esa 1995-yil 24-avgustda Vazirlar Mahkamasining 339-qarori bilan “Lotin yozuviga asoslangan imlo qoidalari” qabul qilindi. Bugungi kun talablari hamda belgilangan huquqiy asoslarga ko‘ra butun jamiyat mana shu — “Lotin yozuviga asoslangan imlo qoidalari” asosida ish ko‘rishi zarurligi ham hammamizga kundek ravshan. Demak, qariyb 25 yildan beri shu qoidalarga binoan ish yuritilmoqda. Lekin mazkur imlo qoidalari bilan amaldagi grammatika ma’lumotlarida jiddiy farqlar borligini payqamaslikning iloji yo‘q.
Barchamizga ma’lumki, “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo‘limga ajratilib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun umumiy 3 ta fan: ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi majburiy blok sanalishi belgilab qo‘yildi (koronavirus pandemiyasi tufayli qarorning bu talabi kechiktirildi).
Ona tili fanidan majburiy imtihon topshiriladigan bo‘lishi, fanni o‘rganishga bo‘lgan talabni kuchaytiradi. Abituriyentlarga ona tilidan test savollari nafaqat darsliklar asosida, balki imlo qoidalari asosida tushishi ham tabiiy hol. Grammatika va uning tarkibida imlo qoidalarini o‘rganayotgan o‘quvchilar va abituriyentlar yillar o‘tgani sayin takror-takror chalg‘ib kelayotganlari ko‘pchilikka sir emas. Bunga sabab, ta’kidlaganimizdek, imlo qoidalari va grammatikadagi o‘zaro tafovutlardir.
Jumladan, “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning “Qo‘shib yozish” bo‘limi 38-moddasida: “Xona, poya, noma, bop, xush, ham, baxsh, kam, umum, rang, mijoz, sifat, talab kabi so‘zlar yordamida yasalgan qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar qo‘shib yoziladi: qabulxona, tabriknoma, taklifnoma, bedapoya, ommabop, xushxabar, hamsuhbat, orombaxsh, kamquvvat, bug‘doyrang, umumxalq, sovuqmijoz, devsifat kabi” deyilgan. Lekin “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsliklarida, o‘quv qo‘llanmalarda bu birliklar affiksoid(so‘z shaklidagi qo‘shimcha)lar sifatida beriladi.
Tilshunos Shavkat Rahmatullayev “O‘zbek tilining yangi alifbosi va imlosi” kitobida imloning shu o‘rniga biroz izoh bergandek bo‘lgan: “… 38-paragraf asli amaldagi imlo qoidalaridagi 53-paragrafdan ajratib olindi (qo‘shma so‘zlar imlosi paragrafiga o‘tkazildi). Joriy etilayotgan imlo qoidalarida qo‘shma so‘z yasashda qatnashadigan va qo‘shib yoziladigan bunday so‘zlar deyarli to‘liq sanaldi. Amaldagi qoidalarda bop, do‘st, noma, xona, xush, ham, kam so‘zlari keltirilgan bo‘lib, joriy etilayotgan qoidalarda shular qatoriga poya, baxsh, umum, rang, mijoz, sifat, talab so‘zlari kiritildi (do‘st so‘zi negadir tushib qolgan D.N). Xullas, qo‘shma so‘z hosil qilishda qatnashib, qo‘shib yoziladigan so‘zlar miqdori to‘ldirildi. Bunday qo‘shma so‘zlar imlosi yangi imlo qoidalari sifatida o‘rganilishi kerak.”
Shavkat Rahmatullayev 38-moddadagi so‘zlar qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar hosil qilishini yozgan, biroq “Hozirgi adabiy o‘zbek tili” kitobida bu mulohazaga qarama-qarshi fikrlarga duch kelamiz. Chunonchi, “Affiksoid deb asli leksik birlik bo‘lib, keyinchalik xuddi affiks kabi grammatik ma’no ifodalashga xizmat qilib, affiks kabi bir necha leksemalarga qo‘shilib kelish xususiyatiga ega bo‘lgan birlikka aytiladi (lot. affixoid — affiksga o‘xshash). Masalan, lug‘atimizda xona leksemasi mavjud (katta xona kabi), shu bilan birga -xona affiksoidi ham mavjud (ishxona, oshxona, choyxona kabi); noma leksemasi ham (vassalom, noma, tamom kabi), -noma affiksoidi ham (taklifnoma, aybnoma, ruxsatnoma kabi)mavjud”.
Shuningdek, yana bir olim Azim Hojiyev “O‘zbek tili so‘z yasalishi tizimi” kitobida shunday fikrlarni bayon etadi: “-xona, -goh qo‘shimchalari garchi sermahsul bo‘lmasa-da, har holda o‘z vazifasini to‘xtatmagan, ular bilan yangi so‘z yasash jarayoni davom etmoqda, binobarin, ular mahsulli affikslardir.
-xona affiksi. Bu affiks (affiksoid) so‘z yasalish asosidan anglashilgan narsa bilan bog‘liq holda amalga oshiriladigan ish-faoliyat joyini bildiruvchi otlar yasaydi: darsxona, ishxona, to‘yxona, somsaxona, qurtxona kabi. -xona affiksining xuddi shu xususiyati asosida keyingi vaqtlarda vakolatxona, elchixona, grimxona, konsulxona, pochtaxona, tug‘ruqxona, qabulxona, qo‘riqxona, hushyorxona, tajribaxona kabi so‘zlar yasaldi.
-noma affiksi. Bu so‘z yasovchi “yozilgan narsa”, “xat”, “hujjat” kabi ma’noli noma so‘zidan kelib chiqqan. Shu ma’nosi bilan noma so‘zi qo‘shma so‘z yasash uchun ham qo‘llangan: sayohatnoma, Boburnoma, O‘g‘uznoma va b.
...lekin nima uchundir keyingi vaqtlarga qadar yaratilgan ilmiy ishlarda, jumladan, darslik va qo‘llanmalarda ot yasovchilar qatorida -noma so‘z yasovchisi berilmagan. ...Shuningdek, taklifnoma, tabriknoma, ruxsatnoma kabi so‘zlar tarkibidagi ...noma...ning affiks ekaniga shubha yo‘q”.
Bir-biriga qarama-qarshi bu kabi ma’lumotlar kishini chalg‘itadi. Xo‘sh, amaldagi imlo qoidalariga ko‘ra sanab o‘tilgan ishxona, oshxona, choyxona, taklifnoma, tabriknoma, ruxsatnoma kabi so‘zlar qo‘shma otlarmi yoki amaldagi o‘zbek tili grammatikasiga ko‘ra bular sodda yasama so‘zlar sanaladimi?
Fikrimizcha, noma shaklini fors-tojik tilidan o‘zlashgan “yozilgan narsa”, “xat”, “hujjat” ma’noli leksema sifatida qabul qilingan (imlo qoidalaridagi) fikrga tayanib taklifnoma — “biror bir joyga taklif etish xati”, tabriknoma — “qutlab yozilgan xat”, ruxsatnoma — “biror narsa yoki faoliyat uchun ruxsat berish xati” tarzida qabul qilsak, mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi.
Endi sifatlar haqidagi qoidaga e’tibor qaratsak, ‘‘Hozirgi o‘zbek tilining taraqqiyoti jarayonida so‘z yasash vazifasi kengaygan va yangi sifat yasalishida qo‘llanilayotgan mahsulli affikslar quyidagilar: “-kor, -dor, -ser, -chan, -siz, -no, kam, -g‘ayri, -gi, -lik, -iy/ -viy, - ma, -simon, -ham, -xush”.
Azim Hojiyev -kam, -ham, -xush so‘z sifatida emas, balki so‘z yasovchi sifatida qo‘llanilishini quyidagicha izohlaydi: ‘‘Masalan, kamunum so‘zining so‘z yasalish tarkibi kam + unum qismlaridan iborat bo‘lib, uning ma’nosi shu qismlari ma’nosi asosida yuzaga keladi. Kamhosil so‘zi serhosil so‘zi bilan, hamkurs so‘zi kursdosh so‘zi bilan qiyoslansa, kam va ham so‘zlarining ser- va – dosh affikslariga ma’nodosh (vazifadosh) ekanini — so‘z yasovchi ekanini sezish qiyin bo‘lmaydi”.
Azim Hojiyev kam, xush, ham, bop, kam bilan yasalgan so‘zlar tilimizga tojik tilidan o‘zlashganligi, ular o‘zbek tilining yasama so‘zlari emasligini isbotlab bergan. Bunday so‘zlar o‘zbek tilining o‘zida yasalmaganligi uchun ayrimlari ma’nosini tarkibiy qismlari ma’nosidan keltirib chiqarib bo‘lmaydi. Masalan, xushvaqt, kamomad, hamnafas so‘zlari.
Bu kabi “kemtiklik”lar imloning 31-moddasi (“Yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi”) 2-qismi(metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi o‘zlashma so‘zlar oxirida bir undosh aytilsa ham, ikki harf yoziladi. Lekin bunday so‘zlarga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qo‘shilsa, so‘z oxiridagi bir harf yozilmaydi: metall+metallar, kilogram+mi=kilogrammi kabi)da ham uchraydi. Chunki kilogramm, metall so‘zlariga III shaxs egalik qo‘shimchasini qo‘shib ko‘raylik-chi, mantiq qay darajada o‘zgaradi? Yoki qo‘shma ravishlar imlosida qaysi qoidaga rioya etgan ma’qul?..
Bu kabi e’tirozli o‘rinlar yana topiladi. Bugun o‘quvchilar va abituriyentlarga dars berayotgan repetitorlar hamda fan o‘qituvchilarining aksariyati o‘z qo‘llanmalari asosida dars o‘tishlari urfga aylangan. Qaysidir o‘qituvchi imlo qoidalaridan kelib chiqib ish tutsa, boshqalari taniqli olimlar fikri bilan ish olib boradi. Ularning oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kirib, talaba bo‘lgan o‘quvchilari esa o‘zbek filologiyasi yo‘nalishida(mutaxassislik fanlaridan) o‘qish davomida “yap-yangi grammatika”ga duch keladilarki, endi grammatika hamda imlo muammosi globallashib boraveradi va “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida nega yaxshi mutaxassislar yetishmaydi?” degan savolli vaziyatni yuzaga keltiraveradi.
Taniqli adibimiz Abdulla Qahhor shunday degan edi: “Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?”.
Darhaqiqat, bugun ona tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar, abituriyentlar va o‘qituvchilar uchun ham chalkashliklarni keltirib chiqarayotgan holatlarga barham berish (“hushtak chalish”) vaqti allaqachon kelgan.
Har bir narsa o‘z yaratilgan davrining talablariga javob bera oladi, lekin vaqt o‘tishi bilan uni yangilash, zamon talablariga moslashtirishga to‘g‘ri keladi. Demak, imlo qoidalarini ham isloh qilish kerak. Chunki globallashuv davri juda ko‘p sohalarda tub o‘zgarishlar, yangilanishlarni talab etayotgan bir paytda imlomizda ham “kemtiklik”lar to‘ldirilishi, tuzatilishi juda muhim.
Dostları ilə paylaş: |